Alisher Qodirov pivo festivali o‘tkazganlarni jazolash kerakligini aytdi

Jamiyat

image

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining rahbari Alisher Qodirov Toshkentda pivo festivalini o‘tkazgan va unga ruxsat bergan shaxslar jazolanishi kerakligini aytdi. Bu haqda Qodirov Telegram-kanalida yozdi. 

Deputatga ko‘ra, “Reklama to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, har qanday alkogolli ichimliklar reklamasi, alkogolli ichimliklar nomi, belgisi yoxud tasviridan foydalaniladigan tadbirlarda homiylik qilish taqiqlanadi.

“Bu festivalni o‘tkazgan va o‘tkazishga ruxsat berganlar javobgarlikka tortilishi kerak”, degan deputat. 

Ma’lumot uchun, “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 39-moddasiga muvofiq, pivoni, tabiiy va ko‘piklanadigan vinolarni reklama qilishda rag‘batlantiruvchi aksiyalar yoki shunga o‘xshash boshqa tadbirlar o‘tkazishga, madaniy-ko‘ngilochar, ommaviy va sport tadbirlariga homiylik qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Qayd etish joiz, joriy yilning 27-29 iyun kunlari Toshkent shahrining Taras Shevchenko ko‘chasida pivo festivali o‘tkazildi. Ammo ushbu festival haqida hech kim izoh bermadi va kim tomonidan o‘tkazilgani-yu, kim bunga ruxsat bergani ham ochiqlanmadi. 

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi o‘rinbosari Feruza Muhammedjonova esa ushbu festivalni keskin tanqid qilib chiqdi. Muhammedjonovaga ko‘ra, pivo festivaliga o‘zbek OAVlari umuman munosabat bildirmagan, lekin rus OAVlarida ushbu tadbir faol ravishda yoritilgan. 

“O‘zbek jamiyatida ham spirtli ichimliklar festivallari ochiqchasiga, ommaviy shovqin va reklama bilan o‘tkazilyapti”, degan Muhammedjonova. 

U, shuningdek, daraxt kesish mavzusi haqida hamma gapirgani, ammo ushbu festival haqida hech kim miq etmaganini qo‘shimcha qilgan. 

“Daraxt kesishga isyon, pivo festivaliga sukunat!!!” degan “Milliy tiklanish” partiyasi a’zosi.


Maqola muallifi

Teglar

Alisher Qodirov Milliy tiklanish pivo festivali

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing