Yaqin tarixdagi va hozirgi dahshatli genotsidlar

Tahlil

1945 yil 27 yanvarda Sovet Ittifoqi qo‘shinlari Osvensim konslagerini ozod qilganida ularning deyarli hech biri “genotsid”ga guvoh bo‘layotganini bilmagan edi. Chunki, bu so‘z undan atigi bir necha oy ilgari yaratilgan. Uni polshalik yahudiy huquqshunos Rafael Lemkin 1944 yilda muomalaga kiritgan bo‘lib, yunonchadagi “genos-” (irq yoki qabila) va lotinchadagi “-caedo” (o‘ldirish, yo‘q qilish) so‘zlarini birlashtirish orqali tashkil qilgan.

Yahudiylar qirg‘ini Holokost genotsid atamasining yaratilishiga sabab bo‘lgan bo‘lsa-da, u na birinchi va na oxirgisi edi. Bu kabi rejalashtirilgan ommaviy qatliomlar Ukraina va Kambojadan tortib Afrika o‘rmonlari hamda Yaqin Sharq tog‘larigacha bo‘lgan dunyoning turli joylarida yuz bergan. Quyida o‘lim soniga qarab tartiblangan tarixdagi eng yirik genotsidlar keltiriladi.

Kurd genotsidi: 50 mingdan 182 minggacha qurbon

Kurd genotsidi yoki Anfol kampaniyasi 1980-1990 yillardagi Eron-Iroq urushi paytida sodir bo‘lgan. Iroq shimolidagi Kurdiston mintaqasida Eronga sodiq ikki siyosiy kuch: Kurdiston Demokratik partiyasi (KDP) va Kurdiston vatanparvarlik ittifoqi (KVI) hukmronlik qilardi.  Kurdlar asrlar davomida mustaqillikni orzu qilsa-da, qo‘shni davlatlar bunga qarshi bo‘lib kelgan.

1988 yil fevraliga kelib, uzoq yillik to‘qnashuvlardan so‘ng, Iroq diktatori Saddam Husayn kurdlarga qarshi keskin choralar ko‘rishga qaror qildi. Keyingi to‘qqiz oy ichida Iroq qo‘shinlari xalqaro jurnalistlar ta’riflaganidek, “shaharlarni vayron qilish, ko‘chirish va ommaviy qirg‘in” kampaniyasini boshladi.

Avvaliga yuzlab odamlarni o‘ldirgan zaharli gaz hujumi sodir etildi. Shu tariqa, Iroq o‘z aholisiga qarshi kimyoviy qurol ishlatgan birinchi davlat sifatida tarixda qoldi. Husayn kuchlari tomonidan qo‘lga tushganlarning so‘roqdan o‘tkazilishi, 15dan 70 yoshgacha bo‘lganlar qatl etilishini e’lon qilingani haqida manbalar mavjud. Oqibatda, minglab erkak, ayol va bolalar otilib, ommaviy qabrlarga ko‘miladi. “Human Rights Watch” qurbonlar sonini 50-100 ming, kurd manbalari esa 182 minggacha deb, iddao qiladi.

Sharqiy Timor genotsidi: 180 mingdan 200 minggacha qurbon

Sharqiy Timor Janubi-Sharqiy Osiyoda joylashgan kichik orol davlati bo‘lib, Indoneziyaga qarashli G‘arbiy Timor bilan chegaradosh. 1975 yil qishida portugallar mustamlakachilikdan voz kechgach, so‘l qanot “Fretilin” partiyasi mustaqilligini e’lon qildi. Oradan ko‘p o‘tmay, Indoneziya bosqini boshlandi va 1999 yilgacha, ya’ni 24 yil davom etdi.

Bu davrda 180-200 ming odam o‘ldirildi, bu o‘sha paytdagi aholining chorak qismini tashkil etardi. Qurbonlar zo‘ravonlik, kasallik va sun’iy ocharchilik oqibatida halok bo‘ldi. BMT hisobotiga ko‘ra, Indoneziya kuchlari ochlikni qurol sifatida ishlatib, hatto ovqat va suvga zahar qo‘shishgan.

Ommaviy qatl, qiynoq va oila a’zolari oldida jazolash hollari keng tarqaldi. Mustaqillik tarafdorlarini qo‘rqitish uchun mo‘ljallangan bu strategiya butun davr mobaynida davom etdi. 1999 yilgi mustaqillik referendumidan keyin ham jangarilar 1 500 odamni o‘ldirib, qishloqlarni yoqib yubordi. Shunga qaramay, Indoneziya generallari hali ham javobgarlikka tortilmasdan qolmoqda.

Bangladesh genotsidi: 300 mingdan 3 milliongacha qurbon

1971 yilda Dakka hozirdagidek Bangladesh poytaxti emas, balki Sharqiy Pokiston markazi edi. Aholining ko‘p qismini tashkil etgan bengallar o‘z milliy davlatini yaratishni orzu qilar, biroq G‘arbiy Pokiston bunga yo‘l bermas edi.

1970 yilning dekabrida “Avami ligasi” partiyasi rahbari Mujibur Rahmon saylovda g‘alaba qildi, biroq G‘arbiy Pokiston hukmron doiralari buni tan olmadi. 1971 yil martidan dekabrigacha bo‘lgan vaqt davomida keng ko‘lamli harbiy to‘qnashuvlar avj oldi.

Tarixchi Anam Zakariya o‘lim sonini 300 mingdan 3 milliongacha deb hisoblaydi. Bu qurbonlarning katta qismi to‘g‘ridan to‘g‘ri genotsid siyosati qurboni bo‘lgan. AQSHning Dakkadagi konsuli Archer Blad shunday yozgan edi:

“Pokiston askarlari bengal mustaqillik tarafdorlarini uyma-uy izlab topib, otmoqda”.

Bu xabar o‘sha paytdagi prezident Richard Nikson tomonidan e’tiborsiz qoldirildi, chunki G‘arbiy Pokiston AQSHning “Sovuq urush”dagi muhim ittifoqchisi edi.

Qirg‘in bilan birga keng ko‘lamli jinsiy zo‘rlash kampaniyasi ham amalga oshirildi. Bu nafaqat bengallarni tahqirlash, balki “urush bolalari” deb atalgan, g‘arbiy pokistonliklardan tug‘ilgan avlodni yaratish maqsadida qilingan edi. Genotsid 1971 yil 16 dekabrda, Pokiston Hindistonga taslim bo‘lganida tugadi.

Ruanda genotsidi: 800 mingdan 1 milliongacha qurbon

1994 yilda Ruandada 800 mingdan – 1 milliongacha tutsi millati vakillari xutu ekstremistlari tomonidan qirg‘in qilindi. O‘sha vaqtda Tutsilar mamlakat aholisining 14 foizini, xutular esa 85 foizini tashkil qilgan. 1962 yilgi mustaqillikdan beri tutsilar muntazam kamsitish va zo‘ravonlikka uchrab kelgan.

Tutsilarning bir qismi mamlakatdan qochib ketadi va 1980 yillar oxirida qo‘shni Uganda hududida Ruanda vatanparvarlik frontini tuzadi. 1993 yilda ushbu front va hukumat o‘rtasida sulh tuziladi.

1994 yil 6 aprelda Ruanda prezidenti Jyuvenal Xabiarimananing samolyoti poytaxt Kigalidagi aeroportga qo‘nish arafasida yerdan uchirilgan raketa bilan urib tushiriladi. Ruanda vatanparvarlik fronti vakillari bo‘lgan tutsilar ham, tinchlik jarayoniga qarshi bo‘lgan radikal xutular ham ushbu hujumga aloqadorlikda gumonlanadi. Prezident Xabiarimananing o‘limidan bir necha soat o‘tgach butun mamlakat bo‘ylab tutsilarga hamda mo‘’tadil xutularga hujumlar boshlanadi. Keyingi 100 kun ichida tutsilar va ularni qo‘llagan mo‘’tadil hutular pichoqlar va tayoqlar yordamida ommaviy o‘ldiriladi.

Ruanda vatanparvarlik fronti sulhga amal qilishni to‘xtatadi va mamlakat ichkarisiga yurish boshlaydi hamda 4 iyul kuni poytaxt Kigalini egallaydi.

Cherkes genotsidi: 1,5 million qurbon

Cherkes genotsidi XIX asrning birinchi genotsidi sifatida qayd etiladi. Bir paytlar Shimoliy Kavkazning eng yirik xalqlaridan bo‘lgan cherkeslarning 97 foizi yo‘q qilingan.

Genotsid 1763 yildan 1864 yilgacha davom etgan 101 yillik Rus-Cherkes urushi davrida sodir bo‘lgan. Rossiya imperiyasi Kavkaz tog‘lari orqali janubga siljib, Qora dengizga kengroq chiqish maqsadida ommaviy surgun, qishloqlarni yoqish, ochlik, majburiy ko‘chirish va qatl siyosatini yuritgan. Cherkeslar urush davomida Rossiyaga qarshi samarali partizanlik taktikalarini qo‘llagan. Ammo Cherkes qabilalari o‘rtasidagi hokimiyat kurashlari va boshliqlar bilan oddiy xalq o‘rtasidagi ichki kelishmovchiliklar qarshilik uchun jiddiy muammolarni keltirib chiqardi.

Bundan tashqari, Cherkeslar boshqa Kavkaz xalqlari bilan samarali harbiy ittifoq tuza olmadi, garchi ularning umumiy dushmani bo‘lsa ham. Rossiya turli suiqasdlar va odam o‘g‘irlashlarni amalga oshirdi, bu orqali Cherkes jangchilarining keng qishloq aholisi tomonidan qo‘llab-quvvatlanishini yo‘q qilishga harakat qildi. Rossiya, shuningdek, ekinlar va chorva mollarini yo‘q qildi, bu esa oddiy Cherkeslarni yashash imkoniyatidan mahrum qildi.

Ular oxir-oqibat Rossiya hukmronligini qabul qilish yoki o‘z qishloqlaridan chiqib ketishga majbur bo‘ldi. Oqibatda, yuz minglab cherkeslar Turkiya va boshqa joylarga tarqalib ketdi.

Kambodja genotsidi: 1,5 milliondan 3 milliongacha qurbon

1970 yillar boshida Kambodja fuqarolar urushi ichida edi. Radikal “Qizil kxmerlar” kommunistik partiyasi asta-sekin kuchayib, 1975 yil 17 aprelda poytaxt Pnompenni egalladi. Partiya rahbari Pol Pot barcha mavjud madaniyatni yo‘q qilib, agrar utopiya yaratish maqsadida bu kunni “Nol yili” deb e’lon qildi.

Keyingi to‘rt yil davomida millionlab odamlar majburiy ravishda qishloqlarga ko‘chirilib, og‘ir mehnatga jalb qilindi. Eng kichik qarshilik alomati ham qiynoq yoki qatl bilan jazolandi. Intellekt egalari birinchi bo‘lib yo‘q qilindi. Hattoki, ko‘zoynak taqishning o‘zi intellektual belgi hisoblanib, o‘lim hukmi uchun yetarli edi.

1979 yilgacha 2 millionga yaqin kambodjalik kasallik, ochlik, qullik mehnati yoki zo‘ravonlik oqibatida halok bo‘ldi. Bu mamlakat aholisining beshdan biriga teng edi. Faqat Vetnam qo‘shinlari 1979 yil 7 yanvarda Kambodjaga bostirib kirgach, Pol Pot rejimi quladi. U 1998 yil surgunda vafot etdi, ammo hech qachon sud qilinmadi.

Golodomor: 3,9 milliondan 5 milliongacha qurbon

1932-1933 yillarda Ukrainada Iosif Stalin tomonidan olib borilgan zo‘ravon kollektivlashtirish siyosati oqibatida yuzaga kelgan ommaviy ocharchilik oqibatida to‘rt millionga yaqin odam halok bo‘ldi. SSSRning boshqa mintaqalarida yana uch millionga yaqin odam vafot etdi. 
Ukraina, boshqa ko‘plab davlatlar kabi, bu falokat Sovet Ittifoqi rahbariyati tomonidan ataylab qo‘zg‘atilgan deb hisoblaydi. Golodomor Germaniya, Fransiya, Sloveniya, Belgiya, Irlandiya, Ruminiya, Moldova, Chexiya, Islandiya va boshqa mamlakatlar parlamentlari tomonidan genotsid deb tan olingan. 2022 yil dekabr oyi o‘rtalarida Yevroparlament xuddi shunday qaror qabul qildi. Rossiya Golodomorni ukrainaliklarning genotsidi sifatida tan olmaydi.

Golodomor Sovet ittifoqi tomonidan sun’iy ravishda olib borilgan ocharchilik siyosati edi. Bu siyosat oqibatida 8 millionga yaqin inson ocharchilikdan halok bo‘lgan. Sovet davriga oid hujjatlarning arxivdan ochilmasligi sababli bu boradagi aniq sonlarni bilishning imkoni yo‘q.

Shunga qaramay, mutaxassislar o‘sha davrdagi Ukraina aholisining 4/1 qismi ocharchilikdan halok bo‘lganini taxmin qiladi. Ularga ko‘ra, birgina Ukrainada 4 milliondan ortiq, yana 1 millionga yaqin odam Qozog‘iston va boshqa hududlarda halok bo‘lgan. Stalin rejimi ostida odamlar daraxt po‘stlog‘i, maysa, poxol va hatto hayvonlarning qoldiqlarini yeyishga majbur bo‘lgan. Hatto, kannibalizm hollari ham qayd etilgan.

Holokost: 11 million qurbon

Holokost – natsistlarning irqiy mafkurasi oqibati bo‘lib, bunda  ariylar boshqa barcha irqlardan ustun hisoblangan, ayniqsa, yahudiylar eng xavfli deb e’lon qilgan edi. 1934 yilda Gitler hokimiyatni to‘liq qo‘lga olgach, yahudiylarni hayotning barcha sohalaridan chiqarish siyosati boshlandi.

1938 yil 9-10 noyabrda “Kristallnacht” ya’ni, “Sindirlangan oynalar kechasi” yuz berdi: ko‘chalar yahudiy do‘konlari va uy derazalaridan singan oynalar bilan to‘ldirilgandi. 1939 yilga kelib yahudiylar maxsus belgi taqishga majbur bo‘ldi va konslagerlarga yuborildi.

Ikkinchi jahon urushi davrida yahudiylar, lo‘lilar, slavyanlar, gomoseksuallar va “insondan past” deb hisoblangan boshqa guruhlar getto va konslagerlarga jo‘natildi. 1940 yillar boshida maxsus “Einsatzgruppen” otryadlari 1,5 million odamni otib tashladi. 1942 yildan boshlab esa ommaviy gaz kameralarida qirg‘in boshlandi.

Beljetsda 500 ming, Treblinkada 925 ming, Osvensimda 1,1 million odam o‘ldirildi. 1945 yil 5 mayda Mauthauzen lageri ozod qilinganida, natsistlarning genotsidi jami 11 million odamni, shundan 6 million yahudiyni hayotdan olib ketgan edi.

Tan olinmayotgan genotsid

O‘tmishdan saboq chiqarmagan insoniyat hamon turli genotsidlarni amalga oshirmoqda. Halok bo‘lganlar soni allaqachon 63 mingdan ortib ketgani ma’lum bo‘lsa-da, G‘azoda sodir etilayotgan ochiqcha genotsidni to‘xtatish uchun hech kim hech narsa qilayotgani yo‘q, ba’zi bayonot va gumanitar yordamlarni inobatga olmasa, albatta. Bu esa demokratiya g‘oyasi ilgari surilayotgan mazkur davrda xalqlarni o‘ldirish mumkin, faqat “qudratli davlat bo‘lsang” qabilidagi iddaolarni kuchaytirmoqda.

1948 yil dekabrida qabul qilinib, 1951 yil yanvardan kuchga kirgan va 153 davlat ratifikatsiya qilgan BMTning Genotsid to‘g‘risidagi Konvensiyasining 2-moddasida genotsid quyidagilardan har biri sifatida ta’riflanadi (milliy, etnik, irqiy yoki diniy guruhni butunlay yoki qisman yo‘q qilish maqsadida):

  • Guruh a’zolarini o‘ldirish;
  • Jismoniy yoki ruhiy og‘ir ziyon yetkazish;
  • Guruh yo‘q qiladigan turmush sharoitlarini qasddan yaratish;
  • Guruh ichida tug‘ilishlar oldini olish;
  • Bolalarni majburan boshqa guruhga o‘tkazish.

Isroil G‘azoda qilayotganlarida ushbu shartlarning deyarli barchasi topilsa-da, bu haligacha xalqaro maydonda rasman genotsid deb tan olinganicha yo‘q.

Turkiya va Braziliya kabi davlatlar, inson huquqlari tashkilotlari hamda BMTning ayrim mutaxassislari Isroilning harakatlarini genotsid deb baholamoqda. BMTning 500 dan ortiq xodimi BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Tyurk va Bosh kotib Antoniu Guterrishga murojaat qilib, Isroilning G‘azodagi harakatlarini “genotsid” deb tan olishni talab qildi.

Amnesty International kabi ko‘plab huquqiy tashkilotlar allaqachon Isroilni genotsidda ayblagan. BMTning mustaqil eksperti Francheska Albaneze ham bu atamani ishlatgan. Biroq BMTning o‘zi hali “genotsid” so‘zini rasmiy ravishda qo‘llamagan. BMT rasmiysi genotsidni belgilash xalqaro sudlarning vazifasi ekanini aytib keladi.


Maqola muallifi

Teglar

genotsid Golodomor Osventsim Holokost

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing