Zelenskiy Trampning kuyovi bilan gaplashdi
Olam
−
07 dekabr 3954 2 daqiqa
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSH Prezidenti Donald Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff va Trampning kuyovi Jared Kushner bilan uzoq va “mazmunli” telefon suhbati o‘tkazdi. Bu haqda u kecha, 6 dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida ma’lum qildi.
“Ukraina chinakam tinchlikka erishish uchun amerikalik hamkorlar bilan samimiy va mas’uliyatli ishni davom ettirishga qat’iy bel bog‘lagan. Biz AQSH bilan muzokaralarning keyingi qadamlari va formatlari bo‘yicha kelishib oldik”, dedi Zelenskiy X ijtimoiy tarmog‘ida.
Uitkoff va Kushner shu hafta Mayamida Ukraina yetakchi muzokarachisi Rustam Umarov bilan ikki kunlik muzokaralar o‘tkazdi. Ikkala tomon ham buni “Ukrainada barqaror va adolatli tinchlikka olib boruvchi ishonchli yo‘lni ilgari surish bo‘yicha konstruktiv muhokamalar” deb baholagan.
Rejaga ko‘ra, Uitkoff Moskvada Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan o‘tkazgan uchrashuvi haqida Umarovga ma’lumot berishi kerak edi. Zelenskiy aytishicha, u Umarovdan Kiyevda batafsil hisobot kutyapti.
“Hamma narsani telefon orqali muhokama qilib bo‘lmaydi, shu bois g‘oya va takliflar ustida jamoalarimiz bilan yaqindan ishlashimiz kerak. Biz uchun asosiy tamoyil – har bir qadam amaliy bo‘lishi shart: tinchlik, xavfsizlik va tiklanish bo‘yicha har bir muhim chora ish beradigan va amalga oshiriladigan bo‘lishi kerak”, dedi u.
Live
Barchasi