Yevropada chivinlar orqali kasalliklar tarqalmoqda
Olam
−
24 avgust 3575 2 daqiqa
2025 yilning yoz oyi oxirlarida Yevropada chivinlar orqali yuqadigan kasalliklar soni rekord darajaga yetishi mumkin. Bu haqda “Euronews” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, eng katta xavotir uyg‘otayotgan infeksiyalar – G‘arbiy Nil virusi va chikungunya bo‘lib qolmoqda.
Yevropa kasalliklarning oldini olish va nazorat qilish markazi (ECDC) ma’lumotlariga ko‘ra, qit’ada chivinlar mavsumi tobora cho‘zilib, faolroq bo‘lib bormoqda. Bunga o‘rtacha yillik haroratning ortishi, qish oylarining yumshashi va yog‘ingarchilik rejimidagi o‘zgarishlar sabab bo‘lmoqda. Bu omillar chivinlar ko‘payishi va ular tarqatadigan infeksiyalar kengayishi uchun qulay sharoit yaratmoqda.
“Yevropa yangi bosqichga kirdi. Endi chivinlar orqali yuqadigan kasalliklarning uzoqroq, kengroq va kuchliroq tarqalishi haqiqatga aylanmoqda”, deyiladi xabarda.
2025 yilda Yevropada chikungunyaning 27 ta o‘chog‘i aniqlangan – bu qit’a uchun rekord ko‘rsatkich sanaladi.
Bundan tashqari, 335 ta G‘arbiy Nil virusi holati qayd etilgan – so‘nggi uch yildagi eng yuqori daraja.
ECDC prognoziga ko‘ra, yaqin haftalarda kasalliklar soni yana ortadi, chunki viruslarning eng faol davri odatda iyuldan sentyabrgacha davom etadi.
Chikungunyani asosan Aedes albopictus (osiyolik “yo‘lbars chivini”) tarqatadi. Hozirda u 16 ta Yevropa davlati va 369 ta hududda aniqlangan. O‘n yil avval esa bor-yo‘g‘i 114 hududda qayd etilgan edi.
G‘arbiy Nil virusi esa har yili yangi joylarda uchrayapti. 2025 yilda Ruminiyada va Italiya provinsiyalarida ham aniqlangandi. Bu joylarda kamida 10 kishi infeksiya oqibatida vafot etgan.
Ma’lumot uchun, G‘arbiy Nil virusi ko‘pchilikda belgilarsiz o‘tadi, ammo ayrim hollarda ensefalit yoki meningit kabi og‘ir asoratlar keltirib chiqarishi mumkin.
Chikungunya esa isitma, bosh og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi, toshma, mushak og‘rig‘i va og‘ir bo‘g‘im og‘riqlari bilan namoyon bo‘ladi.
Hozirda bu ikki kasallik uchun aniq davo yo‘q. Yevropa Ittifoqida chikungunyaga qarshi ikki vaksina tasdiqlangan, ammo G‘arbiy Nil virusiga qarshi samarali vaksina hanuz ishlab chiqilmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiya hukumati Hind okeanidagi dengizorti hududida joylashgan Reyunon orolida chikungunya virusi bilan kasallanishning o‘sishi qayd etilgani sabab favqulodda rejimni faollashtirgandi.
Live
Barchasi