O‘zboshimchalik bilan qurilgan uylarni rasmiylashtirishning yangi tartibi joriy etiladi

Jamiyat

image
O‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalarini rasmiylashtirish uchun qancha to‘lov qilish kerak? north_east

O‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalarini rasmiylashtirish uchun qancha to‘lov qilish kerak?

O‘zbekistonda fuqarolarga qurilish uchun ajratilgan yer uchastkalarida barpo etilgan, shu jumladan, o‘zboshimchalik bilan qurilgan uy va inshootlarni rasmiylashtirish hamda ularni yagona tartibda hisobga olish bo‘yicha yangi mexanizm joriy etilishi mumkin. Bu haqda 2 dekabr kuni iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan “Ajratilgan (realizatsiya qilingan) yer uchastkalarida qurilgan bino va inshootlarni tizimli hisobga olishni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hukumat qarorida so‘z boradi.

Qayd etilishicha, mazkur hujjat “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga, shuningdek, ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonun ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan.

Qaror loyihasiga ko‘ra, qonun doirasida tashkil etilgan ishchi guruhlar barcha turdagi ko‘chmas mulklarni xatlovdan o‘tkazadi, bu jarayon uchun yer uchastkasi egalaridan ariza talab etilmaydi. Ajratilgan yoki realizatsiya qilingan yer uchastkalarida o‘zboshimchalik bilan qurilgan uy va inshootlar haqidagi ma’lumotlar “E’tirof” axborot tizimiga kiritiladi.

Kadastr agentligi tomonidan foydalanishga ruxsat berilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlar belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.

Shuningdek, xatlov jarayonida o‘zboshimchalik qurilish holatlari aniqlansa, fuqarolarga uy va inshootlarni qanday tartibda rasmiylashtirish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib boriladi.

Xatlov ishlari tugaganidan keyin uch oy ichida qurilish uchun ajratilgan yer maydonlaridagi o‘zboshimchalik bilan barpo etilgan uy-joylar rasmiylashtirilmasa, bu ob’ektlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar Kadastr agentligi tomonidan Soliq qo‘mitasiga, Qurilish va uy-joy-kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan esa tegishli nazorat inspeksiyalariga taqdim etiladi.

Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasining joriy yilning 27 may kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonunini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar haqida”gi qarori bilan O‘zbekistonda ob’ektlarning murakkabligi va turiga qarab ularning kadastr pasportlarini tayyorlash muddati uzaytirilgandi.

 


Maqola muallifi

Teglar

qurilish Kadastr O'zboshimchalik er uchastkalar er uchastka

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing