iPhone ishlab chiqarilishida inqilobiy o‘zgarish bo‘ladi – manba
Texnologiya
−
28 avgust 6544 2 daqiqa
Apple korporatsiyasi iPhone liniyasida keyingi uch yil davomida bosqichma-bosqich joriy etiladigan keng ko‘lamli o‘zgarishlarga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu haqda “Bloomberg” sharhlovchisi Mark Gurman xabar berdi.
Birinchi bosqich iPhone 17 Air modelining chiqarilishi bo‘ladi. U joriy yilning sentyabrida taqdim etiladi. Smartfon iPhone 16 Plus’ning vorisi bo‘lib, o‘ta yupqa va minimalistik qurilma sifatida taqdim etiladi. iPhone 17 Air bitta orqa kamera, Apple ishlab chiqargan modem, kichraytirilgan akkumulyatorga ega bo‘ladi. Shuningdek, jismoniy SIM-karta slotidan voz kechiladi hamda faqat eSIM qo‘llab-quvvatlanadi.
Ikkinchi bosqich – 2026 yilda Apple ilk bukiladigan qurilmani taqdim etishni rejalashtirmoqda. Smartfon to‘rtta kameraga ega bo‘ladi, jumladan, ikki asosiy modul, shuningdek tashqi va ichki ekranlarda sensorlar o‘rnatiladi. Bu modelda Apple C2 modemi va in-cell turidagi yangi avlod displeyi paydo bo‘lib, u sensor sezgirligini yaxshilashi va bukilish joyidagi chiziq ko‘rinishini kamaytirishi kerak.
Uchunchi bosqich – 2027 yilga borib Apple brendning 20 yilligiga bag‘ishlab yubiley smartfon – iPhone 20 ni tayyorlamoqda. Mark Gurmanning so‘zlariga ko‘ra, qurilma tubdan yangilangan tashqi ko‘rinishga ega bo‘ladi. Xususan, u egri oynali korpus va butkul qayta ishlangan dizayn bilan bu butun liniya tarixidagi eng muhim o‘zgarishni o‘zida jam qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq iPhone’ning yangi avlodini taqdim etishga bag‘ishlangan Apple’ning yillik tadbiri joriy yilning 9 sentyabr kuni bo‘lib o‘tishi e’lon qilingan edi. Taqdimot Kaliforniyaning Kupertinodagi Apple shtab-kvartirasida joylashgan Stiv Jobs teatrida o‘tkaziladi va mahalliy vaqt bilan soat 10:00 da (Toshkent vaqti bilan 22:00 da) boshlanadi.
Live
Barchasi