Namanganda 7 yashar qiz zo‘rlandi. Issiqko‘lda o‘quvchi qiz zo‘rlab o‘ldirildi. Pedofillarni qanday jazo kutmoqda?

Tahlil

Oxirgi yillarda Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Tojikiston va Qozog‘istonda sodir bo‘lgan tinimsiz fojialar — yo‘qolib qolgan, zo‘rlangan, o‘ldirilgan qizlar haqidagi xabarlar ijtimoiy tarmoqlar orqali keng tarqalgan bo‘lsa-da, aksariyati faqat vaqtinchalik bahs va hayrat uyg‘otadi, amalda esa tizim o‘zgarishsiz qolmoqda. Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan ko‘rsatilgan loqaydlik, qonunchilikdagi bo‘shliqlar, patriarxal an’analar va qurbonlarni ayblashga moyil jamoatchilik fikri bu jabrlanganlarni yanada yolg‘iz qoldirmoqda.

Aslida, bu bir nechta shaxslarning qilmishi emas – bu mintaqaning umumiy siyosiy, huquqiy va madaniy muhitidagi chuqur muammolar ifodasidir. Eng dahshatlisi – bu zo‘ravonliklarning oldi olinishi mumkin edi. Lekin bu uchun nafaqat qonun, balki jamiyatning o‘zgarishi, ayniqsa, ayolga nisbatan munosabatda tub islohotlar zarur. Bugun ana shunday voqealardan biri haqida so‘z yuritamiz.

Bundan bir oycha oldin, 27 sentyabrda issiqko‘llik 17 yoshli Oysuluv Mukasheva duch kelgan fojia butun Qirg‘izistonni larzaga soldi. Gap shundaki, endigina 11 sinfga qadam qo‘ygan bu qiz o‘g‘irlab ketilib, jinsiy zo‘ravonlikka uchragan va keyin vahshiylarcha o‘ldirilib, dalaga tashlab ketilgan. Bu voqea jamiyat va davlatning yosh qizlarni, ayollarni himoya qilish borasida mutlaq kuchsiz ekanini yana bir bor tasdiqladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘sha kuni tushdan keyin Oysuluv Qorako‘l shahridagi dugonasinikiga borishini aytib, Barskaun qishlog‘idagi uyidan chiqib ketib, bedarak yo‘qolgan. U tushib qolgan kuzatuv kamerasi yozuvlarida qizning yo‘l yoqasida yurib ketayotgani aks etgan. Keyinchalik uning jasadi uzoq dara yaqinidagi Jal-Ariq hududidan topilib, qizning zo‘rlangani va o‘ldirilgani aniqlangan. Hozirda esa kuzatuv kamerasida muhrlangan kadrlarga asoslanib, Oysuluvning yo‘ldan o‘tgan mashinaga o‘tirib ketgani taxmin qilinmoqda va 41 yoshli haydovchi gumonlanuvchi tariqasida qo‘lga olingan.

Qotillikda gumon qilinayotgan 41 yoshli Qumarbek Abdirov voqea haqida batafsil gapirib berdi. U qotillik sodir bo‘lgan kun soat 13:00 atrofida qizni Darxon qishlog‘i yaqinidagi olma bog‘iga olib borib, zo‘rlagan. Shundan so‘ng, Abdirov bog‘langan qizni Jenish qishlog‘idagi otasining uyiga olib kelib, yana zo‘rlagan. Soat 15:30 da To‘n tumanidagi Qoji-Say qishlog‘i yaqinida Abdirov Oysuluvni bo‘g‘ib o‘ldirib, telefonini Issiqko‘lga tashlab yuborgan.

Qizning jasadini mashinasiga joylashtirgandan so‘ng, Boom darasiga yo‘l olgan. Soat kechki 7 ga yaqin Abdirov jasadini Kemin tumanidagi Cho‘loq qishlog‘i yaqinida qoldirib, Bishkek tomon yo‘l olgan. Oysuluv 30 sentyabr kuni o‘z qishlog‘ida dafn etildi. Bu jinoyat ko‘p maummoni ko‘taryapti. Ulardan biri amnitsiya masalasi. Ya’ni jazosi yengillashtirilayotgan, o‘talmay qolgan qamoq jazosi ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazoga almashtirilayotganlar haqiqatdan ham bunga loyiqmi? Ular chin dildan afsuslanganmi?

Qirg‘iziston IIV matbuot xizmati Abdirovning shu kabi boshqa jinoyatlarga aloqadorligi ehtimoli borligini ma’lum qildi, ulardan biri 2014 yilda 18 yoshli Kamila ismli qizning o‘ldirilishi bo‘lgan.

U ikki marta jinoiy javobgarlikka tortilgan: 2006 yilda talonchilik uchun jarima to‘lagan, 2016 yilda yana odam o‘ldirishga suiqasd qilgani uchun. Ikkala holatda ham ayollarga hujumlar sodir etilgan.

2006 yilda hali talaba bo‘lgan 22 yoshli Abdirov Ko‘k-Jar turarjoy majmuasida onasi bilan ketayotgan qizning boshiga tosh bilan urgan. Fursatdan foydalanib, uning telefonini olib qochgan.

O‘sha kuniyoq Abdirov militsiya xodimlari tomonidan qo‘lga olingan. Shundan so‘ng, uning qarindoshlari jabrlanuvchiga murojaat qilib, Abdirov onasining yolg‘iz o‘g‘li ekanini ta’kidlab, uzr so‘rashgan. Yigit kechirildi, shundan so‘ng sud ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan hukm chiqardi.

Suhbatda jabrlanuvchi Abdirovga qamoq jazosi berilmaganidan afsusda ekanini aytgandi. Keyingi safar u o‘zini sud majlisida ko‘rdi, bu yanada og‘ir jinoyat uchun edi. Manbalarning aytishicha, Abdirov jabrlanuvchilarni taksi xizmatlarini taklif qilish orqali topgan.

2015 yilning 13 oktyabrida bir ayol uning Honda Stream mashinasiga o‘tirgan, lekin u hech qachon qaytib kelmagan. Bu mashina aynan bugungi qahramonimiz – marhum Oysuluv o‘tirgan Honda Stream edi.

Jabrlanuvchining so‘zlariga ko‘ra, Abdirov uni zo‘rlagan. Shundan so‘ng, u qizni ariqda qoldirib, unga katta tosh uloqtirgan. Jabrlanuvchining fikricha, u uning boshini nishonga olgan va ayolning hushida ekanidan bexabar bo‘lgan. Ammo tosh ayolning qo‘liga borib tushgan.

Militsiya xodimlari o‘shanda Abdirovni qo‘lga oldi. Abdirov 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgandi, u 32-sonli axloq tuzatish koloniyasida saqlangan. 2018 yil 28 aprel kuni amnistiya akti asosida shartli ravishda ozodlikka chiqarilgan.

Mukasheva singari O‘zbekistonda zo‘rlanayotganlar ham talaygina. Masalan, joriy yilning 14 oktyabr kuni Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanida 7 yashar qiz 38 yoshli qarindoshi tomonidan zo‘rlandi. Gumonlanuvchi tog‘asining uyidagi to‘yga borgan va uning 7 yashar nevarasini aldab, nomusiga teggan va voqea joyidan yashiringan. Erkak 2 kundan so‘ng topilgan va 16 oktyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiqo‘rg‘on tuman sudining ajrimi bilan ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 118-moddasi (Nomusga tegish) 4-qismi bilan jinoyat ishi ham ochildi. Qiziq tomoni shundaki, ushbu jinoyatni sodir etishda gumonlanayotgan shaxs oldin ham 2 marta shunga o‘xshash jinoyatlarni sodir etgani uchun sudlangan va ma’lum muddatlarga ozodlikdan mahrum qilingan.

17 yoshli Oysuluvga qilingan jinsiy tajovuz va qotillik voqeasi insonlar qalbini junbishga keltirdi, ijtimoiy tarmoqlar turli munozaralarga to‘lib-toshdi.

Eng shov-shuvlisi Prezident Sadir Japarovning munosabati bo‘ldi.  U mamlakatda bolalar va ayollarga nisbatan sodir etilgan og‘ir jinoyatlar uchun o‘lim jazosini joriy etishni taklif qildi. Ammo davlat rahbarining bu taklifi mamlakat konstitutsiyasiga mutlaqo zid hisoblanadi.

Japarovning taklifini kutilmagan va yangi tashabbus, deb bo‘lmaydi. Masalan, 2022 yilda ham voyaga yetmaganlarga qarshi zo‘ravonlik holatlarining ortib borayotgani fonida qirg‘izistonlik ba’zi deputatlar bunday jinoyatlar uchun o‘lim jazosi qo‘llanilishini nazarda tutuvchi qonun loyihalarini ilgari surgan, hatto referendum o‘tkazish masalasi ham ko‘tarilgan. Biroq ayrim ekspert va deputatlar bu tashabbusga qarshi chiqqan. Ular Qirg‘iziston sud tizimining adolatsiz va nomustaqil ekanini qayd etib, begunoh odamlar o‘ldirib yuborilishi mumkinligini ta’kidlagan. Bosh vazir o‘rinbosari Edil Baysalov ham qonun loyihasiga qarshi chiqib: “Hukumat bunday hissiy tashabbuslardan Konstitutsiyani qat’iy himoya qiladi”, degan edi.

Prezident Japarov Oysuluvning ishi bo‘yicha tergovni shaxsan o‘zi nazoratga olgani va o‘z ma’muriyatiga jazolarni kuchaytirish bo‘yicha qonunchilikka o‘zgartishlar kiritish loyihasini ishlab chiqishni topshirganini aytdi. Sadir Japarov voyaga yetmaganlar va ayollarni o‘ldirish, zo‘rlash bilan bog‘liq jinoyatlar soni ortib borayotgani, “standart” qamoq jazosi jinoyatchilarga endi to‘sqinlik qilmayotganini ta’kidladi.

Shuningdek, u korrupsiya jinoyatlari o‘lim bilan jazolanishi mumkin emasligini ta’kidladi. U o‘lim jazosi faqat shafqatsiz qotilliklar va pedofillik uchun bo‘lishini aytdi.

Odil sudlovning noto‘g‘ri ishlashi xavfi haqidagi jamoatchilik xavotirlariga javob berar ekan, davlat rahbari XXI asr tergov va sud jarayonlarini shaffof o‘tkazish, jumladan, videoyozuv va onlayn translyatsiyalar uchun texnologik imkoniyatlarni taqdim etishini ta’kidladi.

“Biz bu masalani yolg‘iz hal qilmaymiz. Xalq bilan maslahatlashamiz. Bu masala umumxalq referendumiga qo‘yilishi mumkin. Agar ko‘pchilik buni qo‘llab-quvvatlasa, konstitutsiya va qonunlarga o‘zgartirishlar kiritish, shuningdek, xalqaro majburiyatlarni qayta ko‘rib chiqish zarur bo‘ladi”, dedi Sadir Japarov.

Prezident ayollar va bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish ustuvor vazifa bo‘lib qolayotganini, bunday dolzarb masala bo‘yicha qaror faqat xalq tomonidan qabul qilinishi kerakligini qo‘shimcha qildi.

Qirg‘izistonda o‘lim jazosi oxirgi marta 1998 yilda ijro etilgan. 1991 yildan 1998 yilgacha bo‘lgan davrda ushbu hukm otuv yo‘li bilan amalga oshirilgan. Jinoyat kodeksiga ko‘ra, ijro oshkora amalga oshirilmagan. Qatl ijro etilgachgina marhumning qarindoshlariga xabar qilingan, lekin jasad qaytarib berilmagan va dafn joyi sir saqlangan.

Amalda mavjud bo‘lmasa-da, 2005 yilgacha Jinoyat kodeksida quyidagi jinoyatlar uchun o‘lim jazosi belgilab qo‘yilgan edi: 

  • Og‘irlashtiruvchi holatlar bilan sodir etilgan qotillik; 
  • voyaga yetmagan qizni jinsiy zo‘rlash;
  • genotsid.

18 yoshga to‘lmagan shaxslar, ayollar hamda 60 yosh va undan oshgan fuqarolarga nisbatan bunday jazo qo‘llanishi taqiqlangan edi. Shuningdek, ruhiy kasallik yoki boshqa ruhiy buzilishlarga uchragan shaxslar ham o‘lim jazosidan omon qolgan.

2007 yil 25 iyunda Qirg‘izistonning o‘sha paytdagi prezidenti Qurmanbek Bakiyev Jinoyat kodeksiga o‘zgartirishlar kirituvchi qonunni imzoladi. Unga ko‘ra, o‘lim jazosi umrbod qamoq jazosi bilan almashtirildi. Shu tariqa, mamlakatda eng og‘ir jazo chorasi sifatida umrbod qamoq joriy etildi. 2010 yilda Qirg‘iziston “Fuqaroviy va siyosiy huquqlar bo‘yicha xalqaro pakt”ning ikkinchi ixtiyoriy protokolini ratifikatsiya qilib, o‘lim jazosini butunlay bekor qilish majburiyatini olgan.

O‘lim jazosi mavjud bo‘lgan davrda ham, bekor qilingan davrda ham sud tizimi e’tirozlar ostida qolmoqda. Qirg‘iziston qonunchiligiga ko‘ra, inson huquq va erkinliklari sud orqali himoya qilinadi. Ammo amaliyotda mamlakat sud tizimi doimiy ravishda huquq himoyachilari va xalqaro tashkilotlar tomonidan tanqid qilinadi. Masalan, Penal Reform International xalqaro nodavlat tashkiloti taqdim etgan “Markaziy Osiyoda o‘lim jazosining bekor qilinishi” hisobotida shunday deyiladi:

“Mintaqa davlatlaridagi sud tizimi sovet davridan qolgan bo‘lib, prokuratura organlari nomutanosib vakolatlarga egalik qiladi. Shuningdek, sudgacha tergovlar ham asosan aybni isbotlashga qaratiladi, aybsizlikni ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan dalillarni to‘plash esa e’tibordan chetda qoldiriladi. Chunki sudya, prokuror va tergovchilar oqlov hukmi chiqarish orqali jamiyat oldida korrupsiyaga qo‘l urgandek ko‘rinishdan xavotirlanadi. Buning oqibatida, oqlov ko‘rsatkichlari nihoyatda past va aybsiz deb topilganlar juda kam”.

Bundan tashqari, hisobotda davlat tomonidan tayinlanadigan advokatlarga juda kam haq to‘lanishi va ular mijozni himoya qilish bilan emas, aksincha, tergovchilar qo‘ygan ayblovni isbotlash bilan shug‘ullanishi ta’kidlangan. Qolaversa, tergov jarayonida sodir etiladigan qiynoq amaliyoti ham tanqid qilingan.

Inson hayotiga nuqta qo‘yish vakolati haqida gap borar ekan, har bir jihat aniqlikka muhtoj. QALAMPIR.UZ bog‘langan inson huquqlari faoli Ozod Jo‘raboyevning fikricha, o‘lim jazosini tiklash masalasi gumanizm tamoyillari, xalqaro me’yorlar va jinoyatchilikka qarshi kurashning amaliy samaradorligi nuqtai nazaridan baholanishi zarur. U adolatga erishishning eng to‘g‘ri yo‘li jazoni o‘ta qattiqlashtirish emas, balki uning muqarrarligini ta’minlash ekanini aytadi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Qirg'iziston zo'rlash Sadir Japarov Oysuluv Mukasheva Qumarbek Abdirov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing