Jahon chempionati o‘yinlari cho‘zilishi mumkin

Sport

image

2026 yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionati doirasidagi ayrim uchrashuvlar AQSHda ekstremal ob-havo sharoiti tufayli 2,5 soatgacha cho‘zilishi mumkin. Bu haqda “The Touchline” nashri xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, o‘yinlarning cho‘zilishiga sabab bo‘ladigan omillar qatoriga haddan tashqari issiqlik, yuqori namlik darajasi, futbolchilar uchun qo‘shimcha sovitish tanaffuslari hamda momaqaldiroq va chaqmoq xavfi paytida majburiy to‘xtashlar kiradi. 

Shunga o‘xshash holatlar avval ham AQSHda o‘tkazilgan klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati vaqtida kuzatilgan edi.

Turnirning dastlabki haftasida mamlakat sharqiy hududlarida bo‘lib o‘tgan to‘rtta o‘yin ob-havo sababli vaqtincha to‘xtatilgan. Bo‘ron va chaqmoq xavfi tufayli tanaffuslar 40 daqiqadan 130 daqiqagacha davom etgan.

AQSHdagi amaldagi xavfsizlik protokoli Milliy ob-havo xizmati talablariga asoslanadi. Agar stadiondan 10 mil (16,09 km) radiusda chaqmoq aniqlansa, uchrashuv avtomatik ravishda to‘xtatiladi. Bu vaqt ichida futbolchilar va tomoshabinlar ochiq joylarni tark etib, stadionning yopiq yoki yerosti hududlarida boshpana topishlari shart. Mazkur tartib barcha sport turlari uchun majburiy hisoblanadi va ilgari qayd etilgan baxtsiz hodisalar sababli joriy etilgan.

AQSHning yozgi iqlimi, xususan, 2026 yilgi mundial o‘yinlariga mezbonlik qiladigan Florida va Texas shtatlaridagi issiq va nam ob-havo sharoiti sababli shunga o‘xshash uzilishlar ehtimoli yuqori bo‘lib qolmoqda. Mutaxassislar iqlim o‘zgarishi natijasida chaqmoq urishlari soni ortishi mumkinligini ham qo‘shimcha xavf omili sifatida qayd etmoqda.

Ma’lumot uchun, 2026 yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionati 11 iyundan 19 iyulgacha AQSH, Meksika va Kanada mezbonligida o‘tkaziladi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh ob-havo Jahon chempionati

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing