Vengriyada favqulodda holat rejimi uzaytirildi
Olam
−
21 Oktabr 5922 2 daqiqa
Bugun, 21 oktyabr kuni Vengriya parlamenti mamlakatda favqulodda holat rejimini yana olti oyga – 2026 yil 13 maygacha uzaytirdi. Ushbu qaror Ukrainadagi qurolli mojaroga bog‘liq holda qabul qilindi. Bu haqda parlament saytida xabar berildi.
Parlamentdagi ovoz berish jarayoni qonunchilik organi saytida jonli efirda namoyish etilgan. 127 deputat qarorni qo‘llab-quvvatlagan, 56 nafari esa qarshi chiqqan. Favqulodda holat rejimi Bosh vazir va hukumatga ayrim qarorlarni parlament muhokamasiz, tezlashtirilgan tartibda farmon va qarorlar orqali qabul qilish imkonini beradi. Hukmron “FIDES – Venger fuqarolik ittifoqi” partiyasi va uning ittifoqchisi – Xristian demokratlar an’anaviy tarzda hujjatni qo‘llab-quvvatlagan, muxolifat esa uni tanqid qilgan.
Vengriya hukumati ilk bor favqulodda holatni 2022 yilning may oyida, Ukrainadagi voqealar sababli 180 kun muddatga e’lon qilgan. Shundan buyon u olti marta uzaytirilgan.
“Ukrainadagi mojaro uch yildan ortiq davom etmoqda va Vengriyadagi vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Uning oqibatlari bizning kundalik hayotimizning bir qismiga aylandi, bu esa favqulodda huquqiy tartibni saqlash zarurligini yaqqol ko‘rsatadi”, deydi Adliya vazirligi davlat kotibi Robert Repashi parlamentdagi chiqishida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumat favqulodda holatni yana yarim yilga cho‘zishni zarur deb hisoblaydi. Shu sababli 2026 yilning apreliga rejalashtirilgan parlament saylovlari favqulodda holat sharoitida o‘tadi.
Ma’lumot uchun, Vengriyada bunday tartib ilk bor 2020 yilda pandemiya sababli joriy etilgan. Hukumat o‘shanda mamlakatni samarali boshqarish uchun kengroq vakolatlarni so‘ragan, bu esa muxolifat va Yevropa Ittifoqi rahbariyatining tanqidiga sabab bo‘lgan. Biroq Viktor Orban hukumati tomonidan favqulodda holat davrida hech qanday qonunbuzarlik aniqlanmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Oliy Radasi mamlakatda harbiy holatni 17-marta uzaytirgan edi. Deputatlar harbiy holat va safarbarlikni yana 90 kunga cho‘zish uchun ovoz bergan. Shu tariqa, Ukrainada harbiy holat va umumiy safarbarlik 2026 yil 3 fevralgacha amal qiladi.
Live
Barchasi“Samarqand darvoza”da Tahoe yonib ketdi
19 dekabr