Braziliyaning 27 yilga qamalggan sobiq prezidenti hibsga olindi
Olam
−
22 noyabr 2225 2 daqiqa
Braziliyaning sobiq prezidenti, davlat to‘ntarishiga urinish uchun 27 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan Jair Bolsonaru mamlakatni tark etishga urinib ko‘rishi mumkinligi sababli hibsga olindi. U uy qamog‘ida edi. Bu haqda “Bloomberg” bugun, 22 noyabr kuni xabar berdi.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Braziliya Oliy sudi sudyasi Aleksandr de Morayes o‘z qarorida “Bolsonaruning Braziliyadagi chet el elchixonasidan boshpana izlashga urinishining haqiqiy xavfi borligini” ta’kidlagan. Uni hibsga olish qarori sobiq prezidentning to‘ng‘ich o‘g‘li, senator Flavio Bolsonaru tarafdorlarini otasini qo‘llab-quvvatlash uchun oqsoqol Bolsonaru uy qamog‘ida bo‘lgan qarorgoh oldida miting o‘tkazishga chaqirganidan keyin qabul qilingan.
“Bloomberg” shuningdek, Bolsonaru ishini ko‘rayotgan sudyalar hay’ati himoyachining hukm ustidan shikoyatini rad etganini ta’kidladi. Sobiq prezidentning advokatlari uning yoshi va sog‘lig‘ini inobatga olib, unga jazoni uy qamog‘ida o‘tashga ruxsat berishni so‘ragan. Biroq uning hibsga olinishiga qaramay, agentlik xulosasiga ko‘ra, sudyalar yaqin orada bu masalani ko‘rib chiqishi mumkin.
Bolsonaruning advokati “Reuters”ga hibsga olish sabablarini tushuntirmadi. Vaziyatdan xabardor manba uni uy qamog‘ida saqlash shartlari buzilgani uchun “profilaktika chorasi” sifatida baholadi.
Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, sobiq prezident o‘z raqibi, amaldagi Prezident Luis Inasiu Lula da Silvaning saylanishiga aralashishga uringan.
11 sentyabr kuni Bolsonaru mamlakatning amaldagi rahbari Luis Inasiu Lula da Silvaga qarshi davlat to‘ntarishiga urinishda ayblanib , 27 yil-u 3 oyga ozodlikdan mahrum etildi. Bu muddatning 24 yil 9 oyi qamoq jazosidan iborat bo‘lib, yopiq tartibda o‘taladi, qolgan 2,5 yili esa uy qamog‘i shaklida belgilangani aytilmoqda. O‘sha kuni AQSH Davlat kotibi Marko Rubio Qo‘shma Shtatlar Bolsonaruga o‘qilgan hukmga javoban javob choralarini ko‘rishini e’lon qildi. Keyinchalik Braziliya Tashqi ishlar vazirligi Rubioning tahdidlariga javob berib, bunday so‘zlar mamlakatni qo‘rqitmasligini aytdi.
17 sentyabr kuni siyosatchiga teri saratoni tashxisi qo‘yilgani xabar qilingandi. Shifokorning so‘zlariga ko‘ra, o‘smalar uning ko‘kragi va qo‘lida joylashgan.
Bolsonaru 2019 yildan 2023 yilgacha prezident lavozimida ishlagan, undan keyin hokimiyatga Lula da Silva kelgan. 2023 yilning yanvarida Bolsonaru tarafdorlari saylov natijalariga norozilik bildirib, Braziliya shahrida hukumat binolarini egallashga uringan, biroq politsiya ularni bostirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Amerika rahbari Donald Tramp Braziliyadagi sobiq prezident Jair Bolsonaruga qarshi sud ishi boshlangani uchun mamlakatga bojlar bilan tahdid qilgan edi. Tramp Bolsonaruni o‘zining ittifoqchisi deb biladi va unga nisbatan olib borilgan sudni adolatsizlik deb atagan.
Live
Barchasi