AQSH hukumati faoliyatini to‘xtatdi

Olam

image

Kecha, 1 oktyabr kuni AQSHda rasmiy ravishda “shatdaun” boshlandi – federal hukumat yangi moliyaviy yil uchun byudjetni qabul qila olmaganidan keyin faoliyatini to‘xtatdi. Bu haqda “Sky News” xabar berdi.

AQSH hukumati deyarli yetti yildan keyin ilk bor to‘xtab qoldi. Bunga senatorlarning federal moliyalashtirishni yetti haftaga vaqtincha uzaytirish bo‘yicha oxirgi daqiqadagi qonun loyihasida kelishuvga erisha olmagani sabab bo‘ldi. Joriy yilning 30 sentyabr kuni Senat biri demokratlar, ikkinchisi respublikachilar tomonidan taklif qilingan qisqa muddatli moliyalashtirish bo‘yicha ikkita qonun loyihasini ovozga qo‘ydi, ammo ikkalasi ham hukumat idoralarini ochiq saqlash uchun zarur bo‘lgan 60 ovozni ololmadi.

Bu davrda davlat muassasalariga mablag‘ sarflash taqiqlanadi, davlat xizmatchilarining aksariyati maosh to‘lanmaydigan ta’tilga yuboriladi, muhim ahamiyatga ega sohalarda ishlaydiganlar (shifokorlar, chegara xodimlari, harbiylar, transport xodimlari va boshqalar) esa ishlarini davom ettiradi, biroq maosh ololmaydi.

Bu deyarli so‘nggi yetti yildagi birinchi shunday holat. Oxirgi yillarda AQSH hukumati faqat qisman to‘xtab qolgan, chunki kongressmenlar muzokaralar davomida bir necha oylik vaqtinchalik byudjetlar (continuing resolution, CR) qabul qilib kelgan edi.

Zamonaviy tarixda “shatdaun”lar hozirgisi bilan birga 22 marta sodir bo‘lgan. Eng uzun shatdaun Trampning birinchi prezidentligi davrida yuz bergan va 35 kun davom etgan – 2018 yil 22 dekabrdan 2019 yil 25 yanvargacha. O‘shanda maosh to‘lanmaydigan ta’tilga yuborilgan bir qator davlat xizmatchilari oziq-ovqat yordami olishga majbur bo‘lgan, ish haqisiz ishlayotganlar esa ommaviy ravishda salomatligini tiklash ta’tiliga chiqib ketgan. O‘shanda “shatdaun” AQSH iqtisodiyotiga 3 milliard dollar zarar keltirgan. Respublikachilar davrida esa eng qisqa “shatdaun” ham bo‘lib o‘tgan. U atigi taxminan 5 soat davom etgan.

“Shatdaun” (inglizcha shutdown – “o‘chirish, yopilish”) – bu AQSHda Kongress byudjetni o‘z vaqtida qabul qilmagani sabab davlat organlarining moliyalashtirilishi to‘xtab qolishi holati. U 1 oktyabrda, ya’ni yangi moliyaviy yil boshlanganida yuz berishi mumkin. Agar shu muddatgacha Kongress byudjetni qabul qilmasa va prezident imzolamasa, davlat xizmatchilari majburiy, ammo maosh to‘lanmaydigan ta’tilga yuboriladi. Biroq huquqni muhofaza qilish organlari hamda ayrim “muhim” xizmatlar ishini davom ettiradi, faqat vaqtincha oyliksiz. 2019 yilda qabul qilingan qonunga ko‘ra, barcha davlat xizmatchilariga “shatdaun” tugagach, barcha kunlar uchun ish haqi to‘liq hisoblab beriladi. Odatda “shatdaun”lar federal xarajatlarning 25 foizidan ko‘prog‘iga ta’sir qilmaydi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Kongressi hukumat faoliyatining vaqtinchalik to‘xtatilishiga (“shatdaun”) tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida xabar berilgan edi. Keyinroq esa Donald Tramp mamlakatda hukumat ishi to‘xtashi ehtimoli borligini, ammo buni hali ham oldini olish mumkinligini aytdi.

Mohichehra Qadamova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

AQSh hukumat “shatdaun”

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing