O‘zbekistonning ilk elchisi Monako Knyaziga ishonch yorliqlarini topshirdi
Jamiyat
−
09 Oktabr 2070 2 daqiqa
2025 yilning 7 oktyabr kuni O‘zbekistonning Monako Knyazligiga yangi tayinlangan birinchi Favqulodda va muxtor elchisi (qarorgohi Parij shahrida joylashgan) Nodir G‘aniyev Knyaz Albert II ga ishonch yorliqlarini topshirdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, tantanali marosimdan so‘ng bo‘lib o‘tgan muloqot chog‘ida Albert II O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida amalga oshirilayotgan islohotlarning borishini yuqori baholagan.
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilishga sodiqligi bilan tanilgan Monako Knyazi O‘zbekistonda qayta tiklanadigan energetika bo‘yicha yirik loyihalarni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini bildirib, yashil iqtisodiyotga o‘tish borasidagi sa’y-harakatlarni va 2030 yilgacha qayta tiklanadigan energiya manbalaridan elektr energiyasining 54 foizini ishlab chiqarish maqsadini e’tirof etgan.
Monako Knyazi O‘zbekistonni joriy yilning oktyabr-noyabr oylarida Samarqand shahri UNESCO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasiga mezbonlik qilishi bilan samimiy tabriklagan. U mazkur nufuzli tadbir O‘zbekistonning xalqaro hamjamiyatga ochiqligi, tashqi siyosiy faoliyatining yorqin ifodasi ekanini alohida ta’kidlagan.
O‘zbekiston elchisi, o‘z navbatida, O‘zbekiston-Monako munosabatlarini yanada rivojlantirish uchun barcha sa’y-harakatlarini amalga oshirishini bildirgan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston va Monako o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar 2013 yil 29 noyabrda o‘rnatilgan.
Nodir G‘aniyev O‘zbekistonning Fransiyadagi elchisi etib tayinlangan va 2024 yil sentyabr oyida Prezident Emmanuel Makronga ishonch yorliqlarini topshirgan edi. Diplomat shu yilning may oyidan buyon O‘zbekistonning Portugaliyadagi elchisi lavozimida ham ishlab kelmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonning Janubiy Afrika Respublikasidagi birinchi Favqulodda va muxtor elchisi Ashraf Xo‘jayev Pretoriya shahrida joylashgan Sefako Makgato prezident mehmonxonasida Prezident Siril Ramafosaga ishonch yorliqlarini topshirgandi.
Live
Barchasi