Aybdorlarga qat’iy javobgarlik ko‘rilishi shart – Bolalar ombudsmani bog‘chalardagi zaharlanish haqida
3-sahifa
−
27 Sentabr 5553 3 daqiqa
Avvalroq, Toshkent viloyatining Piskent, Bo‘ka, Oqqo‘rg‘on va Quyi Chirchiq tumanlaridagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyalanayotgan bolalar ommaviy zaharlangani haqida xabar berilgan edi. Mazkur holat bo‘yicha Bolalar ombudsmani dastlabki o‘rganish natijalarini e’lon qildi.
Qayd etilishicha, ta’lim muassasalarida bolalar ommaviy zaharlanishi holatlari bolaning sog‘lig‘ini saqlash huquqini ta’minlanlash monitoringi doirasida Bolalar ombudsmani tomonidan alohida nazoratga olinadi va o‘rganiladi. O‘rganishlar ko‘rsatmoqdaki, bolalar ovqatlanishi xavfsizligini ta’minlashga oid qonunchilik talablari va belgilangan standartlarga rioya etmaslik bu borada nazorat mexanizmlarining yetarlicha samarali yo‘lga qo‘yilmagani oqibatida bolalar salomatligiga zarar yetish holatlari yuzaga kelmoqda.
Toshkent viloyatining qator tumanlaridagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida yuz bergan salbiy vaziyat aynan shundan dalolat beradi.
“Albatta, tergov organlari tomonidan holatga to‘liq huquqiy baho berilib, barcha aybdor shaxslarga qonun doirasida qat’iy javobgarlik choralari ko‘rilishi shart. Shu bilan birga, bunday noxush holatlarning oldini olish, jumladan, ta’lim muassasalarida bolalarni ovqatlanishi xavfsizligini ta’minlash maqsadida sohani tartibga soluvchi standartlarga rioya qilinishi ustidan alohida qat’iy sifat nazorati o‘rnatilishi lozim”, deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, bunday sifat nazorati mexanizmi bolalar ovqatlanishiga oid xizmatlarni ko‘rsatish tizimini doimiy monitoring qilish orqali amalga oshirilishi kerak. Xususan, xizmat ko‘rsatuvchi (autsorser) korxonalar o‘z faoliyatida sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga muvofiq olib borayotgani, oziq-ovqat mahsulotlarining belgilangan talablarga javob berishi va boshqa standartlarga rioya etish darajasi doimiy o‘rganilishi kerak.
Shuningdek, bolalar ovqatlanishiga oid xizmatlarni ko‘rsatishga oid shartnomalar tuzishda inson omilini minimallashtirish orqali korrupsiyaviy xavflarni bartaraf etish zarur. Yana bir muhim preventiv chora – bolalar uchun sifatsiz oziq-ovqat mahsulotlarni yetkazib bergan sub’ektlarning mazkur faoliyat bilan qayta shug‘ullanishiga yo‘l qo‘ymaydigan qat’iy mexanizm joriy etish hisoblanadi.
Bola huquqlari bo‘yicha vakil tomonidan bolalar ovqatlanishi xavfsizligi sohasidagi muammolarni o‘rganish natijalari va ularni bartaraf etish yuzasidan takliflar mutasaddi idoralarga taqdim etiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ushbu holat ortidan Toshkent viloyati IIBB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 257-1-moddasi (sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari boshlangandi.
Dastlabki taxminlarga ko‘ra, bolalar sog‘lig‘idagi o‘zgarishlarga sifatsiz sut mahsulotlari sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Maktabgacha ta’lim tashkilotlariga shu kuni olib borilgan 3,2 foizli kefir mahsuloti Oqqo‘rg‘on tumanidagi sexlarning birida ishlab chiqarilgani aniqlangan.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov ma’lum qilishicha, jami 1922 nafar, shu jumladan, bemor bolalar bilan muloqotda bo‘lgan boshqa bolalar ham tibbiy ko‘rik bilan qamrab olingan, ulardan 959 nafarida hech qanday klinik belgilar bo‘lmagani uchun darhol uylariga javob berib yuborilgan. Qolaversa, 269 bolaga davolanishdan so‘ng uyiga javob berilgan. Hozirgi kunda esa Toshkent viloyatidagi shifoxonalarda 694 bola davolanmoqda. Mutaxassislarning fikricha, ularning 13 nafari o‘rtacha og‘ir ahvolda.
Live
Barchasi