Hindistonda mashhur aktyor o‘tkazgan mitingda ko‘plab odamlar halok bo‘ldi

Olam

image

Hindiston janubidagi Tamilnad shtatida siyosiy mitingda yuz bergan tiqilinchda kamida 39 kishi, jumladan, bolalar halok bo‘ldi. Bu haqda BBC shtat rasmiylariga tayanib xabar berdi.

27 sentyabr kuni Karur tumanidagi aktyor va siyosatchi Vijayning saylovoldi tashviqoti tadbiriga o‘n minglab odamlar yig‘ildi. Mahalliy matbuotning yozishicha, tadbir bir necha soatga kechiktirilgan. Telekanallarda odamlar olomon orasida hushidan ketayotgani aks etgan.

Mahalliy shifoxona oldida jurnalistlar bilan suhbatda siyosatchi Sentil Balaji qurbonlar sonini tasdiqladi va 50 dan ortiq odam jarohatlanganini aytdi.

Shtat Sog‘liqni saqlash vaziri Ma Subramanian mahalliy OAVga halok bo‘lganlar orasida kamida 16 ayol, to‘qqiz erkak va olti bola borligini aytdi.

Tamilnad shtati hukumati rahbari Mutxuvel Karunanidxi tiqilinchda hushini yo‘qotgan ba’zi odamlar shifoxonaga yotqizilganini aytdi va hukumat qo‘shni tumanlar shifokorlaridan yordam so‘raganini qo‘shimcha qildi.

Shuningdek, u qurbonlarning oilalariga bir million rupiy (11 ming 300 dollar) miqdorida tovon puli to‘lanishini va voqea yuzasidan tergov olib borilishini aytdi.

Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi voqeaga munosabat bildirdi.

“Tamilnad shtatining Karur tumanida bo‘lib o‘tgan siyosiy mitingda yuz bergan baxtsiz hodisadan chuqur afsusdamiz. Men o‘z yaqinlarini yo‘qotgan oilalar bilan doimo birgaman. Ularga mana shu og‘ir damlarda sabr tilayman. Barcha jarohatlanganlarning tezroq sog‘ayib ketishini tilayman”, deb yozadi u sahifasida.

Aktyor Vijayning o‘zi ham halok bo‘lganlarning oila a’zolariga chuqur hamdardlik bildirib, jarohatlanganlarning tezroq sog‘ayib ketishini tiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hindistonda har yili o‘tkaziladigan ko‘p minglik kortej paytida yuz bergan tiqilinch oqibatida kamida 6 kishi halok bo‘lgandi va 50 dan ortiq kishi jarohat olgandi hamda ziyoratchilar orasida to‘satdan vahima boshlangandi.


Maqola muallifi

Teglar

Hindiston Narendra Modi aktyor Ma Subramanian siyosiy miting Vijay Mutxuvel Karunanidxi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing