“Barselona”ning transferlardan qolgan qarzlari miqdori ochiqlandi
Sport
−
10 Oktabr 2505 2 daqiqa
Ispaniyaning “Barselona” jamoasi hali ham Ferran Torres, Rafinya va Robert Levandovskiy transferlari bo‘yicha sobiq klublaridan 159 million yevro qarzdor. Bu haqda jamoaning 2024-2025 yilgi moliyaviy hisobotiga tayanib, “Goal” nashri xabar berdi.
Nashrning yozishicha, kataloniyaliklar so‘nggi yilda deyarli 1 milliard yevro daromad olgan bo‘lsa-da, qisqa muddatli qarzlar va kechiktirilgan to‘lovlar klubning moliyaviy barqarorligini tiklash yo‘lida muammolar mavjudligini ko‘rsatmoqda. Hisobotga ko‘ra, “Barselona” keyingi yilga qadar 140 million yevro qarz to‘lashi kerak bo‘ladi.
Umumiy hisobda klubning boshqa jamoalar oldidagi qarzi 159,1 million yevroni tashkil etadi, shundan 140,6 million yevro qisqa muddat ichida to‘lanishi lozim.
“Barselona”ning qarzlari tafsilotlari:
- “Lids Yunayted” – Rafinya transferi uchun 41,9 million yevro;
- “Bavariya” – Robert Levandovski uchun 20 million yevro;
- ·“Sevilya” – Jyul Kunde uchun 24,5 million yevro;
- ·“Manchester Siti” – Ferran Torres uchun 13,3 million yevro;
- “Real Betis” – Emerson Royal uchun 8 million yevro.
Shuningdek, “Jirona”, “Valensiya”, “Sporting” va “Renn” kabi klublar bilan ham kichikroq to‘lovlar bo‘yicha hisob-kitoblar to‘liq yakunlanmagan. Bu “Barselona”ning moliyaviy majburiyatlari Yevropa bo‘ylab qancha keng tarqalganini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, hisobotda “Barselona”ning boshqa klublardan 64,1 million yevro miqdorida pul olishi kerakligi qayd etilgan.
Jumladan:
- “Portu” – Niko Gonsales transferi uchun 6,7 million yevro;
- “Al-Ahli” – Frank Kesse uchun 4,1 million yevro;
- “Shaxtyor” – Marlon uchun 3,1 million yevro.
Boshqa klublar – “Braga”, “Chelsi” va “Real Betis” bilan ham kichikroq miqdordagi to‘lovlar bo‘yicha hisob-kitoblar mavjud. Hatto bu qarzlar to‘liq qoplangan taqdirda ham, “Barselona” umumiy hisobda 100 million yevrodan ortiq qarz bilan qoladi.
Mutaxassislar bu holatni zamonaviy futbol tizimidagi kechiktirilgan transfer to‘lovlariga ortiqcha tayanish oqibati sifatida baholamoqda. Rejalashtirilgan to‘lovlar kechiksa yoki amalga oshmasa, bu klublarni, jumladan “Barselona”ni ham jiddiy moliyaviy bosim ostida qoldiradi.