Madagaskarda harbiy to‘ntarish: isyon yetakchisi prezident bo‘lmoqchi
Olam
−
16 Oktabr 3871 2 daqiqa
Madagaskarda hokimiyat harbiy to‘ntarish ortidan almashdi. Amaldagi Prezident oroldan qochib ketdi, mamlakatning yangi rahbari esa polkovnik Maykl Randrianirina bo‘lishi kutilmoqda. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, harbiylar mamlakatdagi davlat hokimiyati harbiy kengash nazoratiga o‘tganini e’lon qilgan. Kengash tarkibiga armiya, jandarmeriya va milliy politsiya vakillari kirgan.
“Biz hokimiyatni o‘z qo‘limizga oldik”, deya milliy radioda bayonot bergan polkovnik Maykl Randrianirina.
Shuningdek, Konstitutsiya amal qilishdan to‘xtatilgan, Madagaskar parlamentining quyi palatasi (Milliy Assambleya)dan tashqari barcha davlat institutlari tarqatib yuborilgan. Harbiylar hokimiyatni o‘z qo‘liga olganini e’lon qilishdan bir necha daqiqa oldin deputatlar Prezident Andri Radzuelinani lavozimidan chetlatish uchun ovoz bergan.
“Euronews” xabariga ko‘ra, Madagaskar Prezidenti Andri Radzuelina Facebook orqali jonli efirga chiqib, hayotiga tahdidlar tufayli mamlakatni tark etganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bir necha haftadan beri davom etayotgan hukumatga qarshi norozilik namoyishlari harbiy isyonga sabab bo‘lgan.
“Men o‘z hayotimni himoya qilish uchun xavfsiz joy topishga majbur bo‘ldim”, degan u.
Radzuelina qachon mamlakatni tark etganini va hozir qayerda ekanini oshkor etmagan, biroq ayrim xabarlarda u Fransiya harbiy samolyotida olib chiqib ketilgani aytilgan. Fransiya Tashqi ishlar vazirligi esa bu ma’lumotni izohlashdan bosh tortgan.
Madagaskar Oliy konstitutsiyaviy sudi ham Radzuelinaning iste’fosini tasdiqlagan. Endi kutilishicha, ertaga, 17 oktyabr kuni harbiylar yetakchisi polkovnik Maykl Randrianirina Madagaskar Respublikasining o‘tish davri prezidenti sifatida qasamyod qiladi.
Qayd etish joiz, Madagaskarda joriy yilning sentyabr oyi oxirida boshlangan hukumatga qarshi norozilik namoyishlari “Z avlod” (Gen Z Mada) yoshlar tashkiloti yetakchiligida o‘tgan va 11 oktyabr kuni cho‘qqisiga chiqqandi. O‘shanda Quruqlikdagi qo‘shinlar shaxsiy tarkibini boshqarish korpusi (CAPSAT) harbiy elita bo‘linmasi namoyishlarga qo‘shilib, Radzuelina va uning hukumatini iste’foga chaqirgan.
Oradan ko‘p o‘tmay, CAPSAT qo‘mondonligi mamlakatda hokimiyatni egallaganini va davlat institutlarini tarqatganini e’lon qildi. Prezident ma’muriyati esa o‘shanda ham Radzuelina hokimiyatda qolayotganini da’vo qilgan.
Qizig‘i shundaki, hokimiyatni egallagan aynan shu CAPSAT bundan 16 yil oldin – 2009 yilda Andri Radzuelinaga Madagaskar rahbari bo‘lishga yordam bergan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andri Radzuelinaning mamlakatdan qochib ketishi ortidan harbiylar hokimiyatni egallagani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi