Yer yuzida qancha odam internetga kira oladi?

Bu qiziq

image

Oxirgi bir yil davomida yana 240 milliondan ortiq kishi internetga ulandi va endilikda Yer yuzidagi taxminan 6 milliard odam, ya’ni sayyora aholisining to‘rtdan uch qismiga yaqini onlayn rejimda. Bu haqda Xalqaro elektraloqa ittifoqi (XEI) hisobotiga tayanib, Birlashgan Millatlar Tashkiloti xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2,2 milliard odam hanuzgacha raqamli makondan tashqarida qolmoqda. Bu esa umumiy va teng raqamli imkoniyatlarni ta’minlash vazifasining qanchalik ulkanligini ko‘rsatadi.

Hisobotda raqamli rivojlanish iqtisodiy daraja, gender farqlari va yashash joyi bilan qanchalik chambarchas bog‘liqligi ko‘rsatilgan. Yuqori daromadli mamlakatlarda aholining 94 foizi internetdan foydalanadi, past daromadli davlatlarda esa bu ko‘rsatkich atigi 23 foizni tashkil etadi. Onlayn bo‘lmagan aholining aksariyati qashshoq va rivojlanayotgan hududlarda yashaydi.

Erkaklar ayollarga qaraganda tez-tez internetga ulanadi (77 foizga 71 foiz), shahar aholisi esa qishloq aholisidan ancha faolroq (85 foizga 58 foiz). 15-24 yoshdagi yoshlar eng faol guruh bo‘lib, ularning 82 foizi onlayn, boshqa yosh toifalarida esa bu ko‘rsatkich 72 foizni tashkil etadi.

Hisobotda ilk bor 5G tarmoqlariga bo‘lgan obunalar soniga oid baholar keltirilgan. Ular taxminan 3 milliard bo‘lib, bu barcha mobil ulanishlarning uchdan biriga teng. Beshinchi avlod tarmoqlari dunyo aholisining 55 foizini qamrab oladi, ammo ular juda notekis taqsimlangan: yuqori daromadli mamlakatlarda aholining 84 foizi 5G’dan foydalana oladi, past daromadli mamlakatlarda esa bu ko‘rsatkich atigi 4 foiz. Boy davlatlar aholisi kam ta’minlangan hududlarga nisbatan deyarli sakkiz baravar ko‘proq mobil trafik yaratadi, bu esa sifatdagi katta tafovutni yaqqol ko‘rsatadi.

Ahamiyatli masalalardan yana biri – narx. Garchi mobil internetning o‘rtacha narxi umumiy tarzda pasaygan bo‘lsa-da, past va o‘rta daromadli mamlakatlarning 60 foizida u hali hanuz aholining katta qismi uchun qimmat bo‘lib qolmoqda. Shuningdek, foydalanuvchilarning aksariyati faqat asosiy raqamli ko‘nikmalarga ega. Xavfsiz onlayn muhitni ta’minlash yoki kontent yaratish kabi murakkabroq ko‘nikmalar esa sekin shakllanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2025 yilning yanvar-avgust oylarida O‘zbekistonda internetdan foydalanuvchi aholi ulushi 94,2 foizni tashkil etgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

internet Xalqaro elektraloqa ittifoqi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing