Zelenskiy “Drujba” quvuri ta’mirlanganini e’lon qildi
Olam
−
22 aprel 2567 1 daqiqa
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Yevropa bilan kelishuvlarning o‘z zimmasidagi qismini bajarganini va “Drujba” neft quvurining shikastlangan qismini ta’mirlaganini ma’lum qildi. Bu haqda u kecha, 21 aprel kuni o‘zining Telegram-kanalida yozdi.
“Neft quvuri faoliyatini qayta boshlashi mumkin. Hozirda hech kim Rossiyaning neft quvuri infratuzilmasiga beradigan zarbalari takrorlanmasligiga kafolat bera olmasa-da, mutaxassislarimiz quvur tizimi va uskunalari ishini tiklash uchun bazaviy sharoitlarni ta’minladilar.
Biz bu bilan Yevropa Kengashi tomonidan allaqachon ma’qullangan Ukraina uchun Yevropa ko‘mak paketining blokdan chiqarilishini bog‘laymiz. Shu bilan birga, hamkorlar Ukraina uchun klasterlar bo‘yicha ham tegishli qadamlarni tashlaydi deb umid qilamiz – biz birinchi klasterlar bo‘yicha ishning o‘z qismimizni allaqachon bajardik”, deb yozdi Zelenskiy.
Bundan tashqari, Ukraina Prezidenti ushbu urush uchun Rossiyaga nisbatan tizimli sanksiya bosimini va Yevropaga energiya tashuvchilarni yetkazib berishni yanada diversifikatsiya qilish ishlarini davom ettirish kerakligini aytgan.
“Yevropa uni yo‘q qilishga yoki zaiflashtirishga urinayotganlardan mustaqil bo‘lishi kerak”, deydi Zelenskiy.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Zelenskiy “Drujba” neft quvuri orqali neft Rossiyadan Yevropaga borishiga qaramay, uni ta’mirlashga va’da bergan edi.
Live
Barchasi