Rossiyadagi konsertga OMONni jalb qilish mutlaqo ortiqcha – Bobur Bekmurodov

Jamiyat

image

Avvalroq, Rossiyaning Krasnoyarsk o‘lkasi Yemelyanovskiy tumanida OMON xodimlari “Korona” banket zalida uyushtirilgan o‘zbekistonlik xonanda Jaloliddin Ahmadaliyevning konsertiga bostirib kirib, migrantlarni tintuv qilgani haqida xabar berilgandi. “Yuksalish” umummilliy harakati raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Bobur Bekmurodov bunday holatlarda OMON kabi maxsus kuchlarni jalb qilish mutlaqo ortiqcha ekanini aytdi. Bu haqda u o‘zining Telegram sahifasida yozdi.

Deputat Krasnoyarskda konsert paytida kuch tuzilmalari reydi o‘tkazilgani jamoatchilikda muhokamalarga sabab bo‘layotganini qayd etgan. Uning ta’kidlashicha, madaniy tadbirlar, avvalo, do‘stlik va muloqot makoni. U yerda qo‘rqitish emas, hurmat prinsipi ustuvor bo‘lishi kerak.

“Mehnatkashlarimiz mahalliy qonunchilikka rioya qilishi zarur, lekin bunday holatlarda OMON kabi maxsus kuchlarni jalb qilish mutlaqo ortiqcha. OMON – ommaviy tartibsizlik va xavfli vaziyatlarga qarshi kurashuvchi kuch tuzilmasi. Konsertda esa bu kabi tahdid yo‘q edi”, deya yozgan u.

Bekmurodovning yozishicha, aynan shuning uchun, bunday ko‘lamdagi “tadbirlar” qonun ustuvorligini ta’minlashdan ko‘ra, ruhiy bosim sifatida qabul qilinmoqda.

“Rossiyalik hamkasblarimiz Ittifoqchi mamlakat fuqarolariga bunday amaliyotdan voz kechish chorasini ko‘rishlari zarur”, deydi deputat.

Ma’lumot uchun, Krasnoyarsk o‘lkasidagi ushbu konsert joriy yilning 22 sentyabr kuni o‘tkazilgan. Tekshiruv davomida O‘zbekistonning 8 fuqarosi Rossiyada bo‘lish qoidalarini buzgani aniqlangan. Ushlangan o‘zbekistonliklarning 4 nafariga nisbatan ma’muriy jarima va ma’muriy chiqarib yuborish choralari qo‘llangan, qolgan 4 nafari esa Krasnoyarsk o‘lkasidagi chet el fuqarolarini vaqtincha saqlash markaziga joylashtirilgan. Mazkur fuqarolar ushbu binoda o‘zbek estrada xonandasi Jaloliddin Ahmadaliyev konsert bergani uchun borgan. Konsert Rossiyaning tegishli tashkilot va idoralari bilan belgilangan tartibda kelishilmagan bo‘lib, aynan shu holat mazkur voqeaga sabab bo‘lgan.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burhonov Novosibirsk shahridagi O‘zbekiston Respublikasining Bosh konsulxonasi tezkor tarzda ushbu fuqarolarga zaruriy huquqiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha choralar ko‘rayotganini ma’lum qilgandi.

Bosh konsulxonaga ko‘ra, ilgari Novosibirsk shahrida o‘tkazilgan xuddi shunday konsert shahar rasmiy hokimiyati bilan oldindan kelishilgan, to‘la zalda o‘tgan va tomoshabinlar tomonidan iliq kutib olingan. Shu bilan birga, Krasnoyarsk o‘lkasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilayotgan bunday reydlar huquqiy asosga ega bo‘lishi va madaniy hordiq chiqarishga to‘sqinlik qilmasligi lozim. Mazkur Rossiya mintaqasi kuch tuzilmalari harakatlariga huquqiy baho berish maqsadida barcha zarur hujjatlar Krasnoyarsk o‘lkasining huquqni muhofaza qiluvchi organlariga taqdim etilgan. O‘zbekiston Migratsiya agentligi esa fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida litsenziyaga ega advokat voqea joyiga yuborilganini ma’lum qilgandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq deputat Bobur Bekmurodov O‘zbekistonda SSSR bayroqlarini ko‘tarib chiqish – amaldagi konstitutsiyaviy tuzumga zid bo‘lgan, yot kommunistik g‘oyalarni yoqlash sifatida qabul qilinishi lozimligini aytgandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Bobur Bekmurodov OMON

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing