Harbiy to‘ntarishdan so‘ng polkovnik Madagaskar prezidenti bo‘ldi
Olam
−
18 Oktabr 3024 2 daqiqa
Harbiy to‘ntarishdan bir necha kun o‘tib, 51 yoshli polkovnik Maykl Randrianirina Madagaskarning yangi prezidenti etib tayinlandi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Kecha, 17 oktyabr kuni mamlakat Konstitutsiyaviy sudi Randrianirinaning qasamyodini qabul qilib, uni “respublikani qayta tiklash uchun o‘tish davri prezidenti” sifatida lavozimga tasdiqlagan.
Randrianirina sudning 60 kun ichida saylov o‘tkazish haqidagi talabini rad etib, saylovlarni bir yarim yoki ikki yil ichida o‘tkazishga va’da bergan. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda fuqarolik boshqaruviga qaytishdan avval keng qamrovli islohotlar zarur.
Inauguratsiya nutqida oddiy kiyimda so‘zlagan Maykl Randrianirina sodir bo‘layotgan voqealarni “tarixiy burilish” deb atagan va yoshlarning ijtimoiy hamda iqtisodiy muammolarga yechim topish haqidagi talablarini inobatga olishga va’da bergan. Tantanada yuqori lavozimli harbiylar, siyosatchilar, yoshlar tashkilotlari vakillari hamda Germaniya, Fransiya, AQSH, Xitoy va Rossiya diplomatlari ishtirok etgan.
Ag‘darilgan prezident Andri Radzuelina ommaviy noroziliklardan so‘ng mamlakatni tark etib, parlament tomonidan hokimiyatdan chetlatilgan. OAV xabariga ko‘ra, u hozir Dubayda. Uning tarafdorlari Radzuelinani hanuz qonuniy davlat rahbari deb hisoblashmoqda. U 2009-yilgi harbiy to‘ntarish orqali hokimiyat tepasiga kelgan va 2019 yildan beri Madagaskarga rahbarlik qilib kelayotgan edi.
Ma’lumot uchun, Afrikaning janubi-sharqiy qirg‘og‘ida joylashgan Madagaskar maydoni bo‘yicha Italiyadan ikki baravar katta, ammo aholisi qariyb 30 million kishi, ya’ni Italiya aholisidan ikki baravar kam. Mamlakat dunyodagi eng yirik vanil eksportchisi hisoblanadi, biroq Jahon banki ma’lumotiga ko‘ra, aholining 80 foizi qashshoqlik chegarasida yashaydi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning sentyabr oxiridan boshlab minglab yoshlar ko‘chalarga chiqib, prezident iste’fosini talab qilayotgandi. Ayrim joylarda zo‘ravonliklarga aylanib ketgan namoyishlar elektr va suv ta’minotidagi uzilishlar, ta’lim tizimidagi inqiroz, ishsizlik va chuqur qashshoqlik tufayli boshlangan. Maykl Randrianirina boshchiligidagi isyonchi CAPSAT maxsus bo‘linmasi 14 oktyabr kuni hokimiyatni egallaganini e’lon qilgan edi.
Live
Barchasi