Dunyoning eng qimmat universitetlari o‘ntaligi
Bu qiziq
−
26 iyul 14227 6 daqiqa
Dunyoda nafaqat nufuzi va akademik imkoniyatlari, balki to‘lov narxlari bo‘yicha ham yuqori reytinglarda turuvchi universitetlar mavjud. Mazkur oliygohlar talabalari qimmat to‘lovlar bunday ta’lim va imkoniyatlarga arziydi, deb hisoblaydi. Ushbu maqolada dunyodagi eng qimmat universitetlar, ularning imkoniyatlari va mashhur bitiruvchilari haqida so‘z boradi.
1. Kolumbiya universiteti – yillik to‘lov 65 ming AQSH dollari

1754 yili tashkil topgan Nyu-York shahridagi eng qadimiy oliy ta’lim muassasasi 1896 yilda qaynoq shahar hayotidan charchab, chetroqqa ko‘chib o‘tgan va Kolumbiya universiteti deb nomlana boshlagan. Yashil o‘rmon ichidagi bu universitetda talaba bo‘lish nafaqat katta pul, balki chuqur bilim ham talab qiladi. AQSHda birinchi bo‘lib tibbiyot diplomi bergan mazkur universitetda, shuningdek, jurnalistika, huquq va iqtisod kabi yo‘nalishlarda ham tahsil olish mumkin.

AQSHning 44-prezidenti Barak Obama va AQSH Oliy sudining sobiq sudyasi Rut Beyder Ginzburg kabi mashhur siyosatchilar Kolumbiya universiteti bitiruvchilari hisoblanadi.
2. Kaliforniya texnologiya instituti (Caltech) – yillik to‘lov 64,8 ming AQSH dollari

Dunyodagi eng qimmat universitetlardan biri bo‘lgan Caltech AQSHning Kaliforniya shtatidagi quyoshli Pasadina shahrida joylashgan aqlli odamlar maskanidir. Oltita turli akademik bo‘limga ega ushbu universitet talabalari qora tuynuklardan falsafagacha bo‘lgan hamma narsani o‘rganadi. Bu yerda bor-yo‘g‘i 2 mingga yaqin asosan magistratura darajasidagi talaba koinot sirlarini o‘rganadi. Intel, Compaq va Hotmail kabi yirik kompaniyalar mualliflari ham shu yerda o‘qigan. Bundan tashqari, Kaliforniyadan Gavayigacha o‘rnatilgan teleskoplar universitetni yulduz kuzatuvchilar uchun haqiqiy jannatga aylantiradi.

Magistrantlar asosan aerokosmik muhandislik, fizika, kompyuter fanlari kabi yo‘nalishlarda tahsil oladi. Nobel mukofoti sovrindori, kimyogar Laynus Poling va Nobel mukofoti sovrindori, fizik Kip Torn kabi olimlar ham mazkur oliygoh bitiruvchilari sanaladi.
3. Chikago universiteti – yillik to‘lov 63,7 ming AQSH dollari

1890 yilda asos solingan ushbu ilmiy maskan Chikagoning Hayd-park tumanida joylashgan. 125 yildan ortiq vaqt davomida ilmiy izlanish va intellektual erkinlikni targ‘ib qilib kelayotgan ushbu universitet bitiruvchilarining naqd 98 tasi Nobel mukofoti sovrindorlariga aylangan.

7 mingdan ortiq talabalar iqtisodiyot, siyosatshunoslik va biznes yo‘nalishlarida tahsil oladi.
4. Harvi Madd kolleji – yillik to‘lov 63 ming AQSH dollari

1955 yilda tashkil topgan mazkur oliygoh hozirgi darajaga kelgunicha yetarlicha qiyinchiliklarga duch kelganki, hatto ochilganiga ikki yildan oshgan paytda 7 nafar o‘qituvchi bor yo‘g‘i 48 talabaga dars berar edi. Bugun esa u dunyodagi eng qimmat bilim dargohlaridan biri va aql egalari maydoniga aylangan. Harvi Madd o‘qitish uslubi murakkab bo‘lib, amaliy ilmiy tadqiqotlarga asoslanadi. Bitiruvchilarga faqat bilim emas, balki iqtisodiy ustuvorlik ham kafolatlanadi. Shu sababli u dunyodagi eng qimmat universitetlardan biriga aylangan.

Universitetda asosan kompyuter fanlari, matematika va fizika yo‘nalishlarida bilim beriladi.
5. Kaliforniya san’at kolleji (CCA) – yillik to‘lov 57 ming AQSH dollari

1907 yilda Berkli shahrida asos solinib, keyinchalik Oklendga ko‘chirilgan Kaliforniya san’at kolleji 2022 yilda San-Fransisko kampusi bilan birlashib ijodiy bilim markaziga aylangan. 1 ming 619 talabaga ega bo‘lgan CCA san’at, arxitektura, dizayn va xattotlikda nazariya va amaliyotni uyg‘unlashtiradi. Maskan madaniyat va jamiyatni shakllantirishga urg‘u berib, ijodkorlik, xilma-xillik, barqarorlik va ijtimoiy mas’uliyat kabi qadriyatlarni targ‘ib qiladi.

Boshqa qimmat oliygohlardan farqli o‘laroq qabul shartlari juda qat’iy emas. Nomdor nufuzi tufayli ushbu oliygoh bitiruvchilari karerasining dastlabki davrlaridayoq o‘rtacha 29 ming dollar maosh bilan arzirli daromadga erisha oladi. Bundan tashqari, animatsiya, video grafikasi, sanoat va mahsulot dizayni hamda kompyuter grafikasi kabi zamonaviy kasblar ham o‘rgatiladi.
6. Parsons dizayn maktabi – yillik to‘lov 55 ming AQSH dollari

Nyu-York shahrining Grinvich Villaj hududida joylashgan va 1896 yildan buyon faoliyat yuritayotgan Parsons xususiy san’at va dizayn maskani an’anaviy san’at ta’lim dargohlaridan bezganlar uchun ayni muddao. Keng qamrovli ta’lim muassasasi hisoblangan Parsonsning boshqalardan ajralib turadigan jihati bu – real hayotga asoslangan o‘qitish yondashuvidir. Shu sababli u AQSHdagi eng yaxshi dizayn maktabi sanaladi va dunyo bo‘yicha eng kuchli uchlikka kiradi. Shuning uchun dunyodagi eng qimmat universitetlardan biri sifatida tan olinadi.

U yerda talabalarga moda dizayni, interer dizaynerligi va fotografiya yo‘nalishlarida bilim beriladi. Kiyim, sumka va poyabzal brendi DKNY asoschisi, moda dizayneri Donna Karan va mashhur moda dizayneri Mark Jeykobs kabilar ushbu san’at oliygohi bitiruvchilari hisoblanadi.
7. Melburn universiteti – yillik to‘lov mahalliy talabalar uchun 9,7 ming; xalqaro talabalar uchun 33 mingdan 45 ming AQSH dollarigacha

Melburn shahri yuragida joylashgan bu universitet Avstraliyaning eng nufuzli oliygohlaridandir. U bugungi ro‘yxatdagi eng qimmat universitetlardan biri ham hisoblanadi. 1853 yilda tashkil etilgan Melburn Avstraliyadagi ikkinchi eng qadimiy universitetdir. 52 mingdan ortiq talaba tahsil oladigan ushbu universitet kampuslari butun Viktoriya shtatida joylashgan bo‘lsa-da, asosiy kampus Melburnning markaziy Parkville hududida. Avstraliyadagi eng qimmat bu universitet 100 dan ortiq ilmiy-tadqiqot markazlari bilan atrof-muhitni saqlash, iqtisodiyotni barqarorlashtirish kabi katta muammolarga qarshi kurashishga bel bog‘lagan.

Melburnda asosan huquq, tibbiyot va psixologiya yo‘nalishlarida ta’lim beriladi. Avstraliya sobiq bosh vaziri Juliya Gillard va Nobel mukofoti sovrindori, immunolog Piter Doxerti kabilar aynan ushbu oliygoh bitiruvchilari sanaladi.
8. Oksford universiteti – yillik to‘lov mahalliy talabalar uchun 9,2 ming; xalqaro talabalar uchun 30 mingdan 40 ming funt sterlinggacha

Angliyaning Oksford shahrida joylashgan Oksford universiteti nafaqat dunyodagi eng qimmat, balki eng qadimiy va mashhur oliygohlardandir. 39 ta kollej va 5 ta katta zaldan iborat mazkur universitet hududini sarguzashtlar shaharchasi deb atasa ham bo‘ladi.

Oksford asosiy e’tiborni ilmiy tadqiqotlarga qaratadi: 70 ta ilmiy bo‘lim va juda ko‘p sonli loyiha va dasturlar mavjud. Yevropa ilmiy tadqiqotlar universitetlari ligasi va Xalqaro ilmiy universitetlar ittifoqi a’zosi hisoblangan mazkur oliygoh o‘ziga talaba tanlashda yaxshigina talab va shartlarga ega. U yerda asosan, matematika, huquq va tibbiyot yo‘nalishlarida bilim beriladi.
Buyuk Britaniya sobiq bosh vaziri Tereza Mey va AQSHning 42-prezidenti Bill Klinton kabi mashhur siyosatchilar mazkur universitet bitiruvchilari sanaladi.
9. London imperial kolleji – yillik to‘lov mahalliy talabalar uchun 31 ming; xalqaro talabalar uchun 39 ming funt sterling

London imperial kolleji global miqyosda tanilgan va kuchli o‘nlikdagi universitetlardan biri hisoblanadi. Bu universitet faqat mashhur emas, balki har doim dunyodagi eng yaxshi universitetlar qatorida bo‘ladi. U ilm-fan, muhandislik, tibbiyot va biznes sohalarida yetakchilik qiladi.

Universitet ayollarning fan, texnologiya, muhandislik va matematika sohalaridagi faoliyatini qo‘llab-quvvatlovchi STEM mukofotiga ega. To‘rt akademik bo‘lim orqali muhandislikdan tortib biznesgacha bo‘lgan yo‘nalishlarni qamrab olgan London imperial kollejida o‘quv yili uch semestrdan iborat.
10. Kembrij universiteti – yillik to‘lov mahalliy talabalar uchun 9,2 ming; xalqaro talabalar uchun 35 ming funt sterling

1209 yilda asos solingan Kembrij universiteti – Buyuk Britaniya yuragida joylashgan ilmiy marvarid. 145 ta mamlakatdan kelgan 20 mingdan ortiq talaba tahsil olayotgan va 31 ta alohida kollejdan tashkil topgan bu joyda do‘stona raqobat hukmron.
Bugunga kelib Kembrij bitiruvchilarining 121 tasi Nobel mukofotiga egalik qiladi. Bu uni eng qimmat universitetlardan biriga aylantiradi. Universitet bitiruvchilari orasida olim, shoir, rassom, siyosatchi va qirollik oilasi a’zolari bor.
Talabalarga asosan, matematika, iqtisodiyot va huquq yo‘nalishlarida dars beriladi.
Butun olam tortishish qonunini kashf qilgan olim Isaak Nyuton, “atom bombasining otasi” deb nomlangan Robert Oppengeymer va boshqa ko‘plab mashhur shaxslar ham mazkur universitet bitiruvchilari hisoblanadi.
Oliy ta’lim olish ancha qimmatga tushishi mumkin, lekin buning uchun turli stipendiya va ta’lim krediti kabi ko‘plab moliyaviy yordam variantlari mavjud.
Shuningdek, AQSH, Buyuk Britaniya va Kanada kabi ko‘pgina davlatlarda xalqaro talabalar uchun yarim kun ishlashga ruxsat etiladi. Bu barcha xarajatlarni qoplamasligi mumkin, lekin qo‘shimcha daromad va tajriba beradi.
Maqola so‘nggidagi xulosa shunday: agar ta’lim besh yulduzli mehmonxona bo‘lganida, bu universitetlar samoviy manzarali pentxaus bo‘lgan bo‘lardi.
Live
Barchasi