AQSH va Isroil Eronga hujum ochdi: dunyo yetakchilari qanday munosabatda?

Olam

image

Isroil va AQSH hujumiga javoban Eron ham Isroil va Yaqin Sharqdagi bir nechta nishonlarga hujum qildi. Qarshilik kengayib borar ekan, dunyo va mintaqa yetakchilari turlicha munosabat bildirdi.

Munozaralarga munosabatlar xalqaro huquqiy e’tirozlar va diplomatik chaqiriqlardan tortib, suverenitet buzilishi hamda mintaqaviy keskinlik kuchayishi haqidagi ogohlantirishlargacha bo‘lgan.

Rossiya Xavfsizlik kengashi raisining o‘rinbosari va sobiq prezident Dmitriy Medvedev Vashingtonning diplomatik pozitsiyasini rad etgan.

“Tinchlikparvar asl qiyofasini ko‘rsatdi. Eron bilan olib borilgan muzokaralar shunchaki niqob edi. Buni hamma bilardi. Endi dushmanning ayanchli yakunini kutishga kimning sabri yetadi? Aslida hech kim jiddiy muzokara olib borishni istamagan”, degan Medvedev.

Shuningdek, Medvedev vaziyatni tarixiy nuqtai nazardan baholab, “AQSH atigi 249 yoshda, Fors imperiyasi esa 2 500 yildan ortiq tarixga ega ekanini aytgan va 100 yildan keyin ko‘ramiz”, deya xulosa qilgan.

Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo‘yicha rahbari Kaya Kallas voqealarni “xavfli” deb atagan va tinch aholini himoya qilish hamda xalqaro huquqqa rioya qilishga chaqirgan. 

“Men Isroil Tashqi ishlar vaziri Saar va mintaqadagi boshqa vazirlar bilan suhbatlashdim. Yevropa Ittifoqi, shuningdek, diplomatik yo‘llarni izlash maqsadida arab hamkorlari bilan yaqin hamkorlik qilmoqda”, degan Kaya Kallas.

Yevropa Ittifoqi, shuningdek, Yevropa fuqarolarini konsullik orqali chiqarish ishlarini boshlaganini bildirgan.

“Fuqarolarni himoya qilish va xalqaro gumanitar huquqqa rioya etish ustuvor vazifadir. Konsullik tarmog‘imiz Yevropa Ittifoqi fuqarolarining chiqib ketishini ta’minlash uchun to‘liq safarbar etilgan. Zarur bo‘lmagan Yevropa Ittifoqi xodimlari mintaqadan olib chiqilmoqda”, deya qo‘shimcha qilgan Kallas.

Birlashgan Arab Amirliklari Eronning raketa hujumini “xavfli keskinlashuv” deb qoralagan va javob qaytarish huquqini o‘zida saqlab qolishini ma’lum qilgan.

Bahrayn Eron hujumlari mamlakatdagi ob’ekt va inshootlarga qaratilganini tasdiqlab, buni “suverenitetning ochiqdan ochiq buzilishi” va “xiyonatkorona hujumlar” deb atagan hamda ular milliy xavfsizlik va aholi xavfsizligiga bevosita tahdid solayotganini bildirgan.

Norvegiya Tashqi ishlar vaziri Espen Bart Eyde Isroilning profilaktik zarba bo‘yicha asoslanishini “xalqaro huquqqa mos emas” deb atagan va bunday hujumlar faqat “bevosita va muqarrar tahdid” mavjud bo‘lgandagina asosli bo‘lishini ta’kidlagan.

Livan Bosh vaziri Navaf Salam Bayrutning mojaroga aralashmaslikka intilayotganini bildirgan.

 “Bizni hech kim mamlakat xavfsizligi va birligiga tahdid soladigan “sarguzashtlar”ga tortishiga yo‘l qo‘ymaymiz”, degan Navaf Salam.

Ukraina Tashqi ishlar vazirligi esa hozirgi vaziyat uchun “Oyatulloh rejimi harakatlari”ni sabab qilib ko‘rsatib, mas’uliyatni Tehron zimmasiga yuklagan.

Turli munosabatlar xalqaro huquqiy talqinlar va strategik pozitsiyalardagi farqlarni namoyon etmoqda: Yevropa rasmiylari xalqaro huquqqa urg‘u bermoqda, Fors ko‘rfazi davlatlari suverenitet va xavfsizlikka e’tibor qaratmoqda, Rossiya AQSH maqsadini shubha ostiga qo‘ymoqda, Ukraina esa aybni Eron rahbariyatiga yuklamoqda.

AQSH–Isroil–Eron urushi

Bugun, 28 fevral kuni Isroil kutilmagan vaqtda Eronga qarata havodan zarbalar yo‘lladi. Ushbu zarbalar Eronning muhim ob’ektlari – Prezident qarorgohi, davlat idoralari va yadro inshootlariga tekkani iddao qilinmoqda. Eronning “Mehr” axborot agentligi Tehrondagi Eron razvedka binosiga ham hujum qilinganini yozgan. Isroil tomonidan start berilgan operatsiya “Yehuda qalqoni” deb nomlangan. Dastlabki manbalarga ko‘ra, Eronga o‘ttizdan ortiq raketalar yo‘llangan bo‘lishi mumkin.

Oradan biroz vaqt o‘tib Isroil Mudofaa kuchlari Eronga hujumni rasman tasdiqlagan. Shuningdek, Mudofaa vazirligi Isroil fuqarolaridan xavfsiz joyga yashirinishni so‘ragan. Mamlakatda shoshilinch ravishda favqulodda holat e’lon qilingan.

Shu orada AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bo‘yicha operatsiyalar haqida 8 daqiqalik bayonot bergan va unda Eronga qilingan hujumda AQSHning ishtirok etganini tasdiqlagan. Uning qayd etishicha, Eronga qilingan harbiy opreatsiyalar Amerika xalqini himoya qilish uchun amalga oshirilmoqda. U o‘z bayonotida eronliklarni amaldagi tuzumni ag‘darishga chaqirgan. Tramp Eron harbiy xizmatchilariga taslim bo‘lishni va buning evaziga «immunitet» olishni taklif qildi yoki “muqarrar o‘lim”ni tanlashlari mumkinligini aytgan.

Qolaversa, barcha voqealarni bir chetdan kuzatib turgan Eron sobiq valiahd shahzodasi Rizo Pahlaviy ham Eron xalqiga murojaat qilib, mamlakat uchun hal qiluvchi lahzalar kelganini ta’kidlagan. Shuningdek, u bu so‘nggi jang ekanini va unfda Eron xalqi Islom Respublikasi tuzumi ustidan g‘alaba qozonishini ta’kidlagan.

Oradan ko‘p vaqt o‘tmay endi Eron Isroil davlati hududiga qarata zarba yo‘llashni boshladi.

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ham hujumlarni tasdiqlab, bayonot bergan. Unga ko‘ra, Isroil va AQSHning Eronga qarshi qo‘shma operatsiyasi Eron terror rejimi keltirib chiqarayotgan tahdidni bartaraf etishga qaratilgan. Netanyaxu maxsus murojaatida so‘nggi 47 yil davomida Eron rahbariyati Isroil va AQSHga qarshi ochiq tahdidlar qilgan hamda mintaqada zo‘ravonlik siyosatini yuritganini aytgan. 


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Eron Isroil Yaqin Sharqd

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing