Bog‘chalardagi zaharlanish ortidan shifoxonada qolayotgan bolalar soni aytildi (video)
3-sahifa
−
29 Sentabr 3832 2 daqiqa
Avvalroq, Toshkent viloyatining Piskent, Bo‘ka, Oqqo‘rg‘on va Quyi Chirchiq tumanlaridagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyalanayotgan bolalar ommaviy zaharlangani va ushbu ish ortidan bir nechta autsorsing xizmatini ko‘rsatuvchi xususiy korxonalarning mas’ul shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar berilgandi. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov hozirda shifoxonada qolayotgan bolalar haqida ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, bugun, 29 sentyabr soat 12:00 holatida Toshkent viloyatidagi shifoxonalarda davolanayotgan bolalar soni 38 nafarni tashkil etmoqda. Ularning ahvoli barqaror, kasallik yengil shaklda kechmoqda. Og‘ir yoki asoratli holatlar qayd etilmagan. Barcha tarbiyalanuvchilar shifokorlarning doimiy nazoratida. Ularga zarur tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. Davolash jarayoni respublika miqyosidagi yetakchi mutaxassislar ishtirokida tashkil etilgan.
“Ota-onalarga bolalar salomatligi to‘g‘risida axborot berib borilmoqda. Yaqin kunlarda qolgan bolalarga ham uylariga javob berilishi kutilmoqda. Vaziyat to‘liq barqaror. Sog‘ayish jarayoni ijobiy dinamika bilan davom etyapti. Davlat organlari va tibbiyot muassasalari ushbu holatni doimiy nazoratda ushlab turibdi”, deydi Nurmat Otabekov.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq mazkur ish ortidan bir nechta autsorsing xizmatini ko‘rsatuvchi xususiy korxonalarning mas’ul shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 257-1-moddasi (sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar berilgan edi. Tergov ishini sinchkovlik bilan, to‘la va sifatli o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida jinoyat ishi Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olingan hamda Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari Bahriddin Valiyev rahbarligida maxsus ishchi guruh tuzilgan.
Oldinroq, bolalar sog‘lig‘idagi o‘zgarishlarga sifatsiz sut mahsulotlari sabab bo‘lishi mumkinligi haqida aytilgandi. Maktabgacha ta’lim tashkilotlariga olib borilgan 3,2 foizli kefir mahsuloti Oqqo‘rg‘on tumanidagi sexlarning birida ishlab chiqarilgani aniqlangan.
Live
Barchasi