Rossiya o‘zbekistonliklarni o‘tga tashlashda davom etmoqda — Rossiyaga bormang 6

Tahlil

Rossiyaning Ukrainaga bosqinchilik yurishi boshlangandan to bugungacha dunyo siyosiy maydonida misli ko‘rilmagan o‘zgarishlar yuz berdi. Kuchlar muvozanati eski qobig‘idan mutlaqo chiqib ketdi. Kreml so‘nggi 25 yil davomida misqollab yiqqan obro‘sini chelaklab to‘kib yubordi. Uning vazni, postsovet hududidagi ta’siri inqirozga uchradi. Umuman olganda, juda ko‘p narsalar o‘zgardi. Ammo faqat bir narsa “eski tos eski hammom”ligicha qoldi. Bu – Rossiyaning davlat darajasida mehnat muhojirlariga bo‘lgan munosabati. Rasmiy Moskvaning pul topish ilinjida ham o‘z moliyaviy ahvoliga, ham Rossiya mehnat bozoriga ko‘mak beradigan muhojirlarni sariq chaqaga ilmaslikda davom etishida hech qanday o‘zgarish yo‘q. Hatto bu holat o‘zining eng chirkin ko‘rinishi va cho‘qqisiga chiqib, Rossiyaning mehnat muhojirlarini odam o‘rnida ko‘rmaslik borasidagi asl basharasini yanada ochib tashladi. 

Ayniqsa, bu vaziyat boshqa davlatlar, bo‘lib ham o‘ziga ittifoqchi bo‘lganlarning fuqarolarini ochiqdan ochiq bosqinga jalb qilish kabi o‘ta manfur qadamlarda namoyon bo‘lmoqda. Bu esa nafaqat inson huquqlarini, balki unga qo‘shib o‘sha davlatlarni o‘zini ham bir tiyinga olmaslik, teng ko‘rmaslikdan  boshqa narsa emas. Bosqinchi uchun bu oddiy voqelik, mazkur g‘ayriqonuniy va g‘ayriinsoniy harakatlar unga yarashaveradi. Ammo o‘zga davlat fuqarolarini yem-xashak sifatida bosqinga tashlashni hech qanaqasiga qabul qilib bo‘lmaydi. Ayniqsa, u davlat o‘ziga ittifoqchi bo‘lsa. Kulguli ittifoqchilik to‘g‘rimi? 

Bu o‘z o‘rniga, bugun bu haqda gaplashmoqchi emasmiz. E’tboringiz markazida yana QALAMPIR.UZ'ning “Rossiyaga bormang” nomli seriyali ko‘rsatuvining navbatdagi soni. Yaqin daqiqalar ichida allaqachon ko‘pchilik uchun og‘riqli bo‘lib ulgurgan – Rossiyaning Ukrainadagi bosqiniga majburlab yoki o‘z xohishi bilan jlab qilinganlar haqida so‘z yuritiladi. Putin va uning to‘dasiga tortiladigan qonli tushlik menyusidagi o‘zbekistonliklar soni kun sayin oshayotgani haqida bayon qilamiz.

O‘zbekistonliklar bosqinda peshqadam

O‘zbekistonliklar Putinning Ukrainadagi shavqatsiz bosqinida chetdan yollanganlar ichida “karvonboshi”lik qilayotgani ochiqlandi. Aslida O‘zbekiston bilan bog‘liq ushbu o‘ziga xos “antirekord” joriy yil yozdayoq urib bo‘lingandi. Bu dahshatli raqamlar yil boshidan buyon ko‘pchilikni xayratga solib kelmoqda. Ukrainada faoliyatini boshlagan “Xochu jit”, ya’ni “Yashashni xohlayman” nomli loyihadan ko‘pchilikning allaqachon xabari bor. Bu loyiha Ukraina Mudofaa vazirligi va Bosh razvedka boshqarmasi ko‘magida tashkil etilgan. “Yashashni xohlayman” loyihasi asosan Rossiya tomonidan yollangan va bosqinda jon taslim qilgan yoki bedarak yo‘qolgan chet el fuqarolarining ro‘yxatini shakllantirib, ular haqida ma’lumotlar yig‘ish bilan shug‘ullanadi. Uning joriy yil aprel oyidan buyon har chorakda chiqaradigan ma’lumotlari tarmoqlardagi o‘zbek segmentining e’tiborini tortgan. 

Dastlab, joriy yil aprel oyi oxirida “Yashashni xohlayman” tomonidan Ukrainaga bosqinda qatnashish uchun Rossiya bosqinchi kuchlari bilan shartnoma imzolagan 1110 nafar O‘zbekiston fuqarosining ism-sharifini e’lon qilingandi. O‘shanda ushbu loyihaning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida e’lon qilingan xabarda bu ro‘yxat faqat fuqarolarni hisobga olgani, ammo qolgan etnik o‘zbeklar ham inobatga olinsa, raqamlar yanada kattarishi ta’kidlangan. Taxminan bir necha ming nafargacha. Aprel oyidagi ro‘yxatda kamida 109 kishining o‘lgani qayd etilgan. O‘shanda ularning eng kichigi 21 yoshga ham to‘lmagani, yollanganlarning aksariyati, shartnoma imzolangandan keyingi dastlabki kunlardanoq vafot etgani ma’lum qilingan. Shuningdek, “Xochu jit” loyihasi Rossiya Qurolli Kuchlari safiga o‘zbekistonliklarni yollash mexanizmi Tojikistonnikiga juda o‘xshash ekanini qo‘shimcha qilib, Markaziy Osiyodan borganlarni reydlar va deportatsiya tahdidlari orqali shartnomaga imzo chekishga ko‘ndirib kelayotganini ta’kidlagan. Ukraina rasmiy idoralarining o‘zaro hamkorligida tashkil qilingan ushbu loyiha O‘zbekiston tomoni bosqinga yollanib, ortga tirik qaytganlarga mamlakat milliy qonunchiligida belgilangan tartibda jazo bermayotganini iddao qilib, bunday amaliyotni to‘xtatishga chaqirgan. Bundan tashqari, ular rasmiy Toshkentni mazkur harakatlarga chek qo‘yib, Kiyevga yordam qilishga ham chaqirgan.

“Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi boshidanoq O‘zbekiston hukumati o‘z fuqarolarini chet el qo‘shinlari safiga qo‘shilmaslikka chaqirgan bo‘lsa-da, davlatning yollanma askarlarga nisbatan siyosati ko‘plab savollarni tug‘dirmoqda. Mahalliy qonunlarga ko‘ra, yollanish jinoyat hisoblanib, 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. 2023 yildan beri mahalliy sudlar Rossiya Qurolli Kuchlari yollanma askarlariga bir nechta hukm chiqardi, lekin ularning aksariyati... shartli jazo yoki ozodlikni cheklash! Ayblanuvchi o‘nlab ukrainaliklarni o‘ldirganini tan olsa ham. O‘zbekistonliklarni Rossiya armiyasi safiga jalb qilish masalasida Kremlning rasmiy Toshkentga ta’siri yaqqol ko‘zga tashlanishiga qaramay, biz O‘zbekiston Respublikasi hukumatini jinoiy amaliyotlarga berilishni bas qilishga chaqiramiz va ularga chek qo‘yishda yordamga umid qilamiz”, deyiladi xabarda.

Shundan so‘ng, oradan ko‘p o‘tmay, Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati mahalliy OAVlarga “Yashashni xohlayman” loyihasi tomonidan e’lon qilingan ro‘yxat tegishli idoralar bilan birga ko‘rib chiqilayotgani va bu bo‘yicha choralar ko‘rilishi haqida ma’lum qilgan.

Ikkinchi ro‘yxat

Tashqi ishlar vazirligi va O‘zbekistonning Rossiyadagi diplomatik vakolatxonalari doimiy tarzda chetdagi fuqarolarni o‘zga davlatning harbiy harakatlarida ishtirok etganlik uchun jinoiy javobgarlik borligi haqida ogohlantirib keldi. Ammo Rossiyadagi jamoat joylarida, jamoat transportlarida, metrolarda bosqinga jalb etish uchun o‘zbek tilida olib borilgan ochiqdan ochiq rasvo harakatlar uchun Rossiya tomonining o‘ziga ham bir og‘iz norozilik bildirilgani haqida xabarimiz yo‘q. Balki shu boisdan joriy yil iyul oyida “Yashashni xohlayman” loyihasi tomonidan chop etilgan keyingi ro‘yxatda yana salkam ming nafar o‘zbekistonlikning ismi-sharifi o‘rin oldi. Yoz o‘rtasida shakllantirilgan yangi ro‘yxatda Ukrainaga qarshi bosqinda qatnashish uchun Rossiya Qurolli kuchlari bilan shartnoma imzolagan 902 nafar O‘zbekiston fuqarosining shaxsi e’lon qilindi. Unda Rossiya avvalgidek, asosan migrantlarni yuqori maoshli ish bilan aldab jalb qilayotgani ta’kidlangandi. Unga ko‘ra, ular qurilishda yoki armiyaning orqa bo‘linmalarida ishlashi aytilib, keyinchalik frontga tashlab yuborilayotgani haqida so‘z borardi.

Biroq “Yashashni xohlayman” loyihasining bu baynotida nihoyat bosqinga yollanish tashabbusi faqat mehnat muhojirlarining o‘zidan emas, balki Rossiyaning bosimi va qistovi bilan amalga oshirilayotgani aytildi. O‘shanda Rossiya qamoqxonalarida jazo o‘tayotgan shaxslar tahdid va psixologik bosim ostida bosqinga majburlab yuborilayotgani qo‘shimcha qilib o‘tilgandi. Bundan tashqari, migrantlarni “shantaj” yo‘li bilan shartnoma imzolashga majburlash boshlangani ham o‘shandayoq tilga olina boshlagan. Chunki esingizda bo‘lsa, mazkur ro‘yxat elon qilinishida oldinroq Rossiya Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikin yaqinda 5 mingdan ortiq reydlar o‘tkazilgani, natijada 90 ming kishi “tutib olingani”, ulardan 30 ming nafari esa shartnoma imzolab, urushga yuborilgani bilan maqtangan. Iyul oyida e’lon qilingan xabarda shu kungacha Rossiyaning Ukrainadagi bosqinida 33 davlat fuqarolari asirga tushgani qayd etilgan. Ammo eng achinarlisi ularning eng ko‘pi O‘zbekiston fuqarolariga to‘g‘ri kelishi qo‘shimcha qilingandi.

Uchinchi ro‘yxat

Yaqin yaqingacha “Yashashni xohlayman” loyihasining ro‘yxatlaridagi o‘zbekistonliklarga bo‘lgan munosabat faqat bir tomonlama edi. Ular o‘z xohishi bilan Rossiya fuqaroligi, uy-joy va mo‘maygina pul evaziga bosqinga qo‘shilgan degan taxmin asosiy planda edi. Ammo so‘nggi voqealar va asl haqiqatlar yollanishga nisbatan qarashlarni tubdan o‘zgartirib yubordi. Ya’ni majburlash, shantaj qilish, tuxmat va asossiz ayblov bilan qo‘lga olingan himoyasiz mehnat muhojirlari ham yetarlicha topilishi asta-sekin ayon bo‘ldi. Dastlab “Vyorstka” nashri mazkur qing‘ir yo‘llar orqali majburan shartnoma imzolatilayotgani haqida xabar bergandi. Tez orada ijtimoiy tarmoqlar o‘zi xohlamagan tarzda bosqinga tashlanib, keyinchalik o‘ligi qaytib kelgan yosh o‘zbek yigitlarining qismati bilan to‘lib toshdi. QALAMPIR.UZ ham bu mavzuga doir qator videomateriallar e’lon qildi. 

Ammo afsuski, biz so‘z yuritgan va yoritgan mavzudagi yigit masalasi hali ham hal etilmadi. 23 yoshli surxondaryolik yigit hanuzgacha front chizig‘idan bir qadam narida. Ona esa har kuni murojaat qilishdan to‘xtagani yo‘q. Ko‘rinib turibdi, ayni damda bunday yordamga muhtoj yigitlar anchani tashkil qiladi. Chunki oktyabr oyi oxirida “Yashashni xohlayman” loyihasi yana yangi ro‘yxatni e’lon qildi. Ammo bu galgi ro‘yxatda faqat halok bo‘lgan yoki bedarak yo‘qolgan O‘zbekiston fuqarolarining ism-sharifi e’lon qilindi. Ularning soni 481 nafar. “Yashashni xohlayman” bayonotida esa yana o‘sha ayanchli jumlalar. Ya’ni halok bo‘lgan va bedarak yo‘qolganlarning haqiqiy soni bir necha baravar ko‘p bo‘lishi mumkin va O‘zbekiston hamon Rossiya Qurolli kuchlarida xorijiy yollanma askarlar soni bo‘yicha dunyo miqyosida yetakchilik qilmoqda. Ular Putin bosqinida Rossiya uchun “yem” bo‘lishda davom etmoqda.

“Biz Ukrainaga qarshi jang qilgan yoki jang qilayotgan kamida 2715 nafar O‘zbekiston fuqarosining ismlarini bilamiz va ularning soni yildan-yilga ortib bormoqda. 2023 yilda 498 nafar o‘zbekistonlik, 2024 yilda esa yana 941 nafar o‘zbekistonlik shartnoma imzolagan. 2025 yilning dastlabki olti oyida Rossiya Qurolli kuchlari bilan urushga qariyb 1300 nafar o‘zbekistonlik fuqaro ketgan. Iltimos, e’tibor bering, bular faqat bizda ishonchli ma’lumotlarga ega bo‘lganlargina xolos”, deyiladi loyiha xabarida.

Shavqatsiz ro‘yxat

“Yashashni xohlayman” tomonidan e’lon qilingan ro‘yxatlarda o‘zbeklar asosan “yefreyter” va “ridavoy” kabi boshlang‘ich harbiy darajalarda ekanini ko‘rish mumkin. Ammo achinarlisi shundaki, ularning ayrimlari hatto “kichik leytenant” unvonini olishga ham ulgurgan. Biroq eng daxshatlisi bu emas. Rossiyaning o‘ta ketgan chirkin va insoniylikni chetga surib qo‘ygan bosqin siyosatining asl basharasi o‘zbeklarnig bu ro‘yxatida 2006 yilda tug‘ilgan 18-19 yoshli yigitlarning borligida namoyon bo‘ladi. Endigina bolalagi tugagan, shaxs sifatida shakllanish jarayoniga qadam qo‘yganlar ham bu ro‘yxatdan o‘rin olgan. Joriy yil iyul oyida ham, so‘ngra oktyabr oyidagi so‘nggi ro‘yxatda ham 2006 yilda tug‘ilganlarni uchratish mumkin.

Endi kechmi?

Bugun Rossiyadagi o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining aksariyati Putinning Ukrainadagi bosqiniga majburlab olib ketilayotgani endi sir emas. Ammo bunga qarshi qanday chora ko‘rilmoqda, ularni qaytarish uchun Rossiya bilan jiddiy muzokaralar olib borilmoqdami yoki holatga jimgina ko‘z yumib ketilmoqdami, bular hozircha noma’lum. O‘z xohishi bilan bu bosqinga qo‘shilayotganlar masalasi unchalik ham qiyin emasdi. Tirik qaytgudek bo‘lsa, ularni ortda mahkama kutardi. Lekin endichi. Majburlab olib ketilganlarga qanday chora ko‘riladi? Yetkazib berish xizmatida ishlab, yonidan o‘zi ham bilmaydigan taqiqlangan modda chiqib, tuxmatga uchragan, 10 yillik qamoq jazosi bilan tahdid qilinib, keyinchalik shartnoma imzolashga majburlanganlar masalasi qanday hal etiladi? Bu savollar hozircha ochiq. Eng yomoni, ularni ortga qaytarish endi kechikkan bo‘lishi ham ehtimoldan holi emas. 

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yil hisobiga 1.8 million o‘zbekistonlik Rossiyaga qadam qo‘ygan. Aksariyati mehnat qilish vaji bilan borgan bunday katta raqamdagi o‘zbeklar Rossiya uchun oson o‘ljaga aylanishda davom etmoqda. Ular Putinning qonli menyusidagi eng yengil hazm qilinishi mumkin bo‘lgan xo‘rakka aylangani achinarli. Shu bois o‘zga davlatga qarshi bosqin harakatlarini olib borayotgan mamlakatga borish bugun eng yomon qarorlardan biri bo‘lishi mumkin. Biz esa shunchaki “Rossiyaga bormang” degancha ushbu nom ostidagi ko‘rsatuvining navbatdagi sonini yakunlaymiz.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya O'zbekiston Putin Ukraina OAV Markaziy Osiyo Kiev bosqinchilik Aleksandr Bastrikin Yashashni xohlayman

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing