Hakamlarning O‘zbekiston kubogi finalidagi qarorlari tekshirildi
Sport
−
30 Oktabr 14243 2 daqiqa
Kecha, 29 oktyabr kuni Andijondagi “Bobur Arena”da “Paxtakor” va “Buxoro” jamoalari o‘rtasida O‘zbekiston kubogi finali bo‘lib o‘tdi. Unda “Paxtakor” mamlakat kubogini qo‘lga kiritdi. Uchrashuvda yuzaga kelgan bahsli qarorlar yuzasidan O‘zbekiston futbol hakamlari markazi (O‘zFHM) izoh berdi.
Xususan, uchrashuvdagi bahsli sariq kartochka bo‘yicha O‘zFHM bosh hakamning qaroriga qo‘shilmadi. Uchrashuvning 75-daqiqasida “Paxtakor” futbolchisi Resan Bashar raqibga nisbatan qo‘pol tarzda o‘ynadi. VAR aralashuvidan so‘ng bosh hakam Nayim Qosimov epizodni qayta ko‘rib chiqdi, biroq o‘z qarorini o‘zgartirmay, futbolchiga sariq kartochka ko‘rsatish bilan cheklandi. Ekspert hakamlar guruhi esa mazkur holatda bosh hakam Nayim Qosimov “Paxtakor” futbolchisiga to‘g‘ridan to‘g‘ri qizil kartochka ko‘rsatishi lozimligini, uning qarori noto‘g‘ri bo‘lganini ma’lum qildi.
Markaz O‘zbekiston kubogi final uchrashuvining asosiy vaqtiga qo‘shib berilgan daqiqalarda “Buxoro” jamoasining hisobga olinmagan goli yuzasidan ham izoh berdi. Bildirilishicha, VAR tekshiruvi natijasiga ko‘ra, birinchi holatda “Buxoro”ning 93-raqamli futbolchisi Marko Kolakovich ofsayd holatida bo‘lgan, ikkinchi vaziyatda esa 22-raqamli futbolchi Tomo Tabadatze ham o‘yindan tashqari holatda bo‘lgani sabali ushbu futbolchilar hujum epizodida faol ishtirok etgani deb hisoblanib, gol inobatga olinmagan.
Eslatib o‘tamiz, ushbu o‘yinda Toshkentning “Paxtakor” jamoasi Hojimat Erkinovning yagona goli evaziga g‘alaba qozonib, 14-marta mamlakat kubogini qo‘lga kiritgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi