Har bahor shu bo‘lar takror yoxud Toshkentni suv bosdi!
Tahlil
−
04 may 3520 2 daqiqa
Kecha, 3 may kuni yoqqan kuchli yomg‘ir oqibatida poytaxt ko‘chalari suvga to‘ldi. Ko‘plab xonadonlarga suv kirib ketdi. Bundan tashqari, Chorsu metro bekati ham suv oqovasi bilan to‘ldi. Vaziyatni yaqindan o‘rganish maqsadida QALAMPIR.UZ voqea joyiga chiqib o‘rgandi.
Ma’lum bo‘lishicha, metro bekati Eski Juva – Chorsu bozori atrofidagi pastqam hududda joylashgan. Shu sabab, bozor tomondan kelgan oqova suvlar to‘g‘ridan to‘g‘ri bekat tomonga oqib tushgan. Vaziyatni yanada og‘irlashtirgani – hududdagi ayrim drenaj tizimlari sun’iy ravishda berkitib qo‘yilganidir.
Shunga qaramay, kuchli yog‘ingarchilik metro faoliyatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmagan. Qatnovlar to‘xtamagan, bekat jiddiy talafot ko‘rmagan.
“Toshkent metropoliteni texnik bazasida maxsus suv tortuvchi nasoslar mavjud. Suv bekat ichkarisiga o‘tmagan, ichki drenaj tizimi va nasoslar yordamida vaziyat tezda bartaraf etildi”, deydi “Toshkent metropoliteni” DUK xodimi Ibrohim Ismoilov.
Voqea joyiga Toshkent shahar hokimi hamda Shayxontohur tumani rahbariyati ham yetib kelib, holatni o‘rgandi. Hokimlik vakiliga ko‘ra, 2025 yilda poytaxt bosh rejasi ishlab chiqilgan bo‘lib, unga muvofiq drenaj tizimlarini 2050 yilgacha bosqichma-bosqich rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. Ammo bu muddat shunchalik uzoqki, u hatto mamlakatning 2030 yilgacha mo‘ljallangan strategik rejalaridan ham “buyukroq” ko‘rinadi.
Voqea tafsilotlari bilan batafsil tanishish uchun QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasi orqali ushbu videoni tomosha qiling.
Live
Barchasi