Qoidabuzar erkatoy, yo‘llarni nazoratga olgan Mirziyoyeva - Hafta tahlili
Tahlil
−
02 mart 2734 16 daqiqa
Mashinaning kaliti — qurol. Odam o‘ldirgan qurol! Undan oqayotgan qon bo‘lsa qurbon bo‘lgan xodimning beva qolgan ayolini, yetim bo‘lgan uch bolasini, farzandini yo‘oqtgan ota onasini ko‘zidan chiqqan yoshi, ichidan sezgan dardining ramzi. Ammo uni pul bilan artib yuborish mumkin deb hisoblaydiganlar bor. Lekin baribir kalit o‘lim qurolining tepkisi bo‘lib qolaveradi. Va uni 10 sinf bo‘lgan, avval ham “prava”siz ko‘p marta mashina haydab qonunni buzgan, tanishlariga, yaqinlariga maqtanish uchun rulga o‘tirib har balo qilgan bola bosdi. Qon hidi kelayotgan bu kalitlar, aslida o‘sha o‘g‘lini jilovlay olmagan otaning, qonunbuzarlikni mana bu bular bilan yopdi-yopdi qila olganlarning qo‘lida turibdi. Bu fojia tasodif emas! Bu to‘qlikka sho‘xlik va jazosizlikning qonli mevasi. Bu hafta qonun ustuvorligini buza olaganlar va bu ishini maqtanib ommaga ko‘rsatadiganlar, tanish bilishchilik illati hamda tarbiyasizlik sabab uzilgan yana bir hayot muhokama markaziga chiqdi. Shu va boshqa muhim voqealar tafsiloti bilan QALAMPIR.UZ studiyasida hafta tahlili
Garchi YPX xodimining ayanchli o‘limi va uning atrofida sodir bo‘lgan jarayonlar haqida 25 fevraldan boshlab deyarli har kuni bir nechtadan xabarlar e’lon qilingan bo‘lsada, tahlil nuqtai nazaridan voqeliklarni bir chekkadan eslatishimiz kerak. 25 fevral kuni tunda Toshkent shahrida 10-sinf o‘quvchisi BMW rusumli avtomobil bilan yo‘l-patrul xizmati inspektorini urib yubordi.
Holat aks etgan video mashinaning ichidan olingani u yigitcha bir o‘zi bo‘lmaganini anglatadi. Avtohalokat Mirobod tumani, Mirobod ko‘chasida sodir bo‘lgan. Inspektor og‘ir tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.
27 fevral kuni holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani ma’lum qilindi. Qolaversa bu arzanda o‘smir, o‘z boshimchalik bilan avtomobil boshqarib qo‘pol ravishda yo‘l harakati qoidalarini buzganligi sabab bir necha bor javobgarliikka tortilgani ochiqlandi. Bu voyaga yetmagan shaxsning tarbiyaviy holatini anglatuvchi yana bir ma’lumot berildi. Unda u maktabda dars qoldirganligi uchun ota-onasi bilan 2025 yilning 12 sentyabr kuni profilaktik suhbat o‘tkazilgani aytildi. Shuncha voqeadan keyin ham yana mashina minib, tezlikni oshirib, kamiga huddi qoyilmaqom ish qilayotgandek buni tasvirga olishga uringanlar ohir-oqibat bir insonni “boshini yedi”. Keyin anqilangan ma’lumotlar esa asabni battar tarang qiladi.
Xodimni urib yuborgan BMW 2002 yilda tug‘ilgan boshqa bir qizga tegishli bo‘lgan. U shaxs 2024 yildan shu kunga qadar 18 marta o‘zini mashinasini transport vositasi boshqarish huquqi bo‘lmagan, “prava”siz shaxsga haydash uchun bergan. Tushunyapsiz-a? Bir qoida qayta-qayta buzilavergan. Nega jiddiy chora ko‘rilmagan unga? Bu darajada bemalol, takror-takror qoida buzganlar kim yo nimaga ishongan? Qo‘shimchasiga o‘sha BMW da 37 marta boshqa turdagi yo‘l harakat qoidalarini qo‘pol ravishda buzganligi aniqlangan.
Holat yuzasidan Mirobod tuman prokuraturasi tomonidan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish bilan jinoyat qo‘zg‘atilib, dastlab tergov harakatlari boshlanganidan so‘ng, uchar yigitning afsusda ekanini aytgan intervyusi e’lon qilindi
“Otasi farazandi shuncha qoida buzsa ham yana qo‘liga kalit beraveradimi” qabilidagi savollar ko‘p marta aytildi. Bunga esa otaning bergan intervyusi javob sifatida e’lon qilindi.
Gapiralyotgan gaplar, ovoz ohangi, yuz emotsiyalarini hisobga olib, “haqiqatda afuslanishni ko‘rmadik” deb izoh yozgannlar ko‘p bo‘ldi. Intervyu e’lon qilingach, “prava”siz mashina haydagan, qoidalarni qatorasiga buzib yurgan bola "Basalt Uzbekistan" klasteri asoschisi, "Shuhrat" medali sohibi - Turg‘un Kuchkunovning nabirasi ekanini aytib chiqqanlar ham bo‘ldi. Ammo bu rasmiy ma’lumotda keltirilmagan. Biroq ism familiyalarni shunchaki ko‘rishni o‘zi hammasini anglash uchun yetarli.
Eng muhimi bu yigitchani avvalroq tiyib qo‘yish mumkin edi. Chunki u shu yilning yanvar oyida keng muhokama qilingan yana bir jiddiy qoidabuzarlikda ishtirok etgani ma’lum bo‘ldi.
Holat Toshkent shahri Shahrisabz ko‘chasida sodir bo‘lgan. Ikki BMWdan birini boshqargan yana bir shaxs aynan shu ishidan faxrlanishini aytib, bu qilmishi uchun boshqalar jiddiy jazolanishini, ammo u tanish bilishlari orqali yengilgina jazo olganini maqtanib chiqdi. Bu haqida keyinroq. Ungayam alohida gaplarimiz bor!
Videoda inspektorni ko‘rganida tezlikni pasaytirgan, biroq to‘xtamasdan ketib qolgan ikkinchi haydovchi aynan shu 10 sinf o‘quvchisi ekani ma’lum bo‘ldi. Bu vaziyat bo‘yicha 9 yanvar kuni yigit va otasi bilan tushintirish ishlari olib borilgan. Otasi sud qaroriga asosan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi (bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) bilan ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Shunga qaramasdan, tegishli xulosa chiqarilmay, noqonuniy harakatlar davom ettirilgan.
Ammo tabiiy ravishda bir savol tug‘iladi. Shu videoning o‘zida nechta qoidabuzarlik bor? Keling sanaymiz. Birinchi o‘rinda tegishli hujjatsiz avtomobil boshqarish, davlat raqami qo‘yilmagan avtomobilni boshqarish, avtomashina ovozini noqonuniy ravishda kuchaytirish, “migalka” va “sirena”lar o‘rnatish, YPX xodimining qonuniy talabini bajarmaslik, ulardan qochish... Qanday qilib shuncha ishdan keyin yana u mashina mina olgan? Kim uni shu qadar katta qoidabuzarliklarini osonlikcha kechirgan, ko‘z yumgan?
Xo‘p, holat bo‘yicha belgilangan jarimalarni otasi to‘lab bergandir. Ammo uning bunday yurishi potensial qotillik-ku. Nima pulini to‘lab qoidalarni buzib yuraverish mumkinmi? Bilmasdan qoida buzganlarni tushunish mumkin. Ammo ataylab qayta qayta bepisandlik qiladiganlarga qat’iy chora ko‘rish kerakmasmi.
Endi mulohaza qilamiz. Aynan mana shu vaziyatdan keyin agar tizim ohirigacha ishlaganida, qonuniy talabga bo‘ysunmagan kimslar jiddiy jazoga tortilganida, deyarli butun O‘zbekiston ko‘rgan videodan bolaning ota-onasi ham yetarlicha xulosa qilganida, qaysidir amalni egallab o‘tirganlar mana shunaqa o‘pkasi yo‘qlarni tarafini olib, aybini yashirmaganida ehtimol bugun inspektor tirik bo‘lardi. Vaziyatni “ajali yetibdi-da” debgina izohlab bo‘lmaydi. Sababiyatlar muhim bo‘lgan dunyodamiz har xolda. Demak o‘limda bir kishi asosiy sababchi sifatida ko‘rilayotgan bo‘lsada, aslida uning sheriklari ko‘p. Hatto qurbonning o‘z tizimidagi hamkasblari ham bo‘lishi mumkin ular orasida.
27 fevral kuni Bosh prokuratura bergan ma’lumotga ko‘ra o‘spirin yigit 25 fevral kuni soat 21:30 larda tanishining opasiga tegishli bo‘lgan BMW rusumli avtomashinani “moyka”dan olib qochgan. Avtomashinani boshqarish davomida jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimay, Mirobod tumani Nukus ko‘chasida harakatlanayotgan vaqtda, piyodalar va boshqa harakat ishtirokchilari xavfsizligini ta’minlash maqsadida transport oqimini to‘xtatish haqida ishora bergan yo‘l-patrul xizmati inspektori Xosilbek Eshnazarovning qonuniy talabiga bo‘ysunmagan. Barcha transport vositalari to‘xtagan bo‘lishiga qaramasdan, u huquqbuzar javobgarlikdan qochish maqsadida oldi va yon tomonidagi avtomashinalarni keskin aylanib o‘tib, avariyaviy holat yuzaga keltirgan hamda xizmat vazifasini bajarayotgan yo‘l-patrul xizmati xodimini urib yuborgan. Shu munosabat bilan u Jinoyat kodeksining 267-moddasi (transport vositasini olib qochish) 1-qismi va 104-moddasi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 3-qismi “d” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumonlanuvchi tariqasida jalb etilgan. Aytib o‘tish kerak bu kabi jinoyatlarni sodir etganlik uchun 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanadi.
27 fevral kuni 18:00 lar atrofida Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati qonunlarni xohlaganicha buzib kelgan 10 sinf o‘quvchisi tomonidan urib ketilgan kichik serjant Xosilbek Eshnazarov vafot etganini ma’lum qildi. Uning ortidan ayoli, 2 nafar o‘g‘il va 1 nafar qiz farzandlari qoldi. Marhum xodimning oilasi davlat muhofazasiga olinishi ma’lum qilindi. Burchiga sadoqat ko‘rsatib, yurtdoshlari osoyishtaligi yo‘lida jon fido etgan qahramon IIV rahbariyati va safdoshlari ishtirokida so‘nggi manzilga kuzatildi. QALAMPIR.UZ jamoasi marhumning yaqinlariga ta’ziya bildiradi.
Hosilbek Eshnazarov ichki ishlar organlarida 2022 yildan buyon xizmat qilgan. Dastlab Yashnobod tumanida faoliyat boshlagan, 2024 yildan patrul-post xizmatida ishlagan. 2025-yildan esa poytaxt IIBB yo‘l-patrul xizmati inspektori sifatida faoliyat yuritgan. Xizmat davomida u huquqbuzarliklarning oldini olishda faol qatnashgan, yuzlab yirik va ommaviy tadbirlarda jamoat tartibini saqlashda ishtirok etgan. Faoliyati davomida 1392 ta, shundan 324 ta qo‘pol qoidabuzarlikni aniqlagan, 14 nafar mast haydovchining harakatiga chek qo‘ygan. Shuningdek, qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanish, hujjatsiz transport boshqarish va svetoforning qizil chirog‘iga bo‘ysunmaslik kabi 52 ta qoidabuzarlikni fosh etgan.
Endi yuqorida eslab o‘tganimiz, o‘zidan qahramon yasab olgan, qoida buzarligidan faxrlanib, buni bir marta hayotga kelishi va xuzurlanishni xohlashi bilan izohlagan kimsaning maqtanchoqligiga to‘xtalamiz.
U Asadbek Jumayev. Toshkent shahrida avtomobillarni “tyuning” qilish bilan shug‘ullanadi. Uning bu chiqishi ko‘plab savollarni va e’tirozlarni keltirib chiqardi. Tanish bilishchilik qilib istalgan muammodan chiqib keta olishini bemalol, ertaga bu gaplari tarqalishi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar ham ko‘rishi mumkinligini ongli ravishda anglagan holat da qo‘rqmay ayta olayotgani tizimga jiddiy signal bo‘lishi kerak.
Qoida buzishi bilan faxrlanish darajasidagi ong egasi bu jamiyat uchun katta xavf. Ana shundaylardan birini deb 3 ta bola yetim qoldi mana. Qaysidir videolarga layk bosgani uchun yillab qamalayotganlar bor jamiyatimizda bunday avtoterrorchilar ham jiddiy jazolanishi kerak. Pulim bo‘lsa yo kattaroq tanishim bo‘lsa hamma narsa qilishim mumkin deb o‘ylaydiganlar soni shunaqalarni deb oshib ketyapti. Bularni ko‘rgan boshqalar ham ruhlanishi aniq! Jamoatchilik faollari shu sabab keksin fikrlar bildirdi. AQSHning Garvard universiteti professori, iqtisodchi Botir Qobilov davlat bunday va istalgan turdagi jinoyatchilarni televizorga olib chiqib, uzr so‘ratish amaliyotlaridan butunlay voz kechish kerakligi haqida yozdi.
“Davlat bunday va istalgan turdagi jinoyatchilarni televizorga olib chiqib, uzr so‘ratish, uyaltirish, xalqimdan, qo‘shnimdan kechirim so‘rayman deyish amaliyotlaridan butunlay voz kechish kerak. Qoida buzsam, odam o‘ldirsam, qizlarni zo‘rlashga harakat qilsam yoki 15 sutkada dam olib chiqaman, yoki arzimagan choychaqa to‘lab, yoki amakimni tanishi orqali qilmishimdan pushaymon yedim deb qutulib qolar ekanman deb, o‘ylashga imkoniyat ham berish kerak emas. Qonunning ishlashi, jazoning qonun doirasida mutlaqo muqarrarligini bular tanasida, ongida, ko‘zida va qulog‘i bilan bilishi kerak. Qonun-qoidani buzdimi — qonunda yozilgan jazo. Yozilmagan bo‘lsa, demak, qonun takomillashishi kerak. Bekorga Oliy Majlis, parlament degan joy bor emas-ku. Ayollarga jinsiy tajovuz qilsa-da, “lekin zo‘rlamadim-ku” deb 3-4 kun o‘tirib chiqsa; ko‘chada o‘yin qilib tez yurib inspektorlarni, maktab bolalarini urib ketsa, avtomobilni qurol sifatida ishlatib insonlar hayotini xavf ostiga qo‘ysa va keyin hech narsa bo‘lmagandek kichkina shtraf bilan qutulib qolsa unda biz oynaga boqib nimalar qilyapmiz o‘zi deb savol berishimiz kerak” deya shaxsiy fikrini bildirdi Botir Qobilov.
Yana bir iqtisodchi Otabek Bakirov esa quyidagicha fikr bildirdi
“Bu konunbuzarlikdan faxrlanadigan yigit buzuk zanjirning boshi emas, oxiri emas, rtasida. Konunni mensimaslik, ochikcha, namoyishkorona buzish va yana shu orkali milliardlab boylik orttirish teparokdan boshlangan. Tendersiz pudrat va bitimlarni, yashirin karorlarni, yepik imtiyozlarni karang. Xammangdan va konundan ustunman degani emasmi?”
Milliy ekologiya va iqlim o‘zgarishi qo‘mitasi raisi maslahatchisi Rasul Kusherboyev bu kabi vaziyatlar xalq oasida adolatga nisbatan ishonch pasayishiga olib kelishini aytib chiqdi
“Agar qoidabuzar ochiqchasiga “mening 100 ta tanishim bor, shuning uchun yengilroq jazo oldim” deb bemalol aytayotgan bo‘lsa — bu oddiy holat emas! Qonunni qo‘pol ravishda buzgan inson afsuslanish o‘rniga, qilgan ishidan faxrlanayotgani — jamiyatda jazo muqarrarligiga ishonch susayganini anglatadi. Qonun hamma uchun teng bo‘lmasa, “tanish-bilish” omil bo‘lsa, adolatga ishonch yemiriladi. Eng xavflisi — qoidabuzarlik namuna sifatida ko‘rila boshlaydi. Adolat — shunchaki so‘z emas. U amal qilgandagina qiymatli” deb yozdi Kusherboyev.
E’tirozlar kuchaygach, Bosh Prokuratura rasmiy bayonot berdi.
Unda tyuningchining intervyusi o‘rganib chiqilgani, aytib bergan qoidabuzarligi bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumani sudining 2026 yil 16 yanvardagi qaroriga asosan Jumayev huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining foto va (yoki) videotasvirini ularning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan tarzda buzib tarqatgani uchun bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravari miqdorida, ya’ni 8,4 mln so‘m jarimaga tortilgani aytildi.
Shu sabab «atigi o‘nta minimalka bilan qutulib ketdik» deya yolg‘on axborot tarqatgani uchun Jumayevni IIBB javobgarlikka tortdi. MJtKning 202-2-moddasiga asosan, jamoat tartibiga tahdid soluvchi yolg‘on axborotni tarqatish – BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha jarimaga sabab bo‘ladi.
Ammo baribir birinchi sud hukmi bo‘yicha haqli bir savol tug‘iladi. Raqamsiz mashina boshqargan, Noqonuniy “migalka” va “sirena”lar qo‘ygani uchun YPX tomonidan to‘xtatilganda qochib ketgan shaxsga 8 mln 400 ming so‘m jazo juda oddiymasmi? Oddiyligi mayli adolatsizlikmasmi? Mirzo Ulug‘bek tumani sudidagi qaysi sudya bu ishni ko‘rib chiqqan? Nimaga yoki kimning gapiga asosan u sudyaman deb turgan shaxs jiddiy qoidabuzarliklar qilgan shaxsning boshini silagan? Nima yoki u intervyuda aytilgan 100 tanishning bittasimidi? Savollar ko‘p va ular deyarli hammani o‘ylantirdi. Aniqlanishicha tyuningchiga yengil jazo bergan sudya Botiralibek Omonov bo‘lgan.
E’tiborli jihati avvalroq Botiralibek Omonov raisligida ko‘rilgan Toshkent shahridagi L9 va BYD ishtirokida sodir bo‘lgan to‘qnashuviga oid ish ham shov-shuv bo‘lgandi. O‘shanda sud qarori bilan katta tezlikda kelib BYD ga urilgan L9 egasiga emas, aksincha narigi haydovchi zimmasiga 798 mln so‘m moddiy zarar yuklangan edi. Apellyatsiya sudi bu qarorni bekor qilib, ishni surishtiruvga qaytarib yuborgandi. Mana shu ishlar cud tizimi va sudyalardagi mustaqil qaror qila olish holatiga berilgan baho deyish mumkin. Bu sudyaning shu qadar ko‘ngilchanligi shaxsiyatimikin yoki…
Ha mayli, endi maqtanchoq tyuningchiga qaytamiz. Holat bo‘yicha Bosh Prokuratura Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga protest kiritdi. Shundan so‘ng qoidabuzarligidan faxrlangan shaxs uzr so‘rab chiqdi.
Ammo bu uzr so‘rash endi kamlik qilishi aniq edi. Tyuningchi 10 sutkaga qamaldi. Biroq bu jazo unga kam ekanligini aytayotganlar juda ko‘p. Rostdan ham bunday ochiqdan ochiq buzg‘unchilikni targ‘ib qiladiganlarga keskin chora ko‘rilmas ekan, qoida buzishni qahramonliok deb biladigan manqurtlar ko‘payaveradi. Instagram tarmog‘ida tez harakatlanganini maqtanib videoga oladigan bolachalar soni keskin oshib ketyapti.
Inson o‘zi boshqalarni hayotiga xavf solgani, qoidani buzganini videoga olib yana uni maqtanish uchun isntagramga joylashi uchun qay dartajadagi aql egasi bo‘lishi kerak? Bu kabi mantiqsiz harakat qiluvchilar bir tomon bo‘lsa, shahar ko‘chalarini poyga arenasi deb biladigan o‘pkasizlar boshqa tomon. Tunda poyga uyushtirish bo‘yicha Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov jiddiy ogohlantirish bilan chiqdi.
“So‘nggi vaqtlarda men, boshqa fuqarolar qatori, Toshkent shahrida soat 22:00 dan keyin ayrim shaxslar avto va mototransport vositalarini belgilangan tezlikdan sezilarli darajada oshirgan holda boshqarayotgani yoki o‘zaro poyga uyushtirishayotgani holatlariga guvoh bo‘lmoqdaman. Bu kabi holatlar yuqori darajada shovqin keltirib chiqarishga hamda yo‘l harakati ishtirokchilari xavfsizligiga tahdid solishga sabab bo‘lmoqda”, deydi u.
Ko‘pchilik mana shunday ishlardan mantiq topolmay qiynaladi. Bir qarasa, shunchaki kelib, svetaforning qizil chirog‘ida to‘xtab turgan ikki haydovchi birdan o‘zlarini poyga startida turgandek tasavvur qilib yuboradi, yoki legenda deb ta’riflanishi allaqachon bachkanalashib ketgan Nexia 2 zo‘rmi, yoki “kotta bollarning mashinasi” deb aytiladigan Gentra kuchlimi degan absurd tortishuvni yakunlash uchun gazlashadiganlar chiqib keladi. Hatto qatnov darajasi kamroq bo‘lgan yo‘llarda tez-tez poyga uyushtiradiganlar ham bor. Shunday voqealardan birida AutoTuning_uz asoschisi 27 yoshli Doniyor ismli shaxs vafot etgandi.
E’tibor bergandirsiz shu daqiqagacha faqat avtomobillar, qoidabuzarlar haqida gapirib keldik. Bularga qo‘shimcha qilib piyodalar harakati, nosoz svetaforlar, bir necha kilometrgacha cho‘ziladigan tirbandliklar haqida aytish mumkin. Butun boshli hafta tahlilini shuncha qismini bu mavzu egallashi og‘riqli nuqtalar ko‘pligini anglatadi. Ehtimol shu sabab Saida Mirziyoyeva Toshkent yo‘llarini shaxsan nazoratga oldi.
Joriy yil, 26 fevral kuni maxsus tuzilgan Yo‘l harakatini tashkil etish markazida Toshkent shahridagi tirbandliklar va ekologiya masalalarini hal qilish, shuningdek, jamoat transporti nazorati bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi. Jarayonda Saida Mirziyoyeva mas’ullarga balandparvoz gaplarni eshitishi emas, real vaziyatni bilishi kerakligini aytdi.
E’tiborli jihati o‘sha kunning o‘zidayoq “aqlli” svetoforlarni o‘rnatish, yo‘llarga standartlarga mos chiziqlar tortish hamda avtoturargohlarni to‘g‘ri tashkil qilish bo‘yicha belgilangan ishlar boshlanadi. Bu taqdimotda Saida Mirziyoyevga hamrohlik qilgan prezident administratsiyasi rahbari maslahatchisi Komil Allamjonovga aloqador suiqasd mavzusi hafta yakunida yana muhokamalar markaziga chiqdi.
2025 yilning 12 fevral kuni Komil Allamjonovga suiqasd ishi bo‘yicha 23 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan suiqasd ijrochisi Ismoil Jahongirov Ichki ishlar vazirligiga qarashli jazoni ijro etish muassasasidan o‘lik holda topildi. Jahongirov o‘z joniga qasd qilgan. Hodisa joriy yilning 26 fevral kuni sodir bo‘lgan, mahkum izolyatorda kiyimidan foydalangan holda o‘zini osgani aytildi. Marhumni dafn etish marosimi 27 fevral kuni o‘tkazilgan. Suiqasd xronologiyasi bo‘yicha to‘liq ma’lumotni mana bu video orqali olishingiz mumkin.
Avvalroq, 21 fevral kuni Samarqanddagi tergov hibsxonasida saqlanayotgan sobiq “raygaz” rahbari vafot etgani ma’lum qilingandi. 35 yoshli fuqaro firibgarlik va pora berish bilan ayblanib qamoqqa olingan. U sog‘lig‘i yomonlashgani sababli Kattaqo‘rg‘on shahar tibbiyot birlashmasiga olib ketilayotgan vaqtida, vafot etgani aytildi. Birlamchi sud-tibbiyot tashxisga ko‘ra, marhumning vafoti “2-tip qandli diabetning og‘ir asoratlari” oqibatida yuzaga kelgan. Badanida hech qanday jarohat izlari aniqlanmagan.
Ko‘pchilikda shu kabi holatlar xabar berilganida shubhali savollar paydo bo‘lishi rost. Huddi faqat hokim yordamchilari pora bilan qo‘lga olinavergani kabi, nega qamoqxona yoki tergov izolyatoridagi ayrimlarning birdan yuragi huruj qilib qoladi, “saxari” oshib ketadi degan savollarni izoh bo‘limiga yozganlar bor. Bu mavzuda tahlil tayyorlaganmiz. Uni “qamoqdagi sirli o‘lim sababi qiynoqmi yo” deb qidiruv berish orqali topishingiz mumkin.
Yaxshi xabarlar ham bor. Rossiyada obodonlashtirish ishlari bilan shug‘ullangan o‘zbekistonlik Xayrullo Ibodullayev Xalq orasida ommalashgan “yigit kishining omadi bilan o‘ynashma” degan jumlaning hayotiy misollaridan biriga aylandi. Bu yerda aslida omad emas, insoniylik va jasorat uni mashhur qildi deyish mumkin. 22 fevral kuni Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida 7-qavatdan tushib ketgan bolaning hayotini saqlab qoldi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, autizm bilan hastalangan bola yettinchi qavatdagi ochiq deraza yonida planshet o‘ynab turgan payti sirpanib ketgan va karnizga osilib qolgan, keyinchalik qulagan. Uni ushlab qolgan o‘zbekistonlik migrant uy yo‘lagiga olib kirgan, o‘ziga keltirishga harakat qilgan. Tez yordam chaqirgan. Onasi o‘g‘lining yo‘qolganini taxminan 10 daqiqadan keyin payqagan. Bolani hayotini saqlab qolish jarayonida Xayrullo Ibodullayevning o‘zi ham jarohat olgan. Barmoqlari singan, ko‘krak qafasi yengil jarohatlangan.
Uning bu qahramonligi qisqa vaqt ichida MDH davlatlari bo‘ylab tarqaldi. So‘nggi paytlarda Rossiyadagi migrantlarga, ayniqsa Markaziy Osiyodan bo‘lgan shaxslarga munosabat anchayin keskinlashgani, ular kamsitilgani hech kimga sir emas. Ayni shu davrda o‘zbek erkagining jasorati xalq tomonidan ham, ayrim amaldorlar tomonidan ham tan olindi.
Xayrullo Ibodullayev o‘z jonini xavf ostiga qo‘yib bolanining hayotini saqlab qolgani uchun to‘rtinchi “Tigran Keosayan” nomidagi mukofot bilan taqdirlandi. Qolaversa, rag‘batlantirish uchun bir million rubl, qariyib 157 816 000 so‘m ham berildi. Yana Sankt-Peterburg gubernatori Aleksandr Beglov ham “Qutqaruvdagi jasorat uchun” ko‘krak nishoni hamda esdalik soat bilan taqdirladi.
Bundan tashqari mahalliy jurnalistlar, fuqarolar ham u yashaydigan hududga kelib unga turli qimmatbaho sovg‘alar taqim etishdi. O‘zbekiston Tomoni ham jim turmadi. U Prezident Shavkat Mirziyoyev farmoniga ko‘ra “Jasorat” medali bilan mukofotlandi. 28 fevral tonggida esa u Toshkent xalqaro ayeroportida tantanali kutib olindi.
Rossiya jamiyati migrant deganda ko‘pincha faqat "ishchi kuchi" vazifasini o‘taydiganlarni ko‘rishga o‘rganib qolgan edi. Biroq 7-qavatdan qulagan bolani tutib qolgan o‘sha "singan barmoqlar" — nafrat va kamsitishlar ustidan g‘alaba qozondi. Xayrullo o‘z jonini xavfga qo‘yganida, o‘zini kamsitgan jamiyatning vakilini emas, shunchaki bir inson bolasini qutqardi. Bu o‘zbek xalqining bag‘rikengligi va mardligi har qanday, xoh siyosiy xoh mafkuraviy qarshi munosabatdan ustun ekanining isbotidir.
So‘nggi paytlarda migrantlarga nisbatan kuchaygan reydlar va salbiy axborot xurujlari fonida Xayrulloning surati OAVda qahramon sifatida paydo bo‘lishi ruslar uchun "migrant" so‘zining ma’nosini, aniqrog‘i tushunilishini o‘zgartirib yubordi. U o‘sha kuniyoq shunchaki ko‘cha supuruvchi emas, balki “najotkor”ga aylandi. Uning qahramonligi rus jamiyatidagi ko‘pchilikni o‘z qarashlarini qayta ko‘rib chiqishga majbur qila oldi. Senga xizmat qilayotgan, sen kamsitayotgan odam aslida sening farzandingning hayotini saqlab qolishi mumkin bo‘lgan yagona inson bo‘lib chiqishi mumkin degan signalni berdi.
Live
Barchasi