DXX yerni noqonuniy pullayotganlarni qo‘lga oldi (video)
3-sahifa
−
24 Oktabr 4403 1 daqiqa
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Surxondaryo viloyatida yer maydonlarini noqonuniy sotish holatlariga chek qo‘yildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Xususan, Surxondaryo viloyatining Bandixon tumanida yashovchi, 1987 yilda tug‘ilgan shaxs chorvachilik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqaroning ishonchiga kirib, tuman hokimligi zaxirasida bo‘lgan 3,5 gektar yer maydonini yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 1 mlrd 500 mln so‘m talab qilgan. O‘tkazilgan tezkor tadbirda u so‘ralgan pul mablag‘idan 110 ming dollar va 100 mln so‘m olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida kuzatilgan holatda esa, Qo‘ng‘irot tumanida qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkor Amudaryo tumanida yashovchi, 1983 yilda tug‘ilgan shaxsning ishonchiga kirib, aslida boshqa bir fuqaroga quyonchilikni rivojlantirish uchun Taxiatosh tumani hududidan ajratib berilgan 169 gektar yer maydonini go‘yoki o‘ziga tegishli ekanini aytgan va uning 50 gektar qismini har gektarini 1000 dollardan jami 50 ming dollarga sotishini ma’lum qilgan. Ammo tadbikor so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda har ikki holat yuzasidan ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida 50 sotix yerni 4 mln dollarga sotmoqchi bo‘lgan firibgarlar ushlangandi.
Live
Barchasi