O‘zbekistonda uylar qurilishi 2 barobarga ko‘paytiriladi
Jamiyat
−
20 noyabr 3714 2 daqiqa
O‘zbekistonda 2040 yilga qadar har yili qurilayotgan uy-joylar soni ikki baravarga oshiriladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan bugun, 20 noyabr kuni imzolangan “O‘zbekiston Respublikasida uy-joy va ipoteka bozorini barqaror rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida so‘z boradi.
Ushbu farmon uy-joy sohasining barqaror rivojlanishini ta’minlash, uy-joy qurilishi va uni sotib olishning muvozanatlashgan tizimini shakllantirish, mavjud talab va ehtiyojlarni inobatga olgan holda, uy-joy qurilishi hajmini belgilash va sohada davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, shuningdek, barqaror iqtisodiy o‘sish, aholi sonining ortib borishi va urbanizatsiya jarayonlaridan kelib chiqib, har bir fuqaro uchun qulay yashash sharoitlarini yaratish maqsadida qabul qilingan.
Farmonning asosiy maqsadi etib Uy-joy sohasini barqaror va muvozanatli rivojlantirishni ta’minlash, 2040 yilga qadar har yili qurilayotgan uy-joylar sonini ikki baravarga oshirib, 421 mingtaga olib chiqish, ipoteka krediti portfelini 10 baravardan ortiq ko‘paytirgan holda, 56,7 mlrd AQSH dollariga yetkazish belgilangan.
Shuningdek, quyidagilar uy-joy sohasini barqaror va muvozanatli rivojlantirishning asosiy ustuvor yo‘nalishlari hisoblanadi:
- Yirik aglomeratsiyalarda uy-joy fondining o‘sishi va shahar muhitini rivojlantirishni ta’minlagan holda, urbanizatsiya jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash;
- aholining uy-joy sharoitlarini yaxshilash va “Yangi O‘zbekiston” massivlarini barpo etish ishlarini izchil davom ettirgan holda, uy-joy fondida zamonaviy uy-joylar ulushini 2040 yilga qadar 50 foizga yetkazish;
- uy-joy bozoriga bank moliyasi va institutsional investorlar mablag‘larini, shu jumladan, ipoteka kreditidan foydalangan holda jalb etish;
- ulushli qurilishga sarmoya kiritayotgan jismoniy shaxslarning huquqlarini himoya qilish;
- uy-joy qurilishi sohasini “Uy-joyning yagona hayotiy sikli” tamoyili asosida kompleks isloh qilish va uni amalga oshirishdagi to‘siqlarni bartaraf etish.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda ko‘p qavatli uylarni ta’mirlash uchun 244 mlrd so‘m mablag‘ ajratilishi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi