Janubiy Koreya prokuraturasi sobiq birinchi xonimni hibsga olmoqchi
Olam
−
07 avgust 5751 2 daqiqa
Janubiy Koreya prokuraturasi sobiq prezident Yun Sok Yolning rafiqasi Kim Gon Xining hibsga olinishi uchun orderga ariza topshirdi. Bu haqda “Yonhap” xabar berdi.
Kim Gon Xi korrupsiya va fond bozori bilan bog‘liq firibgarlikda ayblanmoqda. Maxsus prokuror Min Chun Gi boshchiligidagi tergov guruhi unga qarshi 16 banddan iborat ayblov qo‘ygan.
“Bugun xonim Kim Gon Xiga nisbatan hibsga olish orderi uchun ariza topshirilganini ma’lum qilamiz”, deyiladi xabarda.
Kim Gon Xi avvalroq maxsus prokuror tomonidan so‘roq qilingan. Bu Janubiy Koreya tarixida prezident rafiqasining gumonlanuvchi sifatida so‘roq qilinishi bo‘yicha birinchi holatdir. Sobiq prezident Yun Sok Yol esa 2025 yilning iyul oyidan beri tergov hibsxonalaridan birida saqlanmoqda.
Kim Gon Xiga nisbatan ilgari surilgan ayblovlar orasida Deutsch Motors kompaniyasining aksiyalari bilan noqonuniy operatsiyalar, qimmatbaho sovg‘alarni noqonuniy olish, parlamentga nomzodlar tanloviga noqonuniy aralashuv va Sambu Construction aksiyalari bilan bog‘liq holatlar mavjud.
Tergovga ko‘ra, kompaniya boshqaruvi xalqaro yirik shartnomalar bo‘yicha yolg‘on ma’lumot tarqatgan, bu esa aksiyalar narxining keskin oshishiga olib kelgan va ayrimlar katta daromad olgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Janubiy Koreyada sobiq prezident Yun Sok Yolga nisbatan olib borilayotgan tergov doirasida maxsus prokuror guruhi 24 ta davlat idorasida tintuv o‘tkazgandi. Tintuvlar Uchish apparatlari operatsiyalari qo‘mondonligi va Mudofaa vazirligida, shuningdek, Kontrrazvedka qo‘mondonligi hamda Prezident ma’muriyatining Milliy xavfsizlik bo‘limida amalga oshirilgan.
Live
Barchasi