Jeyk Pol Saul Alvarezga jang uchun 200 mln dollar taklif qildi

Sport

image

Amerikalik bloger va bokschi Jeyk Pol 4 ta vazn toifasidagi sobiq jahon chempioni meksikalik bokschi Saul “Kanelo” Alvarezga qarshi jang o‘tkazish uchun 200 million dollar taklif qilishga tayyorligini ma’lum qildi. Bu haqda amerikalik bloger Kick platformasidagi jonli efir vaqtida bildirib o‘tdi. 

“Kanelo, senga 200 million dollar beraman – oson pul. Jeyk Pol va Kanelo jangi aynan muxlislar kutayotgan to‘qnashuv. Bu boksdagi eng katta jang bo‘lishi mumkin”, deydi Pol.

Keyinroq u Alvarez bilan telefon orqali gaplashganini va meksikalik bokschi ham jangga rozilik bildirganini aytgan.

“Kanelo telefonda gaplashdi, demak biz bu jangni tashkil qilamiz. Menda 200 million dollar bor va menimcha, bu keyingi jang bo‘ladi. Shartnomani imzolaylik va boksdagi eng katta jangni o‘tkazaylik”, deya qo‘shimcha qildi amerikalik bloger.

Ma’lumot uchun, 2025 yil dekabr oyida Pol britaniyalik Entoni Joshuaga qarshi jangda oltinchi raundda nokautga uchragan edi. Ushbu jangdan keyin uning ikki jag‘ suyagi singani xabar qilingandi. 29 yoshli Pol professional faoliyati davomida 14 ta jang o‘tkazib, 12 tasida g‘alaba qozongan va ikki bor mag‘lubiyatga uchragan. U mag‘lub etgan bokschilar orasida Mayk Tayson ham bor.

2025-yil sentyabr oyida esa Alvarez super o‘rta vazn toifasidagi mutlaq jahon chempioni unvoni uchun jangda Terens Kroufordga imkoniyatni boy bergan.

35 yoshli Alvarez hisobida hozirgacha 63 ta g‘alaba, 3 ta mag‘lubiyat va 2 ta durang mavjud. U 2026 yil sentyabr oyida WBC kamari uchun fransiyalik Kristian Mbilliga qarshi ringga chiqishi kutilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

boks Jeyk Pol Saul “Kanelo” Al'varez

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing