9-sinf o‘quvchisi yomon baho uchun o‘qituvchini pichoqladi
Olam
−
16 dekabr 16818 2 daqiqa
Rossiyaning Sankt-Peterburg shahri Krasnogvardeysk tumanidagi maktabning 9-sinf o‘quvchisi o‘qituvchini pichoqladi. Bu haqda Rossiya Ichki ishlar vazirligining shahar va Leningrad viloyati bo‘yicha Bosh boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.
Voqea kecha, 15 dekabr kuni tonggi soat 07:09 da sodir bo‘lgan. Tuman politsiyasiga voyaga yetmagan o‘quvchi maktabga pichoq bilan kelib, 29 yoshli o‘qituvchini pichoqlagani haqida xabar kelib tushgan. Hodisaga o‘qituvchining o‘quvchiga yomon baho qo‘ygani sabab bo‘lgan. O‘qituvchi olgan tan jarohati oqibatida shifoxonaga yotqizilgan.
Keyinchalik o‘quvchi o‘z joniga qasd qilishga uringan, ammo politsiya tomonidan buning oldi olingan.
“O‘quvchi o‘qituvchi bilan kelishuvga ko‘ra soat 07:00 da testni to‘g‘rilash uchun kelgan. O‘qituvchi unga qaramay turganda, u ayolni pichoqlagan. Keyin o‘smir o‘zini pichoqlagan va hozir shifoxonaga olib ketilgan. Voqea sodir bo‘lganda maktabda boshqa hech kim bo‘lmagan”, deb yozmoqda mahalliy matbuot.
Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi Sankt-Peterburg shahri bo‘yicha Bosh tergov boshqarmasining Krasnogvardeysk tumani bo‘yicha tergov boshqarmasi Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 30-moddasi 3-qismi va 105-moddasi 1-qismi (qotillikka urinish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atdi.
Sodir bo‘lgan jinoiy holat ortidan Sankt-Peterburg ta’lim qo‘mitasi ta’lim muassasalariga xavfsizlik tizimlarini kuchaytirishni buyurdi. Psixologik, pedagogik, tibbiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazlariga o‘quvchilar va ularning oilalari bilan profilaktika ishlariga alohida e’tibor berish tavsiya qilindi.
Ayni vaqtda jarohatlangan o‘qituvchining ahvoli og‘ir va shifoxonaning Jonlantirish bo‘limida qolmoqda.
Shuningdek, Tergov organi xavfsizlik talablariga javob bermaydigan xizmatlarni ko‘rsatish bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Maktabga hujum kuni navbatchilikda bo‘lgan qo‘riqchi ushbu jinoyatda gumon qilinib hibsga olindi.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 16 dekabr kuni Rossiyaning Moskva viloyatidagi maktablardan birida 9-sinf o‘quvchisi boshqa o‘quvchilarga pichoq bilan hujum qildi. Hodisa oqibatida tojik millatiga mansub o‘quvchi halok bo‘lgani aytilmoqda.
Live
Barchasi