Sankt-Peterburg migrantlarning ikkita ishni qilishiga taqiqni uzaytirmoqchi
Olam
−
14 noyabr 5881 2 daqiqa
Sankt-Peterburg rasmiylari ishlash uchun ruxsatnomasi bo‘lgan mehnat migrantlariga nisbatan taksichilik va kurerlik xizmatlarida ishlashga qo‘yilgan taqiqni 2026 yilgacha uzaytirmoqchi. Bu haqdagi qaror loyihasi kecha, 13 noyabr kuni gubernator Aleksandr Beglov tomonidan korrupsiyaga qarshi ekspertiza ko‘rib chiqishi uchun taqdim etildi.
Sankt-Peterburg Mehnat va bandlik qo‘mitasiga 2026 yil 1 avgustgacha gubernatorga taqiqni 2027 yilgacha uzaytirish maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida o‘z fikrlarini taqdim etish topshirildi.
Migrantlarning taksi haydovchisi bo‘lib ishlashiga taqiq joriy yilning iyul oyi oxirida joriy qilingan va u 2025 yilning oxirigacha davom etadi. Smolniy bu qaror “taksi xizmatlarining sifati va xavfsizligini oshirish hamda Rossiya fuqarolari uchun qo‘shimcha bandlik imkoniyatlarini yaratishga qaratilgan” deb izohladi. Taqiq 8 noyabrdan to‘liq kuchga kirdi. Bozor ishtirokchilarining so‘zlariga ko‘ra, cheklovlar shaharda haydovchilar sonining 12 foizga qisqarishiga olib kelgan.
Migrantlarning kurer sifatida ishlashini taqiqlash (shuningdek, dastlab faqat 2025 yilning oxirigacha) 11 avgust kuni e’lon qilingan edi. Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi shartnomasiga muvofiq, Belarus, Qozog‘iston, Armaniston va Qirg‘iziston fuqarolari Rossiyada patent yoki mehnat ruxsatnomasisiz ishlashi mumkin. Demak, ushbu taqiq, asosan, o‘zbekistonlik va tojikistonlik mehnat migrantlariga taalluqli.
“Ushbu qaror norasmiy bandlikka qarshi kurashish, kurerlik sohasida xizmatlar sifati va xavfsizligini oshirish, Rossiya fuqarolari, birinchi navbatda, yoshlar va talabalar uchun yangi ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan”, ta’kidladi Smolniy.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaga ishlash uchun borgan mehnat migrantlarining oylik maoshidan ortiq miqdordagi pulni vataniga o‘tkazishni taqiqlovchi qonun loyihasi Davlat dumasiga ko‘rib chiqish uchun kiritilgandi.