Yadroviy taranglik. Qurollar sinovi urushni tezlatadimi?
Tahlil
−
03 noyabr 4246 7 daqiqa
So‘nggi kunlarda jahon yetakchilarining butun dunyoni tosh davriga qaytarib qo‘yishi mumkin bo‘lgan “o‘yinchoq”larini birin-ketin sinovdan o‘tkazishni boshlagani haqida yangiliklar tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Dunyo xuddiki oxir zamon urushiga tayyorlanayotgandek qurollanish poygasini boshlaganga o‘xshaydi.
Bir tomonda Rossiya o‘zining yadro qurollarini sinovdan o‘tkazib, qudratini ko‘z-ko‘z qilsa, yana bir tomonda AQSH o‘z arsenalining qay darajada boy ekanligi bilan maqtanyapti, dunyoning yana bir boshqa burchagida esa Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In “men ham shu yerdaman”, degandek, o‘zining “sirli qurol”lari bilan dunyo hamjamiyati e’tiborini o‘ziga qaratmoqchi bo‘ladi.
Shu o‘rinda bir savol paydo bo‘ladi – yadroviy urush aslida qanchalik yaqin?
O‘yinda kimlar bor?
AQSHning Tomahawk’ni Ukrainaga berish tahididi ortidan boshlangan arsenallar “festivali”, joriy yilning 26 oktyabr kuni Rossiyaning yadroviy energiya bilan ishlaydigan “Burevestnik” qanotli raketasini sinovdan o‘tkazganligi to‘g‘risida xabarlar tarqalishi bilan boshlandi, desak bo‘ladi.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Birlashgan habiy kuchlar guruhi markaziga tashrifi mobaynida Bosh shtab rahbari Valeriy Gerasimov ba’zi tafsilotlarni aytib o‘tgan. Gerasimov 21 oktyabrdagi sinovlar muvaffaqiyatli o‘tgani va “Burevestnik” tahminan 15 soat uchgani, ammo, bu hali chegara emasligini aytgan.
.jpg)
“Raketaning texnik xususiyatlari uni istalgan masofadagi yuqori darajada himoyalangan ob’ektlarga aniq zarba berish imkonini beradi”, dedi u.
Albatta, Rossiyaninng bunday shovqin ko‘tarishiga javoban AQSH ma’muriyati ham jim qarab o‘tirmadi. 30 oktyabrda Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilingan ma’lumotga ko‘ra, AQSH Prezidenti Donald Tramp Mudofaa vazirligiga yadroviy sinovlarni boshlashni buyurgan.
“Qo‘shma Shtatlar boshqa har qanday davlatga qaraganda ko‘proq yadroviy qurolga ega. Bunga, jumladan, mavjud qurollarni to‘liq yangilash ishlariga mening birinchi prezidentlik muddatim davomida erishildi… Rossiya ikkinchi, Xitoy esa uchinchi o‘rinda, lekin hatto 5 yil ichida ham shunday bo‘ladi”, deb yozadi Tramp.
Ammo, Arms Control Association yoki ICAN kabi rasmiy manbaalarda hanuz Rossiya yadroviy qurollarga egalik qilish bo‘yicha birinchi o‘rinda turibdi. O‘z navbatida, bu 1968 yilda imzolangan “Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi pakt”ning 2-moddasiga xilof holda yadro qurolini ko‘paytirish jinoyati yoki Trampning doimgidek baland-parvoz bayonoti bo‘lishi mumkin.
Trampning bu buyrug‘i xalqaro doirlarda keng noroziliklarga sabab bo‘ldi. Xitoy Tashqi ishlar vazirligi voizi Go Szyakun va Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov tomonidan tezkor munosabat bildirildi.
“Xitoy AQSHning Yadro sinovlarini to‘liq taqiqlash to‘g‘risidagi shartnoma (CNTBT) bo‘yicha o‘z majburiyatlariga va yadro sinovlariga qo‘yilgan moratoriyni vijdonan bajarishiga umid bildiradi”, deydi Xitoy Tashqi ishlar vazirligi vakili Go Szyakun.
Rossiya tomoni esa “Kreml Rossiya va AQSH o‘rtasida qurollanish poygasining yangi bosqichi boshlanganiga ishonmaydi”, deb ta’kidlagan.
Qurollanish poygasining qayta boshlanishini istamaydigan Rossiya hukumati SSSR qurol omboridan eski “o‘yinchoq”larni olib chiqib sinashni kanda qilmayapti. Masalan, 29 oktyabrda Putinning jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida “Poseydon” nomli ekipajsiz suvosti apparatini sinovdan o‘tkazilgani ma’lum bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, “Poseydon” – bu yadroviy energiya tizimiga ega suvosti qurilmasi bo‘lib, u odatiy yoki yadroviy jangovar kallaklar bilan jihozlanishi mumkin. U ikki megatonnagacha yadroviy quvvatga ega jangovar kallakni olib yurishga qodir va uning maksimal harakat tezligi soatiga 200 kilometrga yetadi.
.jpg)
Rossiya faqat o‘zini emas, sheriklarini ham ajal qurollari bilan siylamoqda. 31 oktyabr kuni “Belta” nashrida chiqarilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Belarus o‘z hududidagi eski qurollar o‘rnini Rossiyadan import qilingan yangi, zamonaviy yadro kallaklari bilan to‘ldirgan.
Boshqa tomonda Koreya Xalq Demokratik Respublikasi (KXDR) rahbari Kim Chen In ham ora-chira o‘yinga qo‘shilib, haybatli qurollari bilan maqtanib turadi. 10 oktyabrda KXDR mehnatkashlar partiyasi tuzilishining 80 yilligiga bag‘ishlangan harbiy paradda yangi “Xvason-20” nomli qit’alararo ballistik raketani taqdim etganini ko‘pchilik eslasa kerak. Qurollari bilan maqtanishni sevuvchi KXDR rahbariyati 28 oktyabrda strategik qanotli raketalarni sinovdan o‘tkazgani haqida e’lon qildi. Partiya markaziy qo‘mitasi kotibi Pak Chon Chxon esa “mamlakat yadro qurolli kuchlarining amaliyligini ta’minlashdagi muvaffaqiyatlar”ni ta’kidladi.
.jpg)
Qisqa qilib ayganda, davlatlar chang bosgan qurollarini omborlaridan chiqarishni boshlagan ko‘rinadi. Dunyo yadroviy muvozanat iplari ingichkalashib bormoqda.
Yadro urushi nega bo‘lmaydi?
Dunyo tartibotida xalqaro huquqning ahamiyati borgan sayin kamayib borayotgan, Yer sharining turli chekkalarida mintaqaviy urushlar tinmayotgan bir davrda, davlatlarning yadroviy qurollar haqidagi kelishuvlari ham bir chetga surilib, oxirzamon urushi boshlanmasligiga kim kafolat beradi? Axir siyosatchilar aytgandek, xalqaro tizim mutlaqo annarxik.
Haqiqatdan ham xalqaro munosabatlar tizimi annarxik, ya’ni yagona tartibga soluvchiga ega emas. Qaysidir davlatda yadro quroli bormi, demak, undan foydalanishi ham mumkin. Ayniqsa, bu tahdidchilar dunyoda eng katta jangovor kallaklar zaxirasiga ega Rossiya yoki AQSH bo‘lsa. Bu ikki davlatning birgalikdagi yadroviy arsenali dunyodagi barcha yadro qurollarining 90 foizini tashkil etadi. “Nuclear Threat Initiative” tashkiloti amaliyotchisi Sheyd Uord yozganidek:
“Yadro qurolidan foydalanish xavfi bugungi kunda 60 yil avval Kuba raketa inqirozidan beri har qanday vaqtga qaraganda yuqori”.
Biroq, barcha farazlarni inkor qiluvchi umumiy g‘oya bor, yadro qurollarini qo‘llash – bu o‘z joniga qasd qilish deganidir. Ya’ni, barcha uchun tahdid bo‘lib ko‘rinuvchi “oxirzamon qurollari”, bir vaqtning o‘zida xavfsizlik kafolatidir.
Bugungi kunda yadroviy eskalatsiyani qo‘llash ehtimoli eng yuqori mamlakat sifatida Rossiya ko‘rilmoqda. Ukraina bilan kutilganidan uzoqqa cho‘zilgan urush va 31 oktyabrda e’lon qilingan Pentagonning Tomahawk qanotli raketalarini Ukrainaga topshirishga roziligi haqidagi yangiliklar ortidan Moskvaning yadro quroli bo‘yicha pozitsiyasi keskinlashib borayotgandek. Ammo, ushbu g‘oyaning amaliyotda sodir bo‘lishi ehtimoldan ancha uzoq. Negaki, jangovor kallaklardan foydalanish, nafaqat AQSH yoki Ukrainaning, balki butun dunyo davlatlarining keskin noroziligiga sabab bo‘ladi. Keling, chuqurroq tahlil qilish uchun ba’zi Rossiya yadroviy-tabuni buzishi ssenariylarini ko‘rib chiqaylik.
.jpg)
Ayni damda Ukraina G‘arbning qo‘llovidan keng foydalanib kelmoqda, vaholangki u hali NATOga a’zo emas. Shunda ham AQSH, Fransiya yoki Gemaniya kabi davlatlar Zelenskiyning iltimoslariga munosib javob berib, qo‘llab kelmoqda. Agar Rossiya yadro bombalarini Ukraniaga yo‘llasa, dunyo davlatlarining bor qahr-g‘azabi Rossiyaga yo‘naltirilgan bo‘lardi va bu ssenariyda Rossiyaning keyngi ahvoli aniq. Bundan tashqari Sharl Lui Monteskening “Qonunlar ruhi” kitobida ta’kidlanganidek,
“Urushdan maqsad – g‘alaba, g‘alabadan maqsad – asrab qolish”.
Ikkinchi ssenariy bo‘yicha, Rossiya Ukrainani qo‘rqitish maqsadida, kam talofatlar keltiradigan joylarga oz sonli jangovor kallaklarni tashlasa nima bo‘ladi? Har ikkala holda ham bu “Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi pakt”ning buzilishi va boshqa davlatlardan jiddiy javob bo‘lish tabiiy. Bundan tashqari, bitta yoki ikkita taktik yadroviy qurolning zarari ham Ukraina jamoatchiligini ruhiy tushkunlikka solib qo‘yadigan darajada jiddiy bo‘lishi mumkin emas. Bejizga AQSHning Yaponiyaga uyushtirgan yadro eskalatsiyasi yagonaligicha qolmayapti.“Global Affairs & Public Policy” maktabining asoschi direktori Janis Stein Munk ta’kidlab o‘tganidek,
“Agar Rossiya taktik yadro qurolidan foydalansa, bunday strategiya teskari natija berishi mumkin edi. Ukraina jamoatchiligi bayroq atrofida to‘planishi, o‘z yetakchisi ortida birlashishi va Ukraina ichida tobora muhokama qilinayotgan o‘t ochishni to‘xtatish takliflariga qarshilikni kuchaytirishi mumkin”.
Xulosa qilib aytganda, barcha kontekstlarda yadro qurollarini qo‘llash, muammolarni yiriklashtirsa yiriklashtiradiki, also hal qilib qo‘ymaydi. Hozirgi “qurollar ko‘rgazmasi” esa shunchaki “qo‘rqitish o‘yini” xolos. Shunday ekan, kelgusida katta ehtimol bilan yadro xuruji kuzatilmaydi, Qora oqqushlarni inobatga olmaganda.