Tim Kuk Apple bosh direktori lavozimini tark etishi mumkin
Olam
−
15 noyabr 1397 2 daqiqa
Apple kompaniyasi bosh direktori Tim Kuk 2026 yilning o‘zidayoq lavozimini tark etishi mumkin. Uning ehtimoliy vorisi kompaniyaning qurilmalar uchun apparat ta’minoti bo‘yicha katta vitse-prezidenti Jon Ternus hisoblanadi. Bu haqda “Financial Times” xabar berdi.
Joriy yilning oktyabr oyida “Bloomberg” agentligi ham Apple’da rahbariyat almashinuvi bo‘yicha yirik jarayon boshlanganini va Tim Kukning o‘rniga Ternus nomzod sifatida ko‘rilayotganini xabar qilgan.
Xabarda aytilishicha, Apple Tim Kuk kelasi yilda bosh direktor lavozimini tark etishiga tayyorlanar ekan, rahbariyat almashuvi rejasini jadallashtiryapti. Direktorlar kengashi va yuqori rahbariyat kompaniya qiymati to‘rt trillion dollarni tashkil etayotgan bir paytda, 14 yildan ortiq boshqaruvdan so‘ng Kukuning “hokimiyatni” topshirishiga faol tayyorgarlik ko‘ryapti. Eng ehtimoliy voris sifatida Jon Ternus ko‘rilmoqda, biroq hali yakuniy qaror qabul qilinmagan.
Gazeta manbalariga ko‘ra, uzoq vaqt rejalashtirilgan rahbariyat almashinuvi kompaniyaning joriy ko‘rsatkichlari bilan bog‘liq emas. Shuningdek, Apple yanvar oyining oxirigacha yangi bosh direktor tayinlashi ehtimoli past ekani qayd etilgan.
Ma’lumot uchun, 1976 yilda tashkil etilgan Apple kompaniyasi shaxsiy va planshet kompyuterlari, smartfonlar, aqlli soatlar hamda dasturiy ta’minot ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Apple korporatsiyasi iPhone’ning 20 yilligiga bag‘ishlab shisha smartfon chiqarishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi. Bu sana 2027 yilga to‘g‘ri keladi. Korporatsiya “mutlaqo yangi dizaynga ega” iPhone Pro ishlab chiqishni va’da qilgan.
Mohichehra Qadamova
Live
Barchasi