Yevropadagi qator aeroportlarga kiberhujum uyushtirildi

Olam

image

Bugun, 20 sentyabr kuni ro‘yxatdan o‘tish va samolyotga chiqish tizimlarini taqdim etuvchi servisga uyushtirilgan kiberhujum bir nechta yirik Yevropa aeroportlari ishini izdan chiqardi. Ularning orasida Belgiyaning Bryussel va Germaniyaning Berlin shahri aeroportlari, shuningdek, Londonning Xitrou aeroporti bor. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Dunyo bo‘ylab ko‘plab aviakompaniyalarga ro‘yxatdan o‘tish va chiqish tizimini taqdim etuvchi Amerikaning "Collins Aerospace" kompaniyasi Xitrou ma’muriyatiga “texnik muammo” yuzaga kelganini bildirgan. Aeroport ma’muriyati yo‘lovchilarni reyslarning kechikishi haqida ogohlantirgan.

Bryusseldagi Zaventem aeroportida ham kechikishlar va hattoki reyslarning bekor qilinishi mumkinligi aytilgan. Aeroport xodimlari hozircha ro‘yxatdan o‘tkazish va samolyotga chiqishni faqat qo‘lda amalga oshirayotganini qayd etgan. Yo‘lovchilarga esa parvoz statusini oldindan tekshirish tavsiya qilingan.

Berlinning Brandenburg aeroporti ma’muriyati esa "Collins Aerospace"ga qilingan kiberhujum oqibatida bilvosita zarar ko‘rganini ma’lum qilgan. Aeroport xodimlari muammodan kecha, 19 sentyabr kuni kechqurun xabar topgan va hozirgacha uni bartaraf etish ustida ishlamoqda.

“Shu paytgacha bizga omad kulib boqdi: kechikishlar nisbatan kam bo‘ldi, ammo reyslar bekor qilinmadi va yirik nosozliklar kuzatilmadi”, deydi Berlin aeroporti vakili.

Aeroport ro‘yxatdan o‘tish va yuk topshirish joylarida navbatlar bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirib, yo‘lovchilarga imkon qadar bu xizmatlardan onlayn foydalanishni tavsiya qilgan.

Ma’lumot uchun, Londonning Xitrou, Berlinning Brandenburg va Belgiyaning Zaventem aeroportlari o‘z mamlakatlarida eng band hisoblanadi. Xitrou dunyodagi eng gavjum o‘n aeroport qatoriga kiradi. O‘tgan yili Londoning ushbu aeroporti rekord darajadagi 83,9 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq co‘nggi 12 oy ichida Germaniya iqtisodiyoti ma’lumotlar o‘g‘irlanishi, sanoat josusligi va sabotajlar oqibatida 289,2 milliard yevro zarar ko‘rgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Evropa aeroport kiberhujum

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing