Bir necha oy ichida JCHga to‘liq tayyor bo‘lamiz – Meksika Prezidenti 

Sport

image

Meksika Prezidenti Klaudiya Sheynbaum 2026 yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionati uchun mamlakatda olib borilayotgan infratuzilma loyihalari turnir boshlanishiga qadar to‘liq yakunlanishini ma’lum qildi. Bu haqda ESPN nashri xabar berdi.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, federal hukumat Mexiko xalqaro aeroportidagi ikkita terminalni ta’mirlash uchun 489 million dollar sarmoya kiritmoqda. Shuningdek, Mexiko shahridan taxminan 30 mil uzoqlikda joylashgan Santa-Lusiyadagi Felipe Anxeles xalqaro aeroporti bilan poytaxtni bog‘laydigan poyezd liniyasi qurilishi ham yakunlanish arafasida.

“Bu nafaqat eng zo‘r futbolni tomosha qilish vaqti, balki butun dunyoga kimligimizni ko‘rsatish fursati. Meksika ulkan madaniy merosga ega, tarixiy davrni boshdan kechirayotgan mamlakat. Biz bir necha oy ichida to‘liq tayyor bo‘lamiz”,  deydi Sheynbaum.

2026 yilgi Jahon chempionatining jami 13 ta o‘yini Meksikada o‘tkaziladi. Ularning 5 tasi Mexiko shahrida, qolgan 8 tasi esa Gvadalaxara va Monterreyda bo‘lib o‘tadi.
Sheynbaumning aytishicha, boshqa federal loyihalar ham Meksikaning shimolidagi Monterrey va g‘arbiy Gvadalaxarada amalga oshirilmoqda. Bu loyihalarga oid batafsil ma’lumotlar kelgusi haftalarda e’lon qilinadi.

Jahon chempionati ochilish o‘yiniga mezbonlik qiladigan “Asteka” stadioni ta’mirlash uchun vaqtincha yopilgan. Stadionga sarmoya xususiy kompaniya tomonidan kiritilmoqda, ammo loyiha tafsilotlari hozircha oshkor etilmagan.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Meksika uchta mezbon shahar bo‘ylab 5,5 milliondan ortiq mehmonni kutmoqda. Sheynbaum bu jarayon mamlakat iqtisodiyotiga sezilarli ijobiy ta’sir ko‘rsatishini alohida ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026 yil AQSH, Kanada va Meksikada o‘tkaziladigan futbol bo‘yicha Jahon chempionati o‘yinlariga bir milliondan ortiq chipta sotilgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Jahon chempionati Klaudiya Sheynbaum Meksika Prezidenti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing