Moliya va mafkura to‘qnashgan hudud
Tahlil
−
27 mart 2084 7 daqiqa
Yaqin Sharq — bu atama qa’rida aniq jug‘rofiy mazmundan ko‘ra ko‘proq katta davlatlarning manfaatlari, din va madaniyatlar to‘qnashuvi, resurslar uchun kurash hamda strategik bellashuv yotadi. Bu hudud chegaralari geograflar emas, siyosatchilar tomonidan belgilanadi, xaritalari kartograflar emas, amaldorlar qo‘li bilan chiziladi. G‘arb manbalarida Arabiston yarimoroli, Misr, Eron, Iroq, Levant va Turkiyani qamrab oluvchi ushbu mintaqa rus manbalarida Eron va Afg‘oniston, ba’zi hollarda Pokistonni o‘z ichiga olib keladi. “International Maritime Organization” manbalarida, bu tushuncha Bahrayn, Eron, Iroq, Quvayt, Ummon Sultonligi, Qatar, Saudiya Arabistoni Podshohligi va Birlashgan Arab Amirliklarini ifodalovchi termin sifatida keladi. Bir so‘z bilan aytganda, bu hudud aniq geografik chegaralarga ega emas, balki tarixiy, siyosiy va madaniy omillar asosida shakllangan geosiyosiy makon hisoblanadi. Kundalik hayotda Yaqin Sharq atamasini ko‘p va xo‘p qo‘llaymiz, ammo uning ortida yotgan geosiyosiy o‘yinlarga e’tibor qilyapmizmi?
Yaqin Sharqning “yaratilishi”
“Middle East” so‘zi ingliz tilidan lug‘aviy tarjimaga ko‘ra, “O‘rta Sharq” ma’nosini anglatadi, ammo o‘zbek tilidagi manbalarda “O‘rta Sharq” — Janubi-G‘arbiy Osiyo, Pokiston bilan Turkiya oralig‘idagi qismining shartli nomi sifatida qo‘llaniladi. “Middle East” esa ko‘p hollarda Osiyoning g‘arbiy va janubi-g‘arbiy hamda Afrikaning shimoli-sharqiy qismidagi hududlarga nisbatan qo‘llaniladi va bu mintaqa o‘zbek kontingentida “Yaqin Sharq” termini bilan ataladi.
“Yaqin Sharq” atamasi bugungi kunda global siyosat va diplomatiyada eng ko‘p ishlatiladigan tushunchalardan biri. Biroq, u tabiiy geografik hudud emas, balki G‘arb dunyosi tomonidan strategik va siyosiy maqsadlarda yaratilgan sun’iy konstruksiyadir. Tarixiy kontekstga qaralganda, bu atama birinchi bor XIX–XX asrlar oralig‘ida paydo bo‘lgan. 1902 yilda britan-amerikalik strateg Alfred Mehan Fors ko‘rfazi va Hindiston orasidagi hududni atash uchun “Middle East” degan so‘zni ishlatgan. Shu bilan birga, G‘arb matbuoti, xususan The Times, ushbu atamani tez orada keng auditoriyaga yoygan.
.jpg)
O‘sha davrda Yevropa imperiyalari va keyinchalik Amerika Qo‘shma Shtatlari dunyo siyosatidagi ustunlik uchun hududni qayta tasvirlash zaruratini his qilgan. Hudud ichidagi davlatlar, xalqlar va diniy guruhlarning tarixiy va madaniy farqlari kamaytirilib, barchasini umumiy strategik mintaqa sifatida ko‘rsatila boshlandi. Bu G‘arbga o‘zi xohlagan geosiyosiy tasavvurni dunyoda shakllantirishga yordam berdi.
Shu o‘rinda savol, Yaqin Sharq deganda ko‘z oldingizga nimalar kelmoqda? Terrorizm, radikal islom, notinch, doimiy ichki kurashlar domidagi hududlarmi? Ammo, ushbu sun’iy mintaqaning barcha davlatlarida ham bir xil ahvolmi? Yo‘q albatta, qator arab o‘lkalari aholi jon boshiga daromadi bo‘yicha yuqori o‘rinlarda turadi, Misr va Saudiya Arabistoni kabi davlatlarning farovonligi ham e’tirofga loyiq.
Siyosiy nuqtai nazardan qaraganda, Yaqin Sharqni sun’iy bir bo‘lak sifatida tasavvur qilish G‘arb davlatlariga hududdagi qarama-qarshiliklarni boshqarish va o‘z manfaatlarini oqlash imkonini bergan. Masalan, Isroil, Fors ko‘rfazi davlatlari va Levant hududini bir mintaqa sifatida tasvirlanib, ularni “global xavfsizlik” va “terrorizmga qarshi kurash” kontekstida izohlashga urinib keladi. Shu tariqa G‘arb siyosatchilari hududga aralashuvlarini omma oldida haqqoniy va tabiiy ko‘rsatishga erishgan.
Terrorizmga qarshi kurash o‘yini
2001 yil 11 sentyabr voqealari AQSH uchun umumiy milliy travmaga aylandi. Bunda terroristik aktning ko‘lamidan ham ko‘ra uning sodir bo‘lgan vaqti va hududi nihoyatda katta ahamiyatga ega. Sovuq Urush yakunlanib, AQSH endi global maydonda yakka gegemon kuch sifatida e’tirof etila boshlagan bir vaqtda uning o‘z hududida bunday hujumga uchrashi amerikaliklarning o‘ziga bo‘lgan ishonchiga jiddiy ta’sir qildi. Aynan shu voqea ortidan Amerikada yuzaga kelgan yangi kon’yunkturaning rivojlanishi butun jahon uchun yangi global dushman – terrorizmni sahnaga olib chiqdi. Bu voqea shuni anglatdiki, “terrorizmga qarshi urush” doirasida betaraflik va bag‘rikenglik uchun joy qolmagandi.
“Vaqt o‘tishi bilan davlatlar harakatsizligi uchun javob berishini bilishi muhim bo‘ladi. Siz terrorizmga qarshi kurashda yoki biz bilan birgasiz, yoki bizga qarshisiz,” degan edi Kichik Jorj Bush.
(1).jpg)
Ushbu o‘zgarishlarni ochib bergan asosiy rasmiy hujjat 2002 yilgi AQSHning Milliy xavfsizlik strategiyasi bo‘lib, u “Bush doktrinasi” deb ham ataladi. Ushbu doktrina, ayniqsa, turli mamlakatlarni dushman yoki do‘stona deb belgilash orqali Amerika geosiyosiy tasavvuridagi o‘zgarishlarni ochib berishda muhimdir.
Terrorizmga qarshi yangi urush AQSH harbiy kuchlarini “vatanni ham ichki, ham tashqi tomondan himoya qilish” niqobi ostida Yaqin Sharq mintaqasida harbiy amaliyot o‘tashini legitimlashtirdi.
Mazkur siyosat doirasida AQSH ayrim davlatlarni ochiqchasiga xavf manbai sifatida ko‘rsatdi. Xususan, Iroq, Eron va Shimoliy Koreya davlatlari “yovuzlik o‘qi” deb e’lon qilindi. Bu davlatlar ommaviy qirg‘in qurollarini ishlab chiqish, terrorizmni qo‘llab-quvvatlash va mintaqaviy beqarorlikni kuchaytirishda ayblandi. Ayniqsa, Eron bilan munosabatlar keskin sovuqlashdi. AQSHning bu davlatni “Yovuz davlat” sifatida belgilashi ikki tomon o‘rtasidagi ishonchsizlikni yanada chuqurlashtirdi va bugungi kungacha davom etayotgan geosiyosiy qarama-qarshilikning asosini yaratdi.
“Terrorizmga qarshi urush” amalda AQSHning harbiy kuchini kengaytirish vositasiga aylandi. Dastlab nishon sifatida Afg‘oniston tanlandi – bu yerda Al-Qoida faoliyati uchun baza mavjud deb hisoblandi. Keyinchalik esa asosiy e’tibor Iroqqa qaratildi. Saddam Husayn rejimi ommaviy qirg‘in qurollariga ega ekani, terrorizm bilan aloqasi borligi va mintaqada ustunlikka intilayotganlikda ayblandi.
.jpg)
2003 yilda Iroqqa bostirib kirish aynan shu dalillar bilan oqlangan bo‘lsa-da, keyinchalik bu da’volarning aksariyati tasdiqlanmadi. Shunga qaramay, urush yangi maqsad bilan izohlandi – Iroqni demokratik davlatga aylantirish va uni butun Yaqin Sharq uchun namuna qilish. Bu esa amalda butun mintaqani qayta shakllantirishga qaratilgan strategiya edi.
Biroq, ushbu siyosat kutilgan natijani bermadi. Iroqda barqaror demokratiya o‘rnatilmadi, aksincha, mintaqada beqarorlik kuchaydi va AQSHga nisbatan salbiy munosabat ortdi. Bu esa AQSHning global imijiga putur yetkazdi va uning Yaqin Sharqdagi yetakchilik rolini shubha ostiga qo‘ydi.
Natijada “terrorizmga qarshi kurash” shiori asta-sekin o‘zining asl mohiyatini ochib bera boshladi: bu nafaqat xavfsizlikni ta’minlash, balki mintaqada siyosiy va harbiy ta’sirni mustahkamlash vositasi edi. Ayniqsa, Eron bilan yuzaga kelgan keskinlik bu siyosatning uzoq muddatli oqibatlarini ko‘rsatib berdi.
Xulosa qilib aytganda, AQSH uchun “terrorizmga qarshi kurash” nafaqat xavfga javob, balki Yaqin Sharqda o‘z geosiyosiy manfaatlarini ilgari surish, harbiy mavjudligini oqlash va global ustunligini saqlab qolish uchun qulay vosita bo‘lib xizmat qildi.
Katta Yaqin Sharq konsepsiyasi
Terrorizmga qarshi kurash fonida paydo bo‘lgan “Katta Yaqin Sharq” (Greater Middle East) konsepsiyasi an’anaviy Yaqin Sharqni kengaytirib, strategik nazorat nuqtai nazaridan qayta talqin qilishga xizmat qildi. Katta Yaqin Sharq konsepsiyasiga ko‘ra Arab dunyosi, Afg‘oniston, Pokiston, Eron, Turkiya va Isroil yangi sun’iy mintaqaga qo‘shilgan. Shu tariqa, hudud siyosiy va strategik jihatdan kengaytirildi.
.png)
Mazkur konsepsiyaning asosiy maqsadlaridan biri – mintaqani siyosiy jihatdan qayta shakllantirish edi. AQSH rasmiy diskursida bu “demokratiyani yoyish”, “erkin bozor iqtisodiyotini rivojlantirish” va “inson huquqlarini himoya qilish” kabi qadriyatlar bilan izohlangan bo‘lsa-da, biroq amalda bu siyosat ko‘proq geostrategik manfaatlarga xizmat qilgani ko‘zga tashlanadi. Xususan, mintaqadagi energiya resurslari, transport yo‘llari va strategik joylashuv ustidan nazoratni kuchaytirish asosiy omillardan biri bo‘ldi.
Geostrategik jihatdan qaralganda, bu konsepsiya AQSHning global yetakchiligini saqlab qolishga qaratilgan edi. Yangi geostrategik tasavvur orqali AQSH o‘zining harbiy va siyosiy aralashuvlarini nafaqat oqladi, balki uni zarurat sifatida ko‘rsatdi. Bu esa boshqa yirik kuchlarning mintaqada mustahkam o‘rin egallashining oldini olishga xizmat qildi.
Shuningdek, konsepsiya “integratsiya” g‘oyasiga ham asoslandi. Ya’ni, mintaqa davlatlari G‘arb qadriyatlari va iqtisodiy tizimiga moslashtirilishi kerak edi. Bu jarayon “modernizatsiya” va “taraqqiyot” nomi ostida olib borildi, ammo amalda u AQSH tomonidan belgilangan siyosiy va iqtisodiy modelni joriy etishga qaratilgan edi. Shu tariqa, “Katta Yaqin Sharq” nafaqat geosiyosiy, balki mafkuraviy loyiha sifatida ham namoyon bo‘ldi.
Biroq, ushbu konsepsiya kutilgan natijalarni bermadi. Iroq va Afg‘onistondagi beqarorlik, inson huquqlari bilan bog‘liq muammolar va anti-amerikanizmning kuchayishi AQSH siyosatining legitimligiga putur yetkazdi. Natijada, “Katta Yaqin Sharq” loyihasi global siyosatdagi eng bahsli loyihalardan biri sifatida tarixda qoldi.
Xulosa qilib aytganda, Yaqin Sharq bu barcha uchun umumiy, aniq chegaralarga ega hudud emas, balki AQSHning geostrategik manfaatlari yuzasidan yaratilgan “shaxmat taxtasi”. Bu partiyada AQSH eng kuchli sipohlarga ega, biroq shaxmat shunday o‘yinki, piyoda bilan ham farzinni yutib olish mumkin.
Live
Barchasi