Elektr energiyasining narxi past darajada oshirildi – Jamshid Qo‘chqorov (video)

Jamiyat

image

Bosh vazir o‘rinbosari, Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov O‘zbekistonda elektr energiyasi past darajada oshirilganini ma’lum qildi. Bu haqda u bugun, 3 iyun kuni Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisidagi Davlat byudjeti ijrosi muhokamasida so‘z ochdi.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 7,6 millionta elektr energiyasi iste’molchilari bor. Shundan 70 foizi oyiga 300 kVt/soatgacha tok ishlatadi.

Qo‘chqorovning ta’kidlashicha, tariflar kam miqdorda oshganiga qaramay, ijtimoiy himoya masalalariga e’tibor qaratilgan. Masalan, kam ta’minlangan oilaning oylik daromadi jon boshiga 1 milliondan kam bo‘lsa, 200 kVtgacha ishlatilgan elektr energiyasi to‘lovi bazaviy me’yor doirasida bo‘ladi.

“Tariflar oshirilishida hech qanday jiddiy masala yo‘q. Agar bir oila oyiga 300 kVt/soat tok iste’mol qilsa, to‘lov miqdori avvalgidan 20 ming so‘mga oshadi, ya’ni 180 so‘mdan 200 ming so‘mga. Respublikada mobil aloqa xizmati uchun bitta abonent kamida 35 ming so‘m to‘laydi. Bir oilada uchta telefon bor. Energiya tariflari past miqdorda oshirilgan bo‘lishiga qaramay, ijtimoiy yordam masalalari ham ko‘zda tutilyapti”, degan u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 500 kVt/soat elektr iste’mol qilganlar avval qancha to‘lagan bo‘lsa, hozir ham xuddi shu narxni to‘laydi.

“200 kVt/soatgacha bo‘lgan elektr energiyasi tarifi 450 so‘mdan 600 so‘mga oshirildi. Bunda iste’molchi avvalgidan 30 ming so‘m ko‘proq to‘laydi. Ammo 201 kVtdan 500 kVtgacha bo‘lgan narx 900 so‘mdan 800 so‘mga pasaytirildi. O‘rtacha oila oyiga 500 kVt/soat elektr iste’mol qildi deylik. Narx pasaygani hisobiga uning oylik xarajati o‘zgarmaydi. Ya’ni u oldin 500 kVt uchun 360 ming so‘m to‘lagan bo‘lsa, hozir ham shuncha to‘laydi”, degan vazirlik rahbari.

 

Ma’lumot uchun, energiya resurslarining tariflari joriy yilning 1 may kunidan oshirilishi bo‘yicha qaror qabul qilingan edi. Elektr energiyasi bo‘yicha bazaviy tarif stavkasi 200 kVt soatgacha elektr energiyasi ishlatilganda 450 so‘mdan 600 so‘mga oshirildi. 201 kVtdan 500 kVt soatgacha bo‘lsa, tarif 900 so‘mdan 800 so‘mga kamaytirildi. 501-1000 kVtgacha bo‘lsa, 900 so‘mdan 1000 so‘mga oshirildi.  

Eslatib o‘tamiz, bugungi chiqishida Jamshid Qo‘chqorov tashqi qarz masalasiga ham alohida to‘xtalgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda ichki infratuzilmani tashkil etish va saqlash, iqtisodiy o‘sishni ta’minlash uchun iqtisodiy ta’minot zarur va shuning uchun tashqi qarz jalb qilinadi hamda buning uyatli joyi yo‘q.


Maqola muallifi

Teglar

Jamshid Qo'chqorov elektr energiyasi Qonunchilik palatasi Iqtisodiyot va moliya vaziri

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing