Afg‘onistonda internet qayta tiklandi

Olam

image

Kecha, 1 oktyabr kunidan boshlab Afg‘onistonda internet aloqasi qayta tiklandi. Bu haqda “Tolo News” xabar berdi.

Mamlakat aholisi deyarli 48 soat davomida tashqi dunyodan uzilib qolgan edi. Uzilish ko‘plab sohalar faoliyatiga ta’sir ko‘rsatdi. 

Xalqaro internet-monitoring xizmati “NetBlocks” ma’lumotiga ko‘ra, internet qisman qayta yoqilgan. “Tolo News” xabariga ko‘ra, telekommunikatsiya va internet xizmatlari ikki kunlik tanaffusdan keyin tiklangan. BBC esa hukumatga yaqin manbaga tayanib, internet maxsus tarzda “Tolibon” Bosh vazirining buyrug‘i bilan qayta yoqilganini yozdi.

Afg‘onlar internet qaytgani munosabati bilan ko‘chalarga chiqib nishonladi. 48 soatlik uzilish vaqtida korxonalar va aviatsiya qatnovi izdan chiqdi, favqulodda xizmatlarga murojaat qilish qiyinlashdi. Qobul markazi ancha sokinlashdi, banklar yopildi, savdo markazlari deyarli bo‘sh qoldi. Valyuta bozorida xalqaro pul o‘tkazmalari to‘xtadi, bu esa chet elda ishlayotgan oila a’zolari yuboradigan muhim mablag‘larning kelmasligiga sabab bo‘ldi. Turistik agentliklar ham yopildi yoki faqat qisman ishladi, mamlakatga va undan tashqariga reyslar bekor qilindi. 

BMT bayonotida aytilishicha, internetning uzilishi tufayli Afg‘oniston tashqi dunyodan amalda to‘liq ajralib qolgan.

Eslatib o‘tamiz, mamlakatda internet 29 sentyabr kuni o‘chirib qo‘yilgandi. “Tolibon” muvaqqat hukumati “axloqni saqlash” siyosati doirasida bunday chorani ko‘rgan.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Tolibon internet

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing