Inesta Afrika jamoasini boshqarishi mumkin
Sport
−
19 yanvar 912 1 daqiqa
“Barselona” va Ispaniya terma jamoasining sobiq yarim himoyachisi Andres Inesta Marokash Qirollik futbol federatsiyasi (FRMF)ning e’tibor markaziga tushdi. Federatsiya Inestaning Marokash terma jamoasi murabbiylar shtabiga qo‘shish haqida jiddiy o‘ylamoqda. Bu haqda “Mundo Deportivo” nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, 41 yoshli ispaniyalik mutaxassis Marokash va Senegal o‘rtasidagi Afrika kubogi final uchrashuvini tomosha qilish uchun Rabot shahriga taklif etilgan.
Ma’lum qilinishicha, Inesta yaqinda murabbiylik faoliyatiga tayyorgarlik ko‘rishni boshlagan va shu bilan birga elita futbol olami bilan yaqin aloqada bo‘lish istagini bildirgan. U kelajakda bosh murabbiy yoki sport menejmenti yo‘nalishida faoliyat yuritishni rejalashtirmoqda.
Qayd etish joiz, Marokash Ispaniya va Portugaliya bilan birgalikda 2030 yilgi Jahon chempionatiga mezbonlik qiladi. Shu sababli mamlakat futbol rahbariyati uzoq muddatli va yirik futbol loyihalarini amalga oshirishni ko‘zlamoqda.