Jey Loning konserti Toshkentga qancha foyda olib kelgani aytildi
Madaniyat-san’at
−
12 avgust 44005 1 daqiqa
Amerikalik superyulduz Jennifer Lopezning 2025 yil 7 avgust kuni Toshkent shahridagi “Bunyodkor” stadionida bo‘lib o‘tgan konsertidan Toshkent shahriga 42,5 mlrd so‘mdan ($3,3 mln) ortiq soliq tushumi tushgan. Bu haqda tadbirni tashkillashtirgan Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ma’lum qildi.
Bildirilishicha, bu O‘zbekiston tarixida birinchi marta AAA toifali artist ishtirokida o‘tkazilgan konsert bo‘lgan. Konsert kuni stadionga xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar bilan birga 31 144 kishi tashrif buyurgan. 25 mingta bilet sotilgan va ularning 67 foizini xorijliklar sotib olgan.
Qayd etilishicha, umumiy hisobda O‘zbekistonga konsert uchun 15 330 xorijiy sayyoh kelgan. Ular orasida 8 945 nafar rossiyalik, 2 495 nafar qozog‘istonlik, qolgani esa Yevropa va AQSHdan bo‘lgan turistlar bor.
Ma’lum qilinishicha, 5-8 avgust kunlari poytaxt mehmonxonalari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 25,7 foizga ko‘proq band bo‘lgan. 7 avgust kuni Chilonzor metro yo‘nalishida 16,5 ming yo‘lovchiga ko‘proq xizmat ko‘rsatilgan. Tadbirni tashkil etishda 115 ta tashkilot qatnashgan. Jami 18 ta fud-kort va savdo nuqtalari faoliyat ko‘rsatgan.
Jamoat tartibini va xavfsizlikni ta’minlash uchun 88 ta yo‘l-patrul va maxsus texnika, 8 ta tez yordam avtomashinasi jalb qilingan. 3,8 ming huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari va 300 nafar volontyor, shuningdek, 500 nafar xizmatchi tadbir hududida tozalikni ta’minlagan.
Live
Barchasi