Farg‘onada buyruqni bajargani uchun ishdan olingan direktor lavozimiga tiklandi
Jamiyat
−
13 yanvar 12667 2 daqiqa
Avvalroq, Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanidagi maktabda o‘qituvchilar tun-u kun navbatchilikda turishga majbur qilinayotgani, buning ortidan tuman hududidagi 37-umumta’lim maktabi direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi bo‘lib ishlab kelayotgan X.N. viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining buyrug‘iga asosan vazifasidan ozod etilgani haqida xabar berilgandi. Keyinroq esa o‘qituvchilarni tun-u kun navbatchilikka jalb qilishi topshirig‘ini vazirlikning o‘zi bergani ma’lum bo‘ldi. Vazirlik topshirig‘ini bajargani uchun ishdan olingan mazkur direktor lavozimiga qayta tiklandi. Bu haqda Davlat mehnat inspeksiyasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Buvayda tumanidagi 37-sonli umumta’lim maktabi direktorining ishdan chetlatilishi bilan bog‘liq holat Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan o‘rganib chiqilgan.
O‘rganish jarayonida Farg‘ona viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan mehnat qonunchiligi talablari buzilgan holda maktab direktori lavozimidan ozod etilgani aniqlangan. Inspeksiya tomonidan berilgan yozma ko‘rsatmaga asosan, boshqarmaning 2026 yil 6 yanvardagi 1-k-sonli buyrug‘i bekor qilingan.
O‘zi nima bo‘lgan edi?
Joriy yil boshida ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanidagi maktabda o‘qituvchilar tun-u kun navbatchilikda turishga majbur qilinayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Keyinroq holat yuzasidan viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi munosabat bildirdi va 37-umumta’lim maktabi direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi bo‘lib ishlab kelayotgan X.N. tomonidan pedagogik jamoaga ularning lavozim majburiyatiga kirmaydigan vazifa yuklangani – amaldagi tartiblarga zid ravishda navbatchilik qilishlari talab etilgani aniqlangani ma’lum qilindi. Shuningdek, viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining 6 yanvardagi buyrug‘iga asosan ushbu maktabi direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi X.N. vazifasidan ozod etildi.
Shundan so‘ng o‘qituvchilarni tun-u kun navbatchilikka jalb qilishi topshirig‘ini vazirlikning o‘zi bergani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda ta’lim muassasalariga yuborilgan topshiriq xati ijtimoiy tarmoqlarda tarqladi. Unda 2025 yil 25 dekabrdan 2026 yil 5 yanvarga qadar 24 soatlik uzluksiz navbatchilikni va hududiy shtablar faoliyatini yo‘lga qo‘yish so‘ralgan.
Live
Barchasi