Endi Rossiya va Belarus yoshlari Olimpiya o‘yinlarida qatnashishi mumkin

Olam

image

Kecha, 11 dekabr kuni Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi (XOQ) Rossiya va Belarusdan kelgan o‘smir sportchilarga o‘z davlat bayroqlari va madhiyalari ostida musobaqalarda qatnashishga ruxsat berdi, biroq ushbu davlatlar hukumatlariga qarshi qo‘llanilgan qoidalar o‘z kuchida qolmoqda. Bu haqda Lozannada bo‘lib o‘tgan Olimpiya sammitida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, XOQ sport federatsiyalariga Rossiya va Belarus sportchilariga yakka va jamoaviy sport turlari bo‘yicha yoshlar musobaqalarida ishtirok etishga ruxsat berishni tavsiya qilgan. 

XOQ bayroqlar, madhiyalar, formalar va boshqa elementlarga oid “standart protokollar” milliy federatsiya “yaxshi holatda” bo‘lsa, yosh sportchilar ishtirokidagi turnirlarda ham qo‘llab-quvvatlanishini bildirdi. Ushbu tavsiyalar 2026 yilda Senegalning Dakar shahrida bo‘lib o‘tadigan Yozgi O‘smirlar Olimpiya o‘yinlariga qadar amalga oshirilishi kerakligi aytildi. 

“Bugungi Olimpiya sammitida sportchilar, xususan, yosh sportchilar o‘z hukumatlarining xatti-harakatlari uchun javobgar bo‘lmasliklari tan olindi”, deyiladi XOQ bayonotida. 

Biroq qo‘mita sportchilar “Olimpiya harakatining birlik va tinchlikni targ‘ib qilish missiyasini qo‘llab-quvvatlashlari” kerakligini ta’kidladi. Bunga qarshi bo‘lganlar chetlashtirilishi mumkin. 

XOQ, shuningdek, 2022 yildan beri amalda bo‘lgan Belarusda xalqaro turnirlarni o‘tkazmaslik haqidagi tavsiyasini bekor qildi. Ushbu tavsiya to‘liq ko‘lamli urush boshlanishida ba’zi rus qo‘shinlari Ukrainaga Belarusdan kirganidan keyin joriy etilgandi. Biroq XOQ xalqaro federatsiyalar hali ham Rossiyada sport tadbirlarini o‘tkazish yoki qo‘llab-quvvatlashdan tiyilishi kerakligini ta’kidladi. 

Tashkilot, shuningdek, Rossiya va Belarus hukumatlariga qarshi qo‘llanilgan sanksiyalarni saqlab qoldi. Xususan, bularga ushbu mamlakatlar rasmiylarini xalqaro sport tadbirlariga akkreditatsiya qilish yoki taklif qilish, shuningdek, ular bilan uchrashuvlarga cheklovlar kiradi.

Ma’lumot o‘rnida, qo‘mita kattalar musobaqalarida rossiyalik va belaruslik sportchilar uchun amaldagi cheklovlarni saqlab qoldi. Masalan, 2024 yilgi Parij Olimpiadasida Rossiya va Belarus sportchilariga faqat Ukrainaga qarshi urushni faol qo‘llab-quvvatlamagan va o‘z mamlakatlari xavfsizlik kuchlari yoki milliy terma jamoalari bilan aloqasi bo‘lmagan sportchilargina neytral bayroq ostida qatnashishiga ruxsat berilgan edi. Shuningdek, o‘yinlarning rasmiy maydonlarida Rossiya va Belarus bayroqlari hamda bu davlatlarning boshqa ramzlarini namoyish etish taqiqlangan.

Xuddi shunday cheklovlar 2026 yil fevral oyida Italiyaning Milan va Kortina-d’Ampetsso shaharlarida bo‘lib o‘tadigan Qishki Olimpiya o‘yinlarida ham saqlanib qoladi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Olimpiya o'yinlari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing