Inson huquqlari sohasidagi vazifalarni bajarishga 400 mln dollar kerak – BMT

Olam

image

BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Tyurk 2026 yil uchun inson huquqlari sohasidagi global vazifalarni amalga oshirish maqsadida 400 million dollar mablag‘ yig‘ish kampaniyasi boshlanganini e’lon qildi. Bu haqda BMTning rasmiy saytida xabar berildi.

Qayd etilishicha, 2025 yilda BMT Inson huquqlari bo‘yicha boshqarmasi (OHCHR) xodimlari 87 mamlakatda 1,3 mingdan ortiq sud jarayonini kuzatgan, qiynoqlardan jabr ko‘rgan 67 ming kishiga yordam ko‘rsatgan, o‘n minglab huquqbuzarliklarni hujjatlashtirgan hamda o‘zboshimchalik bilan hibsga olingan 4 mingdan ortiq shaxsning ozod etilishiga ko‘maklashgan.

Moliyalashtirish qisqargani sababli 2025 yilda OHCHR inson huquqlari monitoringi bo‘yicha atigi 5 mingta missiya o‘tkaza olgan. Bu ko‘rsatkich 2024 yilda 11 mingta bo‘lgan.

“Bizning hisobotlarimiz dezinformatsiya va senzura sabab haqiqat xiralashayotgan bir paytda inson huquqlari sohasidagi jinoyatlar va tendensiyalar haqida ishonchli ma’lumot beradi. Ular BMT Xavfsizlik kengashi hamda Inson huquqlari kengashidagi muhokamalar uchun asos bo‘lib xizmat qiladi va xalqaro sudlar tomonidan keng iqtibos qilinadi, javobgarlikni ta’minlash uchun muhim dalillarni taqdim etadi”, deydi Oliy komissar.

U, shuningdek, OHCHR 2 ming xodimidan qariyb 300 nafarini yo‘qotganini va 17 mamlakatda o‘z faoliyatini yopishga yoki keskin qisqartirishga majbur bo‘lganini afsus bilan qayd etgan. Bu esa Kolumbiya va Gvineya-Bisaudan tortib Tojikistongacha bo‘lgan hududlarda xavf ostidagi, zaif yoki ajratilgan jamoalar uchun hayotiy ahamiyatga ega dasturlarning to‘xtatilishiga olib kelgan. 

BMT ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yilda boshqarmaning tasdiqlangan muntazam byudjeti 246 million AQSH dollarini tashkil etgan, biroq amalda 191,5 million AQSH dollari olingan. Qo‘shimcha ravishda 500 million AQSH dollari miqdorida ixtiyoriy badallar so‘ralgan bo‘lsa-da, donorlar atigi 257,8 million AQSH dollari ajratgan.

2026 yil uchun BMT Bosh Assambleyasi OHCHR’ning muntazam byudjetini 224,3 million AQSH dollari miqdorida tasdiqlagan bo‘lib, bu mablag‘ a’zo davlatlarning majburiy badallari hisobidan shakllantiriladi. Bu summa 2025 yilga nisbatan 10 foizga kam. Shu bilan birga, boshqarma amalda qancha mablag‘ olishi borasida noaniqlik saqlanib qolmoqda. 2026 yilgi kampaniya doirasida boshqarma qo‘shimcha ravishda 400 million dollar ixtiyoriy badal so‘ramoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish jahon tashkiloti jiddiy moliyaviy inqiroz yoqasiga kelib qolganini ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

BMT Inson huquqlari Fol'ker Tyurk

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing