Rasman: “Sanjik” giyohvand moddalar iste’mol qilganini tan oldi
3-sahifa
−
24 aprel 8794 2 daqiqa
“Real Sanjik” nomi bilan tanilgan tadbirkor va bloger Sanjar Karimov giyohvand moddalar iste’mol qilganini tan oldi. U bu haqda bugun, 24 aprel kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudida o‘ziga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha navbatdagi ochiq sud jarayonida aytib o‘tdi.
Avval xabar berganimizdek, Sanjar Karimov Jinoyat kodeksining 112-moddasi (o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) 1-qismi, 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi hamda 273-modda (giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.

Navbatdagi sud majlisida 2025 yil 27 noyabr kuni ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan kechiktirib bo‘lmas tintuvda ishtirok etgan guvohlarning ko‘rsatmalari tinglandi.
Tezkor tadbir davomida ish hujjatlarida qayd etilmagan, Sanjar Karimovga tegishli bo‘lgan boshqa uy-joylar ham ruxsatsiz tintuv qilingani ma’lum bo‘ldi.

Tintuv davomida Karimovning ofis stoli tortmasidan “Parliament” tamaki mahsuloti qutisi ichida polietilen paketga o‘ralgan qo‘ng‘ir rangli, o‘tkir hidli mumsimon modda, turli kupyuralarga o‘ralgan yashil rangli o‘tsimon moddalar, chekish uchun mo‘ljallangan 0,5 litrli "baklajka" idishi hamda xonadon yerto‘lasidagi kiyim javonidan palto ichki cho‘ntagidagi gugurt qutisi ichida saqlangan yashil rangli o‘tsimon moddalar topilgani aytildi.
Ayblanuvchi Sanjar Karimov ushbu moddalar marhum otasiga tegishli bo‘lganini bildirdi. Uning aytishicha, otasi AQSH fuqarosi bo‘lgan va umrining so‘nggi ikki yilini O‘zbekistonda oilasi hamda o‘g‘li bilan birga o‘tkazgan. Shuningdek, u otasi bilan birgalikda mazkur ofisni boshqargani, tutash xonadonda otasi yashaganini ham qayd etdi. Karimovning so‘zlariga ko‘ra, otasi salomatligi yomonlashgani sababli ushbu moddalarni iste’mol qilgan.

Sanjar Karimov otasining vafotidan keyin ruhiy tushkunlik holatida "baklajka" orqali ikki marta giyohvandlik moddasini yakka o‘zi iste’mol qilganini, biroq ushbu moddalarni sotish yoki tarqatish maqsadida saqlamaganini, bu shunchaki otasidan qolgan meros ekanini aytdi.
“Janob sudya bu moddalar marhum otamga tegishli edi. Otam keksaligi tufayli, og‘riqlarini qoldirish maqsadida chekib turardi. Otam vafotidan keyin siqilganda ikki marta chekib ko‘rganman, tan olaman, lekin sotish yoki tarqatish niyatim bo‘lmagan, bu otamdan qolgan meros. Men katta tadbirkorman, bunday ishlar bilan shug‘ullanishga or qilaman”, deya izoh berdi Karimov.
QALAMPIR.UZ tez orada ushbu sud majlisidan batafsil videoreportajni taqdim etadi. Ko‘rsatuvni YouTube kanalimizda tomosha qilishingiz mumkin.
Live
Barchasi