Endi mashinaga gaz ballon o‘rnatgandan keyin “texpasport”ni almashtirish shart emas (video)

Jamiyat

image

Joriy yilning 1 noyabridan boshlab avtomobilga gaz ballon o‘rnatilganidan so‘ng “texpasport” (avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnoma)ni almashtirish talab etilmaydi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 16 sentyabrdagi “Respublikaning hudud, soha va tarmoqlarida raqamli texnologiyalar joriy etilishini yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarorida so‘z boradi.

Unga ko‘ra, 1 noyabrdan boshlab transport vositasiga gaz balloni o‘rnatilganiga oid ma’lumotlarni elektron shaklda yuritish orqali transport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish guvohnomasini qayta rasmiylashtirish tartibi bekor qilinadi.

Qayd etish joiz, joriy yilning sentyabr oyi oxirida O‘zbekistondagi gaz quyish shoxobchalari va fuqarolar xavfsizligi hamda hisob-kitoblar shaffofligini ta’minlovchi UGaz tizimi ishga tushirilgan. Ushbu tizim orqali har bir gaz quyish shoxobchasida jarayonlar real vaqt rejimida qayd etiladi. Bu esa:

  • qo‘lda hisob-kitob olib borish zaruriyatini kamaytiradi;
  • noqonuniy holatlarning oldini oladi;
  • jarayon shaffofligini ta’minlaydi;
  • iste’molchilar uchun xavfsizlik darajasini oshiradi.

Shuningdek, avtomashina gaz quyish shoxobchasiga kirganda uning texnik ko‘rikdan o‘tganligi avtomatik tarzda tekshiriladi. Agar texnik ko‘rik muddati tugagan bo‘lsa, tizim operatorga xabar beradi. Shuningdek, agar yoqilg‘i turi mos kelmasa yoki ballon ro‘yxatdan o‘tkazilmagan bo‘lsa, tizim bu haqda ham operatorni shu joyning o‘zida ogohlantiradi. AGTSHK, haydovchi va yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlaydi.


Maqola muallifi

Teglar

gaz ballon texpasport

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing