“Hududgazta’minot” yarim trillion qarzi bo‘la turib, “ekologiya uchun” 3 ta elektromobil sotib oldi
Jamiyat
−
13 yanvar 4270 1 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda “Hududgazta’minot” AJ katta miqdorda qarzi bo‘lishiga qaramay, 3 ta qimmatbaho elektromobillarni xarid qilgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Tashkilot ushbu “ekologik toza” avtomobillarni Prezident qarori asosida sotib olingani bo‘yicha rasmiy munosabat bildirdi.
Tarmoqlarga tarqalgan xabarlarga ko‘ra, tashkilot 1 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ga ikki dona BYD ATTO 8 rusumli hamda qariyb 400 mln so‘mga BYD Song Plus avtomobillarini xarid qilgan.
Rasmiy munosabatda ma’lum qilinishicha, ushbu xarid O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Elektromobillar ishlab chiqarishni tashkil etishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 443-son qarori asosida amalga oshirilgan.
“Qarorga ko‘ra, davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlari, ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan korxonalar tomonidan avtotransport vositalarini biriktirish me’yorlari doirasida 2023–2025 yillardagi maqsadli ko‘rsatkichlar bo‘yicha elektromobillar va gibrid avtomobillarni xarid qilishga ruxsat berilgan”, - deyiladi xabarda.
Aksiyadorlik jamiyati ushbu qaror ijrosini ta’minlash maqsadida xizmat mashinalarini bosqichma-bosqich ekologik toza, “yashil” avtomobillarga almashtirish jarayonlari olib borilayotganini ma’lum qilgan.
MIB ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda “Hududgazta’minot” AJ ning umumiy qarzi 575 milliard so‘mdan ortiqni tashkil etmoqda.
Live
Barchasi