Amerikalik jangchi o‘z mag‘lubiyatiga pul tikkani uchun UFC'dan chetlatildi
Sport
−
04 noyabr 5953 2 daqiqa
Amerikalik jangchi Isaak Dulgaryan UFC ro‘yxatidan chiqarildi. Bu qaror sportchini Yadiyer Del Valle bilan jangida o‘zining mag‘lubiyatiga pul tikkanlikda gumonlangandan atigi ikki kun o‘tib qabul qilindi. Bu haqda ESPN nashri xabar berdi.
Joriy yilning 1 noyabr kuni Las-Vegasda bo‘lib o‘tgan UFC Fight Night musobaqasida yengil vazn toifasida jang qilgan Dulgaryan birinchi raundda Del Vallega mag‘lub bo‘lgan edi. Pul tikish faoliyatini kuzatib boruvchi Integrity Compliance 360 (IC360) firmasi jangdan bir necha kun avval mijozlarini “Del Vallega g‘ayrioddiy miqdorda garovlar qo‘yilayotgani” haqida ogohlantirgan.
“Ko‘plab professional sport tashkilotlari singari, biz ham pul tikish faoliyatining halolligini kuzatish uchun mustaqil tashkilotlar bilan hamkorlik qilamiz. IC360 har bir UFC tadbiridagi garovlarni tahlil qiladi va 1 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan Dulgaryan – Del Valle jangi bilan bog‘liq faktlarni batafsil o‘rganmoqda. Biz bu da’volarni juda jiddiy qabul qilamiz, chunki jangchilarning xavfsizligi va sportning halolligi biz uchun eng ustuvor qadriyatdir”, deyiladi UFC rasmiy bayonotida.
Ma’lumotlarga ko‘ra, jang oldidan Del Vallega katta summalarda garovlar tikilgan. Ayrim bukmekerlar shubhali faollik sababli bahsni vaqtincha to‘xtatgan. Caesars Sportsbook esa joriy yilning 1 noyabr kungi kechqurun Dulgaryan foydasiga tikilgan barcha garovlarni qaytarib berishini e’lon qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiya futbol federatsiyasi (TFF) prezidenti Ibrohim Hojiosmano‘g‘li hakamlar orasida keng ko‘lamli o‘yinlarga pul tikish faoliyatini aniqlagandan so‘ng federatsiyasiya 149 nafar hakam va yordamchi hakamni aybdor deb topgan va ularning faoliyatini to‘xtatgan edi.
Live
Barchasi