Zilzila haqida vahima tarqatgan TikTok “munajjimi” hibsga olindi
Olam
−
26 aprel 6087 2 daqiqa
Myanmada ijtimoiy tarmoqlarda mamlakatga yana zilzila yaqinlashib kelayotgan haqida xabar tarqatib, mashhur bo‘lgan bloger Jon Mo Te qo‘lga olindi. Bu haqda “Daily Mail” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, u go‘yoki butun mamlakat bo‘ylab sodir bo‘lishi kerak bo‘lgan kuchli zilzilani bashorat qilgan. Uning odamlarni baland binolardan uzoqroq va har doim kerakli buyumlarni yonida olib yurishga chaqirgan videosi aholi o‘rtasida vahima to‘lqinini keltirib chiqargan. U mamlakatda sodir bo‘lgan kuchli zilziladan keyin yana zilzilalar sodir bo‘lishi haqida xabarlar tarqatgan.
Myanma harbiy hukumati bayonotida aytilishicha, bloger yolg‘on ma’lumot tarqatgan va bu ishi uchun unga nisbatan “qonunga muvofiq samarali choralar ko‘riladi”. Rasmiylar, shuningdek, soxta yangiliklarni yaratish yoki tarqatishda ishtirok etgan har bir kishini shunga o‘xshash jazolar kutayotgani haqida ogohlantirgan. Qo‘lga olinganidan keyin “munajjim”ning TikTokʼdagi akkaunti o‘chirib tashlangan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 28 mart kuni Myanmada kuchli zilzila yuz bergandi. AQSH geologik xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, zilzilaning magnitudasi 7,7 ni tashkil qilgan. 7,7 magnitudali dastlabki zilziladan so‘ng, 6,4 magnitudali kuchli takroriy silkinish ham qayd etilgan. Shundan keyin Myanma favqulodda holat rejimini e’lon qildi. Tez orada Tailand poytaxti Bangkok ham favqulodda zona deb e’lon qilindi. Seysmik xizmatlar ma’lumotiga ko‘ra, Janubi-Sharqiy Osiyoda birinchi kuchli zilziladan so‘ng 37 ta takroriy silkinish qayd etilgan.
30 mart kuni Myanma rasmiylari 1644 kishi halok bo‘lgani, 3408 kishi jarohatlangani haqida ma’lum qilgan edi. Keyinchalik qurbonlar soni 2719 kishiga yetdi, yana 4512 kishi jarohat oldi.
Myanma Bosh vaziri Min Aung Xlayn vayronkor zilziladan so‘ng mamlakatda milliy motam e’lon qildi.
Live
Barchasi